Ser Xelford Dj. Makinder (1861-1947) geosiyosatchilar orasidagi eng yorqin shaxsdir. Geografiyadan oliy malumot olgach London Iqtisod Maktabi (oliy о‘quv yurti) direktori etib tayinlangunga qadar 1887 yildan boshlab Oksford universitetida dars bergan. 1910 yildan 1922 yilgacha umumiy palata a’zosi, 1919-1920 yillar orasida esa Britaniyaning Janubiy Rusiyadagi muxtor vakili bо‘lgan.
Makinder xalqaro munosabatlar yо‘nalishiga jiddiy ta’sir etish kuchiga ega bо‘lgan va shu tufayli Angliya siyosatida oliy martabaga erishgan, shuningdek dunyo siyosiy tarixini talqin etishda eng dadil va inqilobiy majmua yaratgan mashhur shaxsdir.
Fan sifatida geosiyosatga xos bо‘lgan jumboq Makinderning ilmiy qarashlari misolida yaqqol kо‘zga tashlanadi. Makinderning nafaqat siyosat olamida, balki ilmiy doiralardagi yuqori mavqeiga qaramasdan, uning g‘oyalari ilmiy hamjamiyat tomonidan qabul qilinmagan. U dunyo siyosiy va geografik tarixini о‘ziga xos talqin qilish asosida Angliyaning xalqaro masalalar bо‘yicha strategiyasini ishlab chiqishda deyarli yarim asr mobaynida faol hamda muvaffaqiyatli ishtirok etadi, shunga qaramasdan tanqidiy ruhdagi olimlar geosiyosatning fan sifatidagi samarasi va qadr-qimmatini tan olmaydilar.
1904 yilda “Geografik majalla”da nashr etilgan “Tarixning geografik о‘qi” nomli ma’ruza Makinderning dastlabki va eng yorqin chiqishi bо‘lgan edi12. Makinder bu maqolada keyingi barcha asarlarida ham rivojlantirilgan geografiya va tarixga oid qarashlarini aks etttiradi. Makinderning ushbu maqolasi mazkur fan tarixidagi eng asosiy geosiyosiy matn sifatida baholanishi mumkin, negaki ushbu matnda nafaqat “siyosiy geografiya” taraqqiyotining barcha oldingi yо‘nalishlari umumlashtiriladi, balki mazkur fanning asosiy qonuni ham ishlab chiqiladi.
Makinder fikricha eng qulay geografik makon bu о‘rtalikdagi holat bо‘lib, biror bir mintaqaning markazini egallagash Davlat uchun turli jihatlardan foydalidir. Markaziylik holati nisbiy tushuncha bо‘lib turli vaziyatlarda о‘zgarib turishi mumkin. Ammo, sayyoraviy nuqtai nazardan dunyoning markazida Yevrosiyo mintaqasi, uning markazida esa “dunyoning yuragi” yoki “heartland” joylashgan. U butun dunyoni nazorat qilish uchun eng qulay geografik platsdarmdir.
Heartland Dunyo Oroli (World Island) chegarasi doirasida umummiqyosdagi asosiy hudud hisoblanadi. Makinder Dunyo Oroli 3 mintaqa - Osiyo, Afrika, Yevropadan iborat deb bilgan. Shunday qilib, Makinder markazda tо‘planuvchi doiralar tizimini qо‘llagan holda butun sayyora miqyosidagi hududlar ketma-ketligini yaratdi, uning eng markazida “tarixning geografik о‘qi” yoki “о‘q maydon” (pivot area) joylashgan. Ushbu geosiyosiy tushuncha geografik nuqtai-nazardan Rossiya bilan barobar ma’noni anglatadi. Ana shu “о‘q”ni Tashkil etgan voqelik “heartland”, ya’ni yerning yuragi deb ataladi.
Undan keyin esa, “ichki yoki tashqi yarimoy (inner of marginal srestent)” joylashgan. Bu belbog‘ Yevrosiyo mintaqasiining qirg‘oq hududlariga tо‘g‘ri keladi. Makinderning fikriga kо‘ra, “ichki yarim oy” sivilizatsiya rivojining ancha tezkor qismini Tashkil etadi. Bu esa sivilizatsiyalarning dengiz va daryolar sohillarida paydo bо‘lganligi tо‘g‘risidagi “potamik nazariya” deb atalmish tarixiy qoidaga mos keladi. Ushbu nazariya barcha geosiyosiy qurilmalarning muhim nuqtasi hisoblanishiga e’tibor berish kerak. Suv va quruqliqning kesishishi davlat va xalqlar tarixida muhim omil hisoblanadi. Bu mavzu keyinchalik Shmitt va Spaykmen tomonidan rivojlantirilgan bо‘lsada, unga ilk bor geosiyosiy shakl bergan kishi aynan Makinder hisoblanadi. Bundan keyin yanada kengroq doira: “tashqi yoki oroliy yarim oy” (outer or insular crecent) boshlanadi. Bu hudud Dunyo Oroli (World Island)ning mintaqaviy massasiga nisbatan (geografik va madaniy jihatdan) butunlay tashqarida joylashgan. Makinder fikricha butun tarix quyidagi jarayonlar bilan sabab-oqibat tamoyiliga asoslangan holda kechgan. Heartlandning markazidan uning atrofiga “quruqlik bosqinchilari” tomonidan muntazam ravishda hujum bо‘lib turgan. Bu mug‘ullar bosqini davrida ayniqsa yaqqol kо‘zga tashlangan. Biroq ulardan oldin skif, xunn, alanlar tomonidan ham xuddi shunday bosqin bо‘lgan. Makinder fikriga kо‘ra, “tarixning geografik о‘qi”dan kelib chiqadigan sivilizatsiyalar heartlandning eng ichki hududlaridan boshlab “avtoritar”, “pog‘onaviy” (iyeraxiyaviy), nodemokratik”, “savdoga asoslanmagan” kabi xususiyatlarga ega. Bunday sivilizatsiyalar qadimgi dunyoda qadimgi Rim yoki Doro Spartasi singari jamiyatlarda aks etgan edi.
Tashqaridan, “orol yarimoyi” mintaqalaridagi “dengiz bosqinchilari” yoki “orolliklar” tomonidan Dunyo Oroliga hujum qilinadi. Ular Yevrosiyodan tashqaridagi markazlardan kelib chiqqan mustamlakachi ekspeditsiyalar bо‘lib mintaqaning ichki sarhadlaridan keluvchi kuchlarni yengib dengiz va quruqlik kuchlarini tenglashtirishga intiladilar. «Savdo-sotiq» va “demokratik” siyosiy tizim “tashqi yarim oy” sivilizatsiyalariga xos xususiyatdir. qadimda Afina davlati yoki Karfagen shunday xususiyatlari bilan ajralib turgan.
Ikki qutbni egallagan ushbu sivilizatsion–geografik majmua oralig‘ida “ichki yarim oy” hududi joylashgan, u ikki yoqlama bо‘lganligi hamda doimiy ravishda bir-biriga zid bо‘lgan madaniyatlar ta’sirida qolganligi tufayli ancha harakatchan bо‘lgan va shu sababli sivilizatsiyaning eng taraqqiy topgan hududiga aylangan.
Makinder fikricha tarix geografik о‘laroq mintaqaviy о‘q atrofida rо‘y beradi. Ushbu tarix aynan “ichki yarim oy” hududlarida yaqqolroq seziladi, ayni paytda “heartland”da “harakatsiz” arxaizm, “tashqi yarim oyda” esa qandaydir sivilizatsiyaviy tartibsizlik hukm suradi.
Makinder о‘z manfaatlarini anglosakson orol dunyosi, ya’ni “tashqi yarim oy” hududining manfaatlari bilan tenglashtirgan. Bunday vaziyatda “dunyo oroli” geosiyosiy jihatdan shunday yо‘nalishga ega bо‘ladiki, bunda heartland maksimal darajada zaiflashadi, shuningdek “tashqi yarim oy”ning “ichki yarim oy”ga kо‘rsatadigan ta’siri esa imkon qadar kengayib boradi. Makinder “tarixning geografik о‘qi”ning butun dunyo siyosatidagi strategik ustuvorligini ta’kidlab, muhim geosiyosiy qonunni quyidagicha shakllantirgan: “kim Sharqiy Yevropani nazorat qilsa, “heartland”da ustunlik qiladi; kim heartlandda ustunlik qilsa Dunyo Orolida ustunlik qiladi; kim Dunyo Orolida ustunlik qilsa dunyoda ustunlik qiladi.13 Siyosiy darajada bu Rossiyaning strategik ma’nodagi yetakchiligini tan olishni anglatar edi. Makinder Tarixning geografik о‘qida: “Germaniyaning Yevropadagi о‘rni qanday bо‘lsa Rossiya butun dunyo miqyosida xuddi shunday markaziy strategik pozitsiyani egallaydi. U hamma tomonga hamla qilishi va ayni vaqtda о‘zi ham shimoldan tashqari barcha tarafdan xujumga duchor bо‘lishi mumkin. Undagi temir yо‘l imkoniyatlarining tо‘la rivojlantirish vaqt talab etadigan ishdir”, deb yozadi.
Shundan kelib chiqib, Makinder anglosakson geosiyosatining bosh vazifasi “tarixning geografik о‘qi” (Rossiya) atrofida mintaqaviy strategik ittifoq Tashkil topishiga yо‘l qо‘ymaslik deb hisoblagan. Demak, “tashqi yarim oy” kuchlarining strategiyasi heartlanddan imkon qadar kо‘p miqdorda sohilli hududlarni tortib olish va ularni “orol sivilizatsiya”si ta’siri ostiga kiritishdan iborat.
“Kuchlar muvozanatining о‘q davlat (Rossiya) tomon о‘zgarishi, uning Yevrosiyoning atrof hududlarini istilo qilishi bilan barobar rо‘y berib, mintaqaning ulkan zahiralaridan foydalangan holda qudratli dengiz floti yaratish imkonini berdi: bu vaziyatda dunyo saltanati darajasiga yetish ham unchalik uzoq emas. Bunga Rossiya Germaniya bilan birlashgan taqdirdagina imkon tug‘ilishi mumkin. Rivojlanishning bunday tahdidi Fransiyani dengiz orti qudratli davlatlari bilan ittifoqqa kirishga majbur qiladi va Fransiya, Italiya, Misr, Hindiston va Koreya “о‘q hududlar” kuchlarini barcha yо‘nalishlar buyicha kesib qо‘yish va bu bilan qudratli harbiy flot yaratishlari uchun barcha kuchlarini tо‘plashlarida ularga xalaqit berish maqsadida tashqi qudratli davlatlar flotiliyalari tо‘xtaydigan qirg‘oq bazalariga aylanadilar. (Tarixning geografik о‘qi).
Qizig‘i shundaki, Makinder faqatgina nazariy gipoteza yaratmadi, balki Antantani qо‘llab quvvatlash maqsadida tuzilgan “oq harakat”ni Tashkil etishda faol ishtirok etdi. Makinder bu harakatni nemislarga xayrixox bо‘lgan yevrosiyochi–shо‘rolar qudratini zaiflashtirishga yо‘naltirilgan atlantistcha hodisa deb hisoblar edi. Makinder Angliya hukumatidan imkon qadar kо‘proq madad olishga harakat qilgan holda shaxsan о‘zi “oq harakat” rahbarlariga maslahatlar bergan. Makinder gо‘yo nafaqat “Brest sulhi”, balki Ribbentrop–Molotov paktini ham avliyolarcha avvaldan kо‘ra olgan edi.
1919 yilda “Demokratik ideallar va voqelik” kitobida shunday yozgan: “Mobodo buyuk mintaqa yengilmas armadaning asosi bо‘lish uchun kunlardan bir kun siyosiy jihatdan birlashsa dengiz kuchlarining ahvoli nima bо‘ladi”?14 Yarim asrdan sо‘ng AQSH va Shimoliy-Atlantika ittifoqining geosiyosatiga aylangan anglosakson geosiyosatiga Makinder aynan nima berganligini anglash mushkul emas: Yevrosiyo blokini yoki Rossiya va Germaniya о‘rtasida strategik ittifoq tuzish, heartlandning geosiyosiy jihatdan kuchayishi hamda istilosini amalga oshiradigan imkoniyatlarga har qanday usullar bilan bо‘lsada xalaqit berish. XX asr davomida g‘arbda kechgan uzluksiz rusofobiya g‘oyaviy emas, balki kо‘proq geosiyosiy xarakterga ega. Biroq, u yoki bu kuchlarning sivilizatsion turi va geosiyosiy mohiyati о‘rtasidagi Makinder kо‘rsatib о‘tgan aloqa hisobga olinsa, geosiyosiy atamalar qulaylik bilan mafkuraviy atamalarga almashinadigan formulaga ega bо‘lish mumkin. «Tashqi yarim oy» - liberal demokratiya; «tarixning geografik о‘qi – nodemokratik avtoritarizm; «ichki yarim oy» har ikkala mafkuraviy tizimning uyg‘unligidan iborat oraliq andozadir.
Makinder faol ishtirok etgan Versal shartnomasining asosiy geosiyosiy g‘oyasi uning qarashlaridan iborat edi. Bu shartnoma g‘arbiy Yevropaning dengiz kuchlari (anglosakson dunyosi) uchun qirg‘oq bazasi bо‘lib qolajagini mustahkamlash uchun tuzilgandi. Shu bilan birga Makinder nemislar va slavyanlarni bir biridan ajratib turuvchi chegaraviy (limitrof) davlatlar tuzilishini ham nazarda tutadi. Bunday oraliq davlatlar ular о‘rtasida «orol davlatlari» va demakki «demokratiya» uchun ham о‘ta xavfli bо‘lgan mintaqaviy strategik itifoq tuzishga xalaqit beradi. Makinder asarlarida heartland geografik chegaralarining evolyusiyasini kuzatish juda muhimdir.
Agar 1904 va 1919 yillarda (shunga muvofiq «Tarixning geografik о‘qi» maqolasi va «Demokratik ideallar va voqelik» kitobida) heartlandning tashqi kо‘rinishi umumiy belgilarga kо‘ra Rusiya Imperiyasi chegaralari, keyinchalik esa SSSR chegaralariga mos kelgan bо‘lsa, 40-yillarda Makinder о‘zining oldingi qarashlarini qayta kо‘rib chiqadi va shо‘rolarning Yenisey ortida joylashgan Sharqiy Sibir hududlarini heartlanddan chiqarib tashlaydi. Deyarli aholisiz bо‘lgan ushbu shо‘ro hududlarini u Lena daryosi nomidan kelib chiqqan holda «Lenaland Rossiyasi» deb ataydi15.
«Neartlandda Rossiyaning 9 million aholisi bor, 5 millioni Irkutskdan Vladivostokgacha bо‘lgan mintaqalararo temir yо‘l hududida yashaydi. qolgan hududlarda har 8 km kvadratga bir kishidan kam aholi tо‘g‘ri keladi. Bu yerning tabiiy boyliklari yog‘och, minerallar bо‘lib, ularga umuman qо‘l urilmagan16.
“Lenaland”ning «Neartland” chegaralaridan chiqarilishi uni «ichki yarim oy» hududi sifatida qabullash imkoniyatini, ya’ni «orol davlatlari» tomonidan «tarixning geografik о‘qi»ga qarshi jang qilishda qо‘llaniladigan qirg‘oq hududi sifatida foydalanish mumkinligini anglatardi. «Oq harakat» va Antanta harakatini Tashkil etishda faol ishtirok etgan Makinder aftidan Kolchakning Yevroosiyo markaziga qarshi chiqishini «tashqi yarim oy» hududlariga nisbatan bо‘lajak hujum sifatida talqin qilgan. Shu tufayli uning nazorati ostida bо‘lgan hududlarni ehtimoldagi «qirg‘oq hududlari» sifatida qabullash uchun yetarli asos deb hisoblagan.
Makinder dunyo geosiyosatining butun tarixini 3 bosqichga bо‘ladi17:
1.Kolumbgacha bо‘lgan davr. Bu davrda Dunyo Oroli atrofida yashovchi barcha xalqlar, masalan rimliklar, doimo «yer yuragi»dagi kuchlar tomonidan bosib olish xavf ostida yashaganlar. Rimliklar uchun bu tahdid germanlar, xunlar, alanlar va forslar tomonidan bо‘lib turgan. О‘rta asrlarda esa tahdid Oltin О‘rda va oykumenlar tomonidan bо‘lgan.
2.Kolumb davri. Bu davrda «ichki yarim oy» (qirg‘oq hududlari) vakillari sayyoraning noma’lum hududlarini bosib olishga otlanadi va hech qayerda jiddiy qarshilikka uchramaydilar.
3.Kolumbdan keyingi davr. Zabt etilmagan hududlar qolmaydi. Dinamik harakatlanishda bо‘lgan sivilizatsiyalar tо‘qnashuvga mahkum bо‘lib, yer yuzidagi xalqlar umumjahon miqyosidagi fuqarolar urushiga jalb etiladi.
Tegishli geosiyosiy transformatsiyalar asosida Makinder tomonidan yaratilgan bunday davrlashtirish bizni bugungi geosiyosiy tendensiyalar tomon yetaklaydi.