[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.02.00.00 Fan / 13.02.01.00 Umumiy qoidalar]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Fan va ilmiy faoliyat]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-son Farmoni ijrosini ta’minlash, hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish hamda ularning ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 166-bandida:
hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish, ularning ilmiy salohiyatini oshirish, soddalashtirilgan tartibda yoshlarning ilmiy va startap loyihalarini moliyalashtirish maqsadida ilmiy dasturni amalga oshirish uchun ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari mablag‘lari hisobidan 50,0 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi;
yoshlar uchun e’lon qilinadigan startap loyihalari tanlovi talablarining soddalashtirilgan tizimi ishlab chiqilishi;
2021-yildan boshlab iqtidorli yoshlar o‘rtasida “Akademik harakatchanlik” dasturi va “Bo‘lajak olim” tanlovi tashkil qilinishi;
stajor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirilishi;
iqtidorli yoshlarning ilmiy g‘oyalarini rag‘batlantirish, ularning xorijiy universitetlar va ilmiy markazlarga qisqa muddatli stajirovkalari tashkil etilishi;
yoshlarga ilmiy tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, vazirlik, idora va tashkilotlar huzuridagi ilmiy tuzilmalardagi zamonaviy ilmiy asbob-uskunalardan foydalanish huquqi berilishi nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida respublikadagi yosh olimlar o‘rtasida tanlovlarni tashkil qilish muddati va tartibi, loyihalarga qo‘yilgan talablar, loyihalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruh faoliyatini tashkil etish, loyihalarni ko‘rib chiqish, tanlab olish va amalga oshirish, shuningdek, ularni moliyalashtirish va monitoringini yuritish tartibini nazarda tutuvchi “Akademik harakatchanlik” dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
ilmiy g‘oya, ilmiy va startap loyihalarni shakllantirish va ularni ko‘rib chiqib, tanlab olish, tanlov komissiyasi faoliyatini tashkil etish, loyihalarni moliyalashtirish va monitoring qilish tartibini nazarda tutuvchi “Bo‘lajak olim” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, tanlovni o‘tkazish uchun maxsus ekspert guruhi faoliyatini tashkil etish, tanlov g‘oliblarini stajirovkaga yuborish, stajirovkalarni moliyalashtirish, uning yakuni bo‘yicha hisobot taqdim etish tartibini nazarda tutuvchi Yosh olimlarni yetakchi ilmiy tashkilotlarda qisqa muddatli ilmiy stajirovkalar o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
“Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida respublika hududidagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar va laboratoriyalarga qisqa muddatli stajirovkalarni amalga oshirish xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirish uchun ajratilgan budjet mablag‘lari doirasida tegishli shartnomaga asosan moliyalashtiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi 2021-yildan boshlab “Bo‘lajak olim” tanlovini tashkil etish va moliyalashtirish uchun har yili ilmiy faoliyatga oid davlat dasturi doirasida ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 50 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ ajratadi;
iqtidorli yoshlarni xorijiy oliy ta’lim muassasalar va ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli stajirovkalarini moliyalashtirish tegishli moliya yili uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlarining prognoz parametrlarida nazarda tutiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Akademik harakatchanlik” dasturini amalga oshirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlov natijalariga muvofiq g‘oliblarga taqsimotga asosan ilmiy tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, vazirlik, idora va tashkilotlar huzuridagi ilmiy tuzilmalarning zamonaviy asbob-uskunalaridan foydalanish huquqi beriladi;
stajor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturaga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qabul kvotasi, qoida tariqasida, tegishli o‘quv yili uchun tasdiqlangan oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga qabul qilish umumiy parametrlarining 30 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;
mazkur qaror ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi, 2022-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:
2021-yildan boshlab har yili kamida bir marotaba respublikadagi ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlar o‘rtasida “Bo‘lajak olim” va “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida tanlovlarni tashkil etsin;
iqtidorli yoshlarni xorijiy oliy ta’lim muassasalar va ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli stajirovka o‘tashga davriy ravishda, tanlov asosida, har yili kamida bir marotaba yuborishni tashkil etsin;
tashkil etiladigan tanlovlar g‘oliblari tomonidan taqdim etilgan loyihalarni bajarish jarayoni, kalendar ish rejasi amalga oshirilishini doimiy nazorat qilib borish choralarini ko‘rsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O.M. Umarov va O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-aprel,
222-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qaroriga
1-ILOVA
“Akademik harakatchanlik” dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, jumladan ularga vazirlik, idora va tashkilotlar tizimidagi ilmiy tashkilot va oliy ta’lim muassasalarining noyob ilmiy obyektlari, zamonaviy ilmiy laboratoriya va tajriba-konstruktorlik byurolaridan tekin foydalanish huquqini berish bo‘yicha “Akademik harakatchanlik” dasturini (keyingi o‘rinlarda — “Akademik harakatchanlik” dasturi) shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi: