[
OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.04.00.00 Fuqarolik qonunchiligi obyektlari / 03.04.03.00 Moddiy ne’matlar / 03.04.03.02 Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olish;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.09.00 Tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish]
[
TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar;
2.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasi reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 13-iyuldagi PQ-3852-son qarorining ijrosi yuzasidan, shuningdek, ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, Nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:
birinchi — ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yagona qoidalarini belgilash;
ikkinchi — yuridik va jismoniy shaxslarga Davlat reyestri ma’lumotlaridan erkin foydalanish imkoniyatini berish;
uchinchi — yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida vakolatli organlar o‘rtasida axborot-kommunikatsiya ma’lumotlar almashinuvini joriy etish;
to‘rtinchi — qurilishi tugallanmagan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
beshinchi — ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning Davlat reyestridan elektron ko‘chirma berish;
oltinchi — nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmini joriy etish.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri (keyingi o‘rinlarda Davlat reyestri deb ataladi) yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tkazilgan huquqlari haqidagi axborotning rasmiy manbasi bo‘lib, bu axborotning ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadi;
Davlat reyestridan elektron shaklda berilgan, shuningdek, qog‘ozda berilgan ko‘chirmalar teng yuridik kuchga ega.
3. Belgilansinki, 2018-yil 1-iyuldan keyin tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida o‘tkazilgan elektron auksion natijalari haqidagi bayonnoma asosida amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalari qoshida komissiyalar (keyingi o‘rinlarda komissiya deb ataladi) tashkil etish yo‘li bilan ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yuzaga keladigan nizolarni sudgacha hal qilishning mustaqil mexanizmi joriy etilsin.
Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yuzaga keladigan nizolar komissiya tomonidan murojaat kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kun mobaynida ko‘rib chiqiladi;
ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqida qaror qabul qilgan yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etgan shaxslar komissiya a’zolari bo‘la olmaydilar;
komissiyaning xulosasi ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqida qaror qabul qilgan yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etgan shaxslar uchun majburiy tusga ega bo‘lib, ular qabul qilgan qarorni o‘zgartirish uchun asos bo‘ladi.
5. Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga bino va inshootlarni sotishdan olingan daromadlar bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i yoki jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘langanligi haqida, axborot-kommunikatsiya tizimi orqali axborot taqdim etilishini ta’minlasin.
6. Davlat kadastrlarini yuritishni amalga oshiruvchi organlar O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga muhofaza qilinadigan zonalar haqidagi axborotni doimiy ravishda taqdim etilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi:
a) bir oy muddatda:
manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda idoralararo hamkorlik va ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, bu huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishi, shuningdek ular bilan bog‘liq bitimlar haqidagi axborot almashinuvining axborot-dasturiy kompleksini ishlab chiqsin va 2019-yil 1-fevraldan boshlab joriy etsin;
Davlat reyestri ma’lumotlarini Internet tarmog‘iga joylashtirish yo‘li bilan ulardan yuridik va jismoniy shaxslarning erkin foydalanishini ta’minlasin;
ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun huquqni belgilovchi hujjatlar reyestrini har bir ro‘yxatdan o‘tkazish turi va tipi kesimida ishlab chiqsin va Internet tarmog‘iga joylashtirsin;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda ko‘chmas mulk obyektlarini boshqa shaxsga o‘tkazish turiga bog‘liq holda, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqida namunaviy arizalar shakllarini ishlab chiqsin va Internet tarmog‘iga joylashtirsin;
Internet tarmog‘idagi o‘z rasmiy veb-saytiga ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tkazilgan huquqlar statistikasining joylashtirilishi va doimiy yangilanib borilishini ta’minlasin;
b) ikki oy muddatda:
Komissiya tomonidan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi arizalari va shikoyatlarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ko‘chmas mulk obyekti bo‘yicha taqiqlarning mavjudligi yoki mavjud emasligi ko‘rsatilgan holda Davlat reyestridan ko‘chirmalar berilishini nazarda tutuvchi dasturiy mahsulot ishlab chiqsin va joriy etsin;
v) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining axborot tizimlarida fuqarolarning mavjud shaxsiy ma’lumotlari haqidagi axborotni dolzarblashtirish uchun jismoniy shaxslarning markaziy ma’lumotlar bazasidan foydalanishini va “Elektron hukumat” tizimi bilan yanada integratsiyalanishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining raisi A.X. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-dekabr,
1060-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1060-son qaroriga
1-ILOVA
Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom talablari foydali qazilmalar qazib olish bilan bog‘liq bo‘lgan yer qa’riga joriy etilmaydi.
3. Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.
4. Yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqi ushbu huquqlar mazkur Nizomga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin kuchga kiradi.
Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan amalga oshirilgan ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
5. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi: