9. O’smirlar submadaniyatining muhim belgisi? A) Modaga rioya qilish.
B) O’smirlar huquqlarini himoya qilish.
C) Raqsga tushish.
D) Qoshiq aytish.
10. Shahar qanday asosiy belgilar bilan tavsiflanadi? A) Shaxslararo muloqotda qisqa muddatli, yuzaki aloqalarning ustunligi.
B) Aholining uncha katta bo‘lmagan hududiy birligi.
C) Oila uning a’zolari uchun o‘ta emotsional ahamiyat kasb etishi va ayni vaqtda oiladan tashqari faol muloq.ot
D) Hamma javoblar to’g’ri.
O‘zini o‘zi nazorat qilish uchun savollar va topshiriqlar: 1. Hozirgi jamiyatdagi ijtimoiylashuv muammolarini yoritib bering?
2. Jamiyatning iqtisodiy rivojlanish darajasi uning a’zolari ijtimoiylashuviga ta’sir ko‘rsatishini misollarda isbotlab bering?
3. Tarbiya sohasida davlat siyosatining mohiyatini ochib bering?
4. Davlat tarbiya tizimining unsurlariga tavsif bering?
5. Inson hayoti va uning rivojlanishiga ommaviy axborot vositalari qanday ta’sir ko‘rsatadi?
6. O’smirlar submadaniyatining xususiyatlariga tavsif bering?
7. O’z shahringizda submadaniyat vakillariga duch kelganmisiz?
8. Shahar va qishloq turmush tarzining xususiyatlari nimada namoyon bo‘ladi? Ular ijtimoiylashuv jarayoniga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
6-MAVZU: IJTIMOIYLASHUVNING MIKROOMILLARI Reja: 1. Oila va oilaviy tarbiya. 2. Hozirgi oila tiplari, oila demografiyasi. 3. Oilaning ijtimoiylashtiruvchi funksiyalari. 4. Ijtimoiy muhit tarbiya mikroomili sifatida.
Tayanch iboralar: Hozirgi oila, oila funksiyalari, oilaviy tarbiya, qo‘shnichilik, tengdoshlar guruhlari.
Mashg‘ulotning maqsadi: Oila, hozirgi oilalarning tiplari, oila funksiyalari, tarbiya mikroomili sifatidagi ijtimoiy muhit haqida tasavvurni shakllantirish
1.Oila va oilaviy tarbiya. Har bir inson hayotida oila alohida o‘rin egallaydi. Oilada bola voyaga yetadi, o‘z hayotining ilk yillaridan boshlab u insoniy munosabatlar me’yorlarini o‘zlashtiradi, yaxshilik va yomonlikning farqiga boradi. Voyaga yetgach, bolalar oilada o‘z ota-onasining oilasida ko‘rganlarini takrorlaydilar.
Oila jamiyatning ijtimoiy bo‘g‘ini sifatida qaraladi. Oilaning holati davlatning holatini belgilaydi. Oilada ota-ona va farzandlar ma’naviy rishtalar bilan bog‘lanadi. Jamiyatning ma’naviy madaniyat darajasi oiladagi ma’naviy madaniyat darajasi bilan belgilanadi. Oilaning iqtisodiy ahvoli davlatning iqtisodiy ahvoliga bog‘liq bo‘ladi.
Oila - bu nikohga yoki qon-qarindoshlik aloqalariga (ona va bolalar) asoslangan kichik guruh bo‘lib, uning a’zolari kundalik hayot, o‘zaro ma’naviy mas’uliyat va o‘zaro yordam rishtalari vositasida bir-biri bilan bog‘lanadi.
Oila ijtimoiy funksiyani amalga oshirar ekan, shaxsni uning madaniy, ijtimoiy va ma’naviy darajasiga qarab shakllantiradi. Oiladagi sharoitlar, kundalik hayot xususiyatlari, oilaning ko‘payishi - bularning barchasi davlatning ijtimoiy siyosati bilan belgilanadi.
Oilada ijtimoiylashuv oila tarkibiga bog‘liq bo‘ladi. Bugungi kunda buvalar va buvilar yashaydigan katta oilalar soni kamayib bormoqda. Oilada shaxsning ijtimoiylashuvi oiladagi munosabatlarga, ota-onaning obro‘siga va ular oilaning boshqa a’zolariga o‘z hukmini o‘tkaza olishiga bog‘liqdir. Oilaning hozirgi holatiga jamiyatda yuz berayotgan barcha o‘zgarishlar: bilimlar, texnologiyalarning yangilanishi, axborot ayirboshlash jarayonlari ta’sir ko‘rsatadi.
“Oila - ijtimoiy institut” degan klassik ta’rif oilani nikohdagi kishilar birlashmasi sifatida tavsiflaydi. Nikoh — erkak va ayol o‘rtasidagi munosabatlarning tarixan o‘zgaruvchi ijtimoiy shakli. Nikoh oila qurish, farzand ko‘rish va uni tarbiyalash maqsadida er-xotinlik, qarindoshlik huquqlari va burchlarini belgilaydi. Ayol va erkak nikohga kirayotganida nikoh shartnomasi tuziladi va u qonun doirasida er-xotinning mulkiy munosabatlarini tartibga soladi. Nikohga kirish uchun ikki tarafning roziligi talab etiladi.
Respublikamizda mavjud nikoh institutining xususiyatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
• har bir fuqaro faqat bir ayolga uylanishi yoki bir erkakka turmushga chiqishi mumkin;
• nikohdan chiqish erkinligi davlat tomonidan nazorat qilinadi;
• ota-ona bolalarni tarbiyalashga majbur;
• oila a’zolariga moddiy va ma’naviy madad ko‘rsatish majburiyati;
• onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Oiladagi o‘zaro munosabatlar oila mavjudligining omillaridan biri hisoblanadi. Oiladagi o‘zaro munosabatlar muloqot an’analariga, iqtisodiy va ijtimoiy holatga, oilaning jamiyatga qaramligiga, xo‘jalik yuritishda er-xotinning ishtirokiga, oila tipiga (ko‘p bolali, bolasiz), qarindoshchilik xususiyatiga bog‘liqdir. Oilaning rivojlanishi bir necha bosqichdan o‘tadi. Birinchi bosqich — oila qurish, bunda yosh er-xotin ko‘pincha katta oiladan ajralib chiqadi. Ikkinchi bosqich - bola tug‘ilishi, bunda oila ikki avlod vakillaridan tarkib topadi. Uchinchi bosqich - uch avlod vakillaridan iborat oila, ya’ni voyaga yetgan farzandlar oila quradilar. To‘rtinchi bosqich - bolalar alohida oilalarda qo‘nim topgach, ota-ona nafaqaga chiqadi. Bu davrda oiladagi birdamlik mustahkamlanadi. Beshinchi bosqich — oila a’zolari haqida g‘amxo‘rlik davri, chunki ular yordamga muhtoj bo‘ladilar. G‘amxo‘rlik majburiyati o‘rta avlod vakillari zimmasiga tushadi. Keksa yoki kasal ota-ona haqida g‘amxo‘rlik qilish - oila mazkur bosqichining bosh vazifasi. Bu yerda ko‘proq stresslar yuz beradi va munosabatlarda keskinlik yuzaga keladi. Katta avlod vakillari o‘lishi bilan oiladagi rollar o‘zgaradi, yetakchi rollar keyingi avlod vakillariga o‘tadi. Ijtimoiy xodimning vazifasi - avlodlarning hamjihatligi va birdamligiga e’tiborni qaratish.
Oila kollektivizmi tushunchasi mavjud bo‘lib, u oiladagi munosabatlarga bog‘liq bo‘ladi. Bu yerda er-xotinning raqobati mavjud bo‘lmaydi, oilaning har bir a’zosi bir-biriga g‘amxo‘rlik qiladi va o‘z mas’uliyatini his etadi, bolalar kattalarga yordam beradilar, byudjet muammolari bahamjihat hal qilinadi. Bunday oilani yaratish oilaning katta a’zolari ta’siri bilan belgilanadi, ya’ni bolalar oiladagi an’nalarga va munosabatlar me’yorlariga rioya etadilar. Oiladagi munosabatlarga ota-onaning ishlab chiqarishdagi yutuqlari, ularning ijtimoiy hayotdagi roli va maqomi ta’sir ko‘rsatadi.