[
OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.09.00 Pudrat / 03.11.09.02 Qurilish pudrati]
[
TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Majburiyat huquqi. Majburiyatlarning alohida turlari]
O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyati samaradorligini hamda natijadorligini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, qurilish-montaj ishlari sifatini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi (keyingi o‘rinlarda — reytinglar) hisobi O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan metodikalar asosida yuritilishi belgilab qo‘yilsin.
3. Reytinglarni hisoblash uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga:
Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
tomonidan ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan,
malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar, to‘langan soliqlar va ish haqi fondi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilishi
tugallangan obyektlar hajmi, shaharsozlik qonunchiligini buzish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarning mavjudligi va ularning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
boshqa mutasaddi vazirliklar va idoralar tomonidan zarur idoraviy ma’lumotlar o‘rnatilgan tartibda taqdim etilishi belgilab qo‘yilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, mutasaddi vazirliklar va idoralar:
reytinglarni joriy etish uchun “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirilgan dasturiy ta’minotlar bir oy muddatda ishlab chiqilishi
va ishga tushirilishini;
reytinglar hisobini yuritish uchun zarur bo‘lgan statistik va idoraviy ma’lumotlar reyestrlarini o‘zida aks ettirgan idoralararo hujjatlar ikki hafta muddatda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini hamda ijro etilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi reytinglar hisobini yuritish uchun zarur bo‘lgan dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish hamda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirish ishlarida Qurilish vazirligiga, mutasaddi vazirliklar va idoralarga amaliy yordam ko‘rsatsin.
6. Quyidagilar reytinglarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari to‘g‘risidagi yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirgan holda ular reytingini yuritish;
loyiha va qurilish ishlarida markazlashtirilgan mablag‘lardan samarali foydalanish bo‘yicha takomillashgan
tizimni joriy etish;
loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga to‘liq rioya etilishiga erishish;
loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari o‘rtasida halol raqobat muhitini shakllantirish orqali pudrat hamda loyiha ishlari bozorini rivojlantirish;
loyiha va qurilish sohasida mahoratli ishchi va xizmatchilarni (kadrlarni)
tayyorlash, ular malakasini muntazam ravishda oshirib borish orqali loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari salohiyati oshirilishiga erishish;
loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari soha bo‘yicha dunyodagi nufuzli tashkilotlar reytingida yuqori pog‘onalardan joy olishini ta’minlash.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga reytinglar hisobini yuritish uchun taqdim etiladigan tegishli statistik va idoraviy ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qurilish
sohasida nazorat inspeksiyasi, mutasaddi vazirliklar va idoralarning birinchi rahbarlari mas’ul etib belgilansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
reyting yuritish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida Qurilish vazirligi markaziy apparatida boshqaruv xodimlari soni 4 ta shtat birligidan iborat bo‘lim va ushbu bo‘limga biriktiriladigan 1 ta xizmat avtotransport vositasi ajratish;
bo‘limni saqlash va 1 ta xizmat avtotransport vositasini ajratish bilan bog‘liq xarajatlar Qurilish vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish.
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi markazlashtirilgan manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshiruvchi qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan alohida shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i ochilishi bo‘yicha asoslangan takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 9-noyabr,
699-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-noyabrdagi 699-son
qaroriga
ILOVA
Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan va asosiy faoliyat turi qurilish-montaj ishlari va xizmatlarni amalga oshirishdan iborat bo‘lgan hamda O‘zbekiston Respublikasida shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning reyting ma’lumotlarini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.
2. Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi (keyingi o‘rinlarda — reytinglar) hisobi O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan xolislik, oshkoralik va adolat tamoyillariga amal qilgan holda yuritiladi.
3. Reytinglar loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning innovatsion faoliyati darajasi va sifatini oshirishni rag‘batlantirish, xodimlarning salohiyatidan samarali foydalanish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari uchun qurilish-montaj va loyiha ishlari sifatini sohalar bo‘yicha dunyodagi yetakchi mamlakatlardagi darajaga olib chiqishga zamin yaratadi.
4. Quyidagilar reytinglarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari to‘g‘risidagi yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirgan holda ular reytingini yuritish;
loyiha va qurilish ishlarida markazlashtirilgan mablag‘lardan samarali foydalanish bo‘yicha takomillashgan tizimni joriy etish;
loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga to‘liq rioya etilishiga erishish;
loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari o‘rtasida halol raqobat muhitini shakllantirish orqali pudrat hamda loyiha ishlari bozorini rivojlantirish;
loyiha va qurilish sohasida mahoratli ishchi va xizmatchilarni (kadrlarni) tayyorlash, ular malakasini muntazam ravishda oshirib borish orqali loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari salohiyati oshirilishiga erishish;
loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari soha bo‘yicha dunyodagi nufuzli tashkilotlar reytingida yuqori pog‘onalardan joy olishini ta’minlash.
5. Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytinglari to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
6. Ushbu Nizom talablari O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2-bob. Reytinglarni hisoblashga oid ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va yuritish tartibi
7. Loyiha-qidiruv va qurilishi-pudrat tashkilotlari reytinglarini shakllantirish sxemalari ushbu Nizomga 1 va 2-ilovalarga muvofiq shakllantiriladi.
8. Reytinglarni hisoblash uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga:
Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan, malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar, to‘langan soliqlar va ish haqi fondi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilishi tugallangan obyektlar hajmi, shaharsozlik qonunchiligini buzish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarning mavjudligi va ularning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
boshqa mutasaddi vazirliklar va idoralar tomonidan zarur idoraviy ma’lumotlar belgilangan tartibda idoraviy elektron ma’lumotlar bazalarini integrallashtirish orqali taqdim etib boriladi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi vazirliklar va idoralar tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlaydi.
10. Qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash tartibi quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron ro‘yxati ularning identifikatsiya xos raqamlari (STIR, KTUT, IFUT, XXTUT, MXOBT va boshqa zarur xos raqamlar) bilan birgalikda har chorak yakunidan so‘ng keyingi oyning o‘ninchi kuniga qadar Qurilish vazirligiga yuboriladi;
Qurilish vazirligi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan yuborilgan qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron ro‘yxatini bir kun muddatda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida tashkil etilgan reyting dasturiga joylashtiradi;
Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi, mutasaddi vazirliklar va idoralar statistik va idoraviy ma’lumotlar bazalari negizida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirilgan dasturiy ta’minot vositasida reytingni hisoblash uchun talab etiladigan tegishli statistik va idoraviy ma’lumotlar besh kun muddatda belgilangan tartibda integratsiya qilinishini ta’minlaydi;
Qurilish vazirligi tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirilgan dasturiy ta’minot vositasida reytingning avtomatik hisoblanishi ta’minlanadi;
qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Qurilish vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
11. Loyiha-qidiruv tashkilotlari reytingini hisoblash tartibi quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
Qurilish vazirligi O‘zbekiston Respublikasida shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning elektron ro‘yxatini “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida tashkil etilgan reyting dasturiga joylashtiradi;
Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi, mutasaddi vazirliklar va idoralar statistik va idoraviy ma’lumotlar bazalari negizida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirilgan dasturiy ta’minot vositasida reytingni hisoblash uchun talab etiladigan tegishli statistik va idoraviy ma’lumotlar besh kun muddatda belgilangan tartibda integratsiya qilinishini ta’minlaydi;
Qurilish vazirligi tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirilgan dasturiy ta’minot vositasida reytingning avtomatik hisoblanishi ta’minlanadi;
loyiha-qidiruv tashkilotlari reytingi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Qurilish vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
12. Mazkur Nizomning 10 va 11-bandlarida belgilangan barcha jarayonlar Qurilish vazirligi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
3-bob. Reytinglar natijalarini hisoblash va e’lon qilish tartibi
13. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va boshqa mutasaddi vazirliklar va idoralar tomonidan taqdim etilgan statistik va idoraviy ma’lumotlar asosida Qurilish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan metodikalarga muvofiq belgilangan tartibda reytinglar hisoblari yuritiladi.
14. Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytinglarini aniqlash mezonlari ushbu Nizomga 3 va 4-ilovalarga muvofiq amalga oshiriladi.
15. Reytinglar ballari quyidagilardan shakllantiriladi:
tegishli reytinglar ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari aniqlanadi;
har bir mezon bo‘yicha ko‘rsatkich ballar yig‘indisidan iborat bo‘ladi;
har bir mezon bo‘yicha hisoblangan ballar yig‘indisi loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini ifodalaydi.
16. Qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi natijalari quyidagi toifalarga bo‘linadi: