“Akademik harakatchanlik” dasturi — yosh olimlarning o‘z ish joyidan ajralmagan holda, O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘tkaziladigan ilmiy tadbirlarda ishtirok etish, ilmiy-tadqiqot ishi bo‘yicha loyihalarni (keyingi o‘rinlarda — loyiha) amalga oshirish, shuningdek, tajriba almashishni nazarda tutuvchi dastur;
yosh olim — ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanayotgan ilmiy darajasi, unvoni, lavozimi va ish joyidan qat’i nazar, 40 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
qabul qiluvchi tashkilot — noyob ilmiy obyektlari, ilmiy asbob-uskunalar, ilmiy laboratoriyalar va tajriba-konstruktorlik byurolariga ega bo‘lgan, loyiha amalga oshirilishi nazarda tutilgan ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari;
ishchi guruh — O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) tuziladigan “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida respublikadagi yosh olimlar o‘rtasida tanlovlarni o‘tkazish, nomzodlar to‘g‘risida xulosa olish hamda ushbu jarayonni muvofiqlashtirish ishlarini tashkil etuvchi guruh.
2-bob. Tanlov tashkil etish tartibi
3. “Akademik harakatchanlik” dasturini bir oydan kam (15 kalendar kundan kam bo‘lmagan) bo‘lgan muddatda amalga oshirishga ishchi guruhning ijobiy xulosasi asosida ruxsat beriladi.
4. Vazirlik “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida respublikadagi yosh olimlar o‘rtasida har yili kamida bir marotaba tanlov (keyingi o‘rinlarda — tanlov) tashkil qiladi.
5. “Akademik harakatchanlik” dasturi olti oygacha bo‘lgan davr mobaynida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
6. Vazirlik tanlov boshlanishidan kamida bir oy oldin o‘z rasmiy veb-saytida tanlov to‘g‘risida e’lon beradi. Unda arizalarni shakllantirish, ro‘yxatdan o‘tkazish va topshirish tartibi, muddati va talablari ko‘rsatiladi.
7. Nomzodlar tanlovda ishtirok etish uchun o‘zi faoliyat yuritayotgan ilmiy tashkilot yoki oliy ta’lim muassasasining yo‘llanma xati orqali loyihani Vazirlikka taqdim etadi.
8. Loyihada quyidagilar nazarda tutilgan bo‘lishi lozim:
ilmiy-tadqiqot ishining obyekti, predmeti, maqsad va vazifalari, kutilayotgan ilmiy natijalar;
nashr etgan ilmiy ishlari ro‘yxati (mavjud bo‘lsa);
qabul qiluvchi tashkilot tomonidan Vazirlik nomiga taqdim etilgan rozilik xati;
ilmiy laboratoriya yoki tajriba-konstruktorlik byurolarida ilmiy-tadqiqot olib borishning zarurati, muddati va zarur uskuna, material va reaktivlar.
9. Nomzodlarning loyihalari ular faoliyat yuritayotgan muassasalarning ilmiy yoki ilmiy-texnik kengashlari tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
10. Nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati nomzodning ilmiy rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
11. Loyihaga nomzodning ma’lumotnoma-obyektivkasi (anketa), fuqarolik pasporti yoki identifikatsiya ID kartasi nusxasi, 3x4 sm o‘lchamdagi oq fondagi 2 dona rangli fotosurati ilova qilinadi.
12. Tanlovga loyiha hujjatlarini taqdim etish muddati tugagandan so‘ng taqdim etilgan loyihalar ko‘rib chiqilmaydi.
13. Loyihalarni shakllantirish va ularni ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqish hamda tanlab olish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
3-bob. Ishchi guruh faoliyatini tashkil etish tartibi
14. Vazirlik tomonidan har yili tanlovlar o‘tkazilishidan kamida bir oy oldin loyihalarni ko‘rib chiqish uchun ishchi guruh tuziladi.
15. Ishchi guruh o‘z yo‘nalishida kamida 2 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan yuqori malakali (turli vazirlik, idoralar, ilmiy va ilmiy tadqiqot muassasalaridan ham kelishuv asosida jalb etilishi mumkin) kamida 7 nafar toq sonli a’zolardan iborat tarkibda tuziladi. Ishchi guruhga raislik qilish vazifasi vazir o‘rinbosari darajasidagi rahbarga yuklatiladi.
Bunda ishchi guruh raisi, zarur hollarda, tor ixtisoslashuvdagi qo‘shimcha mutaxassislarni (shu jumladan, ishlab chiqarish tashkilotlari mutaxassislarini) loyihalarni ko‘rib chiqish jarayoniga jalb qilishi mumkin.
16. Ishchi guruh yig‘ilishi, unda uning a’zolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.
Yig‘ilishni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, ishchi guruhning yig‘ilishi o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi.
Ishchi guruhning a’zolari o‘z yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda o‘z vakolatini boshqalarga o‘tkazish huquqiga ega emas.
17. Ishchi guruh yig‘ilishida qabul qilingan qaror yig‘ilish bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma ishchi guruh a’zolari orasidan tanlab olingan kotib tomonidan imzolanadi hamda yig‘ilishga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi.
18. Bayonnoma asosida g‘olib va rad etilgan nomzodlar bo‘yicha natijalar Vazirlik veb-saytida joylashtiriladi hamda innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘i qabul qilingandan so‘ng g‘olib nomzodlarning loyihalari amalga oshiriladi.
4-bob. Loyihalarni ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqish va tanlab olish tartibi
19. Tanlov doirasida loyihalar qabul qilinishi yakunlangandan so‘ng 20 kun muddat ichida ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqiladi va tanlab olinadi.
20. Ishchi guruh tomonidan nomzodlarning loyihalar himoyasi (taqdimot ko‘rinishida) o‘tkazilib, yakuniy xulosaga kelinadi.
21. Loyiha quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
loyiha mavzusining mamlakat fan va texnologiyalarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga mosligi — 15 ballgacha;
loyiha mavzusining yangiligi va dolzarbligi — 15 ballgacha;
noyob ilmiy obyektlar, ilmiy laboratoriya va tajriba-konstruktorlik byurolarida o‘tkaziladigan tajribalardan kutilayotgan natijalarning ilmiy samaradorligi — 15 ballgacha;
nomzod tomonidan taqdim etilgan Loyihani amalga oshirish kalendar ish rejasining puxta ishlab chiqilganligi — 25 ballgacha;
Loyihani amalga oshirish uchun talab etiladigan xarajatlarning asoslanganligi — 15 ballgacha;
nomzodning ilmiy darajasi — 15 ballgacha (fan doktoriga 15 ball, falsafa doktoriga 10 ball va izlanuvchiga 5 ball).
22. Loyihalar ishchi guruh qarori bilan 50 dan yuqori ball to‘plagan nomzodlar g‘olib deb topilishi mumkin.
23. Tanlov g‘oliblariga sertifikat beriladi.
Sertifikatning amal qilish muddati loyihaning amalga oshirish muddatlari bilan bir xil davrda belgilanadi.
5-bob. G‘oliblar tomonidan loyihalarni amalga oshirish tartibi
24. Vazirlik tomonidan “Akademik harakatchanlik” dasturini amalga oshirish bo‘yicha tanlov natijalariga muvofiq g‘oliblarga kelishuvga asosan qabul qiluvchi tashkilotlar tomonidan asossiz ravishda loyihaning rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
25. Vazirlik loyihaning amalga oshirish kalendar rejasini qabul qiluvchi tashkilot bilan kelishilgan holda tasdiqlanishini ta’minlaydi.
26. G‘olib yosh olim tomonidan loyihani amalga oshirish jarayonida qabul qiluvchi tashkilotga quyidagi majburiyatlar yuklatiladi:
loyihani amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
ushbu jarayonga ilmiy rahbar (maslahatchi) tayinlash;
noyob ilmiy obyektlar, ilmiy laboratoriya va tajriba-konstruktorlik byurolarining ilmiy asbob-uskunalaridan foydalanish uchun mutaxassis biriktirish;
loyiha doirasida dala yoki sanoat tajribalarini o‘tkazishga ko‘maklashish;
mavjud axborot-resurs bazalari, kutubxonalar va ilmiy fonddan foydalanish imkoniyatini yaratish;
ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini tahlil qilish va hisobotlar tayyorlashda ko‘maklashish;
tegishli kafedralarda (bo‘limlarda) loyihaning olib borilishi yuzasidan ilmiy xodim hisobotlarni ko‘rib chiqish va zarur yo‘llanmalar berib borish.
27. Qabul qiluvchi tashkilot tomonidan tayinlangan ilmiy rahbar (maslahatchi)ning vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
g‘olib yosh olim bilan birgalikda loyihani amalga oshirish kalendar ish rejasini ishlab chiqish va uning o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish;
g‘olib yosh olimga ilmiy-tadqiqot ishini olib borishi uchun zarur bo‘lgan maslahatlar berib borish;
loyihani amalga oshirish jarayonlari qayd etilgan jurnalni tasdiqlab borish.
28. G‘olib yosh olimning majburiyatlari quyidagilardan iborat:
qabul qiluvchi tashkilotning ichki mehnat tartibi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish;
qabul qiluvchi tashkilotning moddiy-texnika bazasidan oqilona va samarali foydalanish;
loyihani amalga oshirish jarayonlarini qabul qiluvchi tashkilot tomonidan tasdiqlangan va muhrlangan jurnalda qayd etib borish;
ilmiy-tadqiqot natijalari asosida kamida bitta ilmiy maqolani nufuzli xorijiy (imkon qadar impakt faktorga ega bo‘lgan) jurnallarda chop etish;
ilmiy rahbar (maslahatchi)ning ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish va kafedra (bo‘lim) yig‘ilishlarida bajarilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berib borish.
6-bob. Loyihalarni moliyalashtirish va uning monitoringi
29. G‘olib yosh olimlarning “Akademik harakatchanligi” dasturi doirasida loyihani bajarish bo‘yicha xarajatlarni qoplash ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan budjet mablag‘lari hisobidan ishchi guruh xulosasiga muvofiq innovatsion rivojlanish vazirining buyrug‘i hamda Vazirlik, g‘olib yosh olim faoliyat yuritayotgan muassasa va qabul qiluvchi tashkilot o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma bo‘yicha moliyalashtirish amalga oshiriladi.
30. Loyiha xarajatlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
xizmat safarlari xarajatlari (transport, yashash va ovqatlanish xarajatlari);
noyob ilmiy obyektlar, ilmiy laboratoriya va tajriba-konstruktorlik byurolari moddiy-texnika bazasidan foydalanish xarajatlari (kommunal to‘lovlar, kimyoviy reaktivlardan foydalanish xarajatlari va boshqalar). Bunda tashkiliy uskunalarni sotib olish (kompyuter, printer va boshqalar) hisobga olinmaydi;
qo‘shimcha xarajatlar (asoslantirilgan holda umumiy mablag‘ning 15 foizidan ko‘p bo‘lmagan holda);
ilmiy rahbar (maslahatchi)ga har oyda to‘lanadigan ish haqi to‘lovlari (katta ilmiy xodim ish haqining 0,5 baravarigacha).
Talab qilinadigan mablag‘larning umumiy hajmi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan oshmasligi lozim.
31. Ushbu Nizomning 30-bandida ko‘zda tutilgan xarajatlar Vazirlikka ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan budjet mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda, g‘olib yosh olim faoliyat yuritayotgan tashkilotga tanlov natijalari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan yosh olimning “Akademik harakatchanlik” dasturini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash maqsadida moliyalashtiriladi.
32. G‘olib yosh olim faoliyat yuritayotgan muassasaga “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida ajratilgan va moliya yili davomida foydalanilmay qolgan qoldiqlari yil oxirida budjetga qaytariladi.
33. G‘olib yosh olimning asosiy ish joyidagi lavozimi va oylik ish haqi loyihani bajarish davomida saqlanib qolinadi.
34. “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida bajariladigan loyihalarni muvofiqlashtirish, kalendar ish rejasining bajarilishini monitoring qilish g‘olib yosh olim faoliyat yuritayotgan tashkilotlarning ilm-fan va innovatsiyaga mas’ul bo‘lgan rahbar o‘rinbosari tomonidan olib boriladi.
35. Loyihaning amalga oshirilishi monitoring natijalariga ko‘ra yosh olim faoliyat yuritayotgan yoki qabul qiluvchi tashkilotlar tashabbusi bilan loyihani moliyalashtirish quyidagi hollarda Vazirlik tomonidan to‘xtatilishi mumkin:
g‘olib yosh olim tomonidan loyiha umuman yoki tegishli darajada (rejadan ortda qolish, rejaning bir nechta bandlari) bajarilmayotgan bo‘lsa;
ilmiy-tadqiqot ishlari jarayonida natijaga erishish mumkin emasligi ma’lum bo‘lsa;
qabul qiluvchi tashkilotning ichki tartib-qoidalarini ikki va undan ortiq marta qo‘pol tarzda buzish holatlari kuzatilsa;
g‘olib yosh olimga bog‘liq bo‘lmagan holda tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlarini bajarish jarayonida ishni davom ettirish mumkin emasligi yoki maqsadga muvofiq emasligi ma’lum bo‘lsa.
36. Loyiha bajarilishi yakunlanganidan so‘ng qabul qiluvchi tashkilot va g‘olib yosh olim o‘rtasida loyihani amalga oshirish xarajatlari ko‘rsatilgan holda bajarilgan ishlar bo‘yicha dalolatnoma tuziladi.
37. G‘olib yosh olim “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida olib borilgan loyiha natijalari hisoboti faoliyat yuritayotgan muassasa rahbari tomonidan tasdiqlangan holda ilmiy, ilmiy-texnik kengashda muhokama qilingani haqidagi yig‘ilish bayonnoma ko‘chirmasi, ajratilgan mablag‘larning sarflanganligi bo‘yicha hisobot Vazirlikka taqdim etiladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
38. Ilgari “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida g‘olib bo‘lgan yosh olimlarning keyingi tanlovlarga aynan shu loyiha bilan ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
39. Tanlov natijalaridan norozi bo‘lgan nomzod natijalar e’lon qilingan kundan boshlab o‘n besh kalendar kun ichida Vazirlikka apellatsiya berish huquqiga ega. Apellatsiya yozma ravishda taqdim etiladi.
Ishchi guruh bir hafta muddatda kiritilgan apellatsiyani ko‘rib chiqadi va Vazirlik belgilagan muddatda talabgorga qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda xabar beradi.
40. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Akademik harakatchanlik” dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
“Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida tashkil etiladigan tanlov uchun ilmiy-tadqiqot ishi bo‘yicha loyihalarni shakllantirish va ularni ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqish hamda tanlab olish