III MAVZU: “Klassik geopolitikaning asosiy g’oyalari va tamoyillari”
REJA:
1.Fridrix Ratselning davlatlar tо‘g‘risidagi qarashlari. 2.Rudolf Chellen va Fridrix Naumannning «О‘rta Yevropa» nazariyasi. 3. Xelford Makinderning geosiyosiy qarashlari.
Fridrix Ratselning davlatlar tо‘g‘risidagi qarashlari.
Nemis “organistik maktabi”ning shakllanishi. О‘z asarlarida geosiyosat atamasini ishlatgan bо‘lmasa ham, Fridrix Ratselni (1844-1904) geosiyosatning “otasi” deb hisoblash mumkin. U “siyosiy geografiya” haqida yozgan va “Politisch Geographie” (Siyosiy geografiya) nomli asosiy asari 1897 yilda nashr qilingan.
Ratsel Karlsruedagi Politexnika Universitetini tamomlagan. U bu oliygohda geologiya, paleontologiya, zoologiya kurslarini tinglaydi. О‘qishini Xaydelbergda tamomlagan Ratsel, shu yerda (“ekologiya” atamasini ilk bor qо‘llagan) Ernst Gekel ismli professorga shogirdlik qiladi. Ratselning tadrijiylik va darvinchilikka asoslangan dunyoqarashida tabiatshunoslik ilmiga qiziqish yaqqol ifodalangan edi.
Ratsel kо‘ngillilar qatorida 1870 yildagi (1870 yildagi Fransiya-Prussiya) urushda qatnashadi va dovyurakligi uchun “Temir xoch” unvoniga sazovor bо‘ladi. Siyosat sohasida u asta-sekin о‘ta millatchi sifatida yetishib boradi, 1840 yilda Karl Peters tomonidan Tashkil etilgan “Panolmon liga”si nomli millatchi Tashkilotga a’zo bо‘lib kiradi. U Yevropa va Amerika bо‘ylab kо‘p sayohat qiladi hamda о‘zining ilmiy salohiyatini etnologiya sohasida olib borgan tadqiqotlari bilan boyitadi. Bir necha yil Myunxen texnika institutida geografiyadan dars bergan Ratsel 1886 yilga kelib Leypsigdagi xuddi shu nomli kafedrada ilmiy faoliyatini davom ettiradi. U 1876 yilda “Xitoyga emmigratsiya” mavzusidagi dissertatsiyasini himoya qiladi, 1882 yilda esa Shtutgardda uning “Antropogeografiya” nomli asosiy asari bosilib chiqadi3. Ratsel bu asarda xalqlar tadriji hamda demografiyaning geografik omillar bilan bog‘liqligi, hudud relyefining mahalliy xalq madaniy va siyosiy taraqqiyotiga ta’siri kabi о‘zining asosiy g‘oyalarini shakllantirgan. Ammo “Siyosiy geografiya” Ratselning eng asosiy asaridir.
Ratsel mazkur asarida hudud (joy, zamin)ning birlamchi hamda о‘zgarmas omil ekanligi va xalqlarning manfaati uning atrofida aylanishini kо‘rsatib berishga harakat qiladi. Hudud va zamin tarixiy taraqqiyotni oldindan belgilab beradi. Bundan esa tadrijiy mazmundagi quyidagi xulosa kelib chiqadi: “davlat tirik”, lekin “zaminda ildiz otgan tana (borliq) hisoblanadi”. Davlat hududiy relyef, о‘lcham hamda ularning xalq tomonidan anglanishidan tashkil topadi. Shunday qilib Davlat kategoriyasida hududning obyektiv geografik belgilari va ularni umummilliy miqyosda subyektiv jihatdan anglanishi siyosatda ifodalangan holda aks etadi. Ratsel millatning geografik, demografik va etnomadaniy xususiyatlarini eng mukammal tarzda о‘zida uyg‘unlashtira olgan davlatni “meyordagi davlat” deb hisoblaydi.
U shunday deb yozadi: “Davlatlar о‘z taraqqiyotining barcha bosqichlarida zaruriy tarzda о‘z tuproqlari bilan aloqasini saqlab qoluvchi (borliq) tana sifatida qaraladi va shu tufayli ular geografik nuqtai-nazardan о‘rganilishi zarur. Etnografiya va tarix davlatning hududiy negizda taraqqiy topishini, u bilan yaqinlashishi, birikishi va undan quvvat olishini kо‘rsatmoqda. Shunday qilib, davlat makondan boshqariladigan va jonlanadigan hududiy borliq ekan, uni tasvirlash, taqqoslash va о‘lchash geografiyaning vazifasidir. Davlat Hayot bosqini natijasida rо‘y beradigan hodisalarning eng yuqori nuqtasiga aylangan holda, ushbu hodisalarga singib ketadi”.4 Bunday “organistik” yondashuv, davlatning hududiy jihatdan kengayishi Ratsel tomonidan xuddi tirik jonzotning rivojlanishi singari tiriklik jarayoni sifatida qabullanayotganligini kо‘rsatmoqda. Ratselning “organistik” yondashuvi makon (Raum)ning о‘ziga nisbatan munosabatda ham kо‘rinib turadi. Ushbu “makon” miqdoriy xususiyatga ega bо‘lgan moddiy kategoriyadan “hayotiy sfera”, “hayotiy makon” (Lebensraum) tarzidagi yangi sifat darajasiga kо‘tariladi va qandaydir “geobiomuhit”ga aylanadi. Bundan Ratselning “makoniy mazmun” (Raumsinn) va “hayotiy quvvat” (lebensenergie) kabi, boshqa ikkita muhim atamasi kelib chiqadi. Bir-biriga yaqin ushbu atamalar xalqlar hamda geografik tizimlarga xos muhim xususiyatni anglatadi va, о‘z navbatida, xalqlar va davlatlar tarixidagi siyosiy ahamiyatini oldindan belgilab beradi.
Ushbu tezislarning barchasi geosiyosatning asosiy tamoyillari hisoblanadi va keyingi paytlarda Ratselning izdoshlari ularni aynan shu tarzda rivojlantirganlar. Bundan tashqari davlatga nisbatan “zaminda ildiz otgan hududiy asosdagi tirik tana” sifatida munosabatda bulish geosiyosiy uslubning bosh g‘oyasi hamda о‘q ildizi hisoblanadi.
Bunday yondashuv faqatgina insoniyat olamiga tegishli hodisalarnigina emas, balki unga tegishli bо‘lmagan sohalardagi hodisalarning ham butun majmuasini tahliliy tadqiq qilishga yо‘nalgandir. Makon tabiat, atrof-muhitning yorqin ifodasi bо‘lib shu hududdagi elat hayotini uzluksiz ta’minlaydigan tirik borliq sifatida qaraladi.
Bu ma’noda Ratsel, Ferdinand Tennic ismli olim eng yorqin vakili bо‘lgan nemis “organistik” sotsiologiya maktabining bevosita vorisi hisoblanadi.
Ratselning millat va hudud munosabatlari tо‘g‘risidagi qarashlari “Siyosiy geografiya”dan olingan quyidagi parchada о‘z aksini topgan: “Davlat tirik tana singari yer yuzasining ma’lum qismiga bog‘liq holda shakllanadi va uning mohiyati zamin (yer) va xalq xususiyatlaridan kelib chiqqan holda rivojlanadi. О‘lchov, joylashuv hamda chegaralar eng muhim xususiyatlar hisoblanadi. Tuproq va о‘simliklar turi, sug‘orish tizimi va nihoyat yer yuzasidagi boshqa unsurlar, dastavval, yaqin atrofdagi dengizlar hamda bir qarashda hech qanday siyosiy ahamiyat kasb etmaydigan aholisiz hududlar bilan munosabatlar keyinchi о‘rinlarda turadi. Ushbu xususiyatlarning barchasini ifoda etuvchi majmua mamlakat (das Land)ni Tashkil etadi. Biroq “bizning mamlakat” haqida gap ketganda, unga inson tarafidan yaratilgan barcha ne’matlar hamda shu zamin bilan bog‘liq barcha tarixiy xotiralar ham qо‘shiladi.
Davlat turg‘un zamindagi xalqlar hayotini ifodalanganligi uchungina emas, balki bu ikki omil bir birinchi о‘zaro mustahkamlab, bir-birini tо‘ldirib, bir-birisiz tasavvur etib bо‘lmaydigan qandaydir butunlikka aylanganligi uchun tana hisoblanadi. Davlatni boqa olmaydigan, inson qadami yetmaydigan hududlar bu bug‘ ostidagi tarixiy maydondir. О‘zlashtirilgan, ayniqsa tabiiy chegaralar bilan о‘ralgan hududlar esa aksincha, davlatning taraqqiyotini ta’minlaydi. Agar xalq о‘z huhudida о‘zini tabiiy his qilsa, shu zamindan kelib chiqadigan va unga qaytib singib ketadigan bir xil xususiyatlarni takrorlayveradi”.5 Davlatga nisbatan tirik tana sifatida munosabatda bо‘lish “chegaralarning buzilmasligi” qoidasidan voz kechishni talab etar edi. Davlat tirik mavjudot singari tug‘iladi, о‘sadi va vafot etadi. Bundan kelib chiqqan holda, davlatning hududiy kengayishi va torayishi tabiiy jarayon hisoblanib uning ichki hayotiy sikli bilan bog‘liq. Ratsel о‘zining “Davlatning hududiy о‘sishi tо‘g‘risida qonun” kitobida istiloning 7 qonunini kо‘rsatib beradi:
Davlatning hududiy jihatdan kengayishi shu hudud madaniyatining rivojlanishi bilan kengayadi.
Davlatning hududiy kengayishi turli sohalarda, xususan mafkura, ishlab chiqarish, tijorat faoliyati kabi yо‘nalishlarda “tortishuvchi nurlanish”, prozelitizm kabi kо‘rinishlar bilan barobar rо‘y beradi.
Davlat ham muhim hisoblangan siyosiy birliklarni qamrab olib kengayadi.
Chegara davlat atrofida joylashgan a’zo (tana a’zosi sifatida tushunilgan).
Davlat о‘zining hududiy istilosini amalga oshirib uning taraqqiyoti uchun muhim hisoblangan mintaqalarni, jumladan qirg‘oqdagi yerlar, daryo havzalari, vodiy va barcha boy hududlarni egallashga harakat qiladi.
Istiloning boshlang‘ich impulsi albatta tashqaridan rо‘y beradi, negaki davlatning hududiy jihatdan kengayishiga albatta past sivilizatsiya tomonidan turtki beriladi.
Nisbatan zaif millatlarning kuchlilar bilan chatishish yoki qо‘shilib ketishga bо‘lgan umumiy tendensiya katta-katta hududlarni harakatga keltirib, о‘z-о‘zini oziqlantirgan holda yanada kengayishiga majbur qiladi.6
Tabiyki, kо‘pgina tanqidchilar Ratselni “Imperialistlarga katexezis” yozishda aybladi. Shu bilan birga Ratsel garchi ayrim millatchilikka xos qarashlarini yashirmagan bо‘lsada, nemis imperializmini har qanday yо‘lar bilan bо‘lsada oqlashga harakat qilmagan. Uning uchun eng muhimi davlatlar va xalqlar tarixini hududga nisbatan munosabati bilan ayni ma’noda anglashga imkon yaratadigan konseptual qurilma yaratish edi. Amalda esa u Germaniya dohiylarida “Raumsinn” (makon tuyg‘usi)ni uyg‘otishga iitilgan, chunki kо‘pgina rahbarlar uchun quruq akademik fanning geografik kо‘rsatkichlari faqatgina mavhumlikni anglatgan.
Shimoliy Amerikani yaxshi о‘rganganligi Ratselga jiddiy ta’sir kо‘rsatgan, hatto “Shimoliy amerika shaharlari va sivilizatsiyalari xaritasi” (1874) hamda “Shimoliy Amerika qо‘shma Shtatlari” (1878, 1880) nomli ikki asarini shu mintaqaga bag‘ishlagan. U amerikaliklarda “makon tuyg‘usi” yuqori daraja rivojlanganligini ta’kidlab, yelkasida Yevropa tarixining “siyosiy-geografik” tajribasi bо‘lgan amerikaliklar oldida “bо‘sh” hududlarni о‘zlashtirish vazifasi qо‘yilgan edi degan xulosaga keladi. Shundan kelib chiqib, Eski Dunyo asta-sekin va mushohadaviy tarzda yetib kelgan narsani amerikaliklar ongli ravishda amalga oshirdilar. Ratselda biz birinchi bо‘lib, boshqa muhim geosiyosiy konsepsiya – “dunyo miqyosidagi qudratli davlat” (Weltmacht) tushunchasini uchratamiz. Ratselning ta’kidlashicha, kо‘pgina yirik davlatlar taraqqiyotida imkon qadar kо‘rpoq hududlarni istilo qilishga intilish tendensiyasi kuzatiladi, bu intilish asta-sekinlik bilan sayyoraviy miqyosga chiqadi.
Demak, geografik taraqqiyot ertami kech о‘zining mintaqaviy darajasiga kо‘tarilishi kerak. Mintaqaviy hududlarni siyosiy va strategik jihatdan birlashtirishning Amerika tajribasidan olingan ushbu tamoyilni Germaniyaga nisbatan qо‘llagan Ratsel uning mintaqaviy davlat bо‘lishi mumkinligini bashorat qiladi. Ratsel geosiyosatdagi eng muhim mavzulardan yana biri - sivilizatsiya rivojida dengizning ahamiyatini ham yoritib beradi. О‘zining “Dengiz – xalqlar qudratining manbai” (1900) kitobida har bir kuchli davlat о‘zining harbiy–dengiz kuchlarini alohida rivojlantirishi muhimligini, bu narsani tо‘laqonli istiloning sayyoraviy qamrovi talab qilishini ta’kidlaydi7. Ba’zi bir davlatlar (Angliya, Ispaniya, Gollandiya) dengizchilikni tо‘satdan amalga oshirgan bо‘lsalar, quruqlikdagi davlatlar (Ratsel tabiiyki Germaniyani nazarda tutgan) ongli ravishda rivojlantirishlari kerak. Bu esa “dunyo miqyosidagi davlat” (Welmacht) mavqeiga yaqinlashishning zaruriy sharti hisoblanadi.
Dengiz va «dunyo miqyosidagi davlat» mavzulari Ratselda bir biri bilan bog‘lanib о‘rganiladi, keyingi geosiyosatchilar (Mexen, Makinder, Xausxofer va ayniqsa Shmitt)da bu mavzu tartibga keladi va takomillashadi.
Ratsel asarlari barcha geosiyosiy tadqiqotlarga zaruriy poydevor hisoblanadi. Uning asarlarida geosiyosiy fanning asosida yotuvchi barcha asosiy tezislari qisqacha shaklda mavjud. Shved olimi Chellen va nemis Xausxoferlar о‘z majmualarini yaratishda Ratsel asarlariga tayanganlar. Ratsel g‘oyalarini fransuz olimi Vidal de lya Blyash, ingliz Makinder, amerikalik Mexen va rus yevroosiyochilari (P. Savitskiy, L.Gumilyov va boshqalar) о‘rganganlar. Shuni hisobga olish kerakki, Ratselning siyosiy ishtiyoqi tasodifiy emas. Unda hoh demokratik (anglosakson geosiyosatchilari Makinder, Mexen), hoh «ideokratik» (Xausxofer, Shmitt, yevroosiyochilar) shaklda ifodalangan bо‘lsin deyarli barcha geosiyosatchilarda yaqqol ifodalangan milliy ruh sezilib turardi.