2. Dunyoqarashning mohiyati va tuzilishi. Dunyoqarashning tarixiy shakllari.
Har bir kishining dunyoga nisbatan о‘z qarashi, о‘zi va о‘zgalar, hayot va olam tо‘g‘risidagi tasavvurlari, xulosalari bо‘ladi. Ana shu tasavvurlar, tushunchalar, qarash va xulosalar muayyan kishining boshqa odamlarga munosabati va kundalik faoliyatining mazmunini belgilaydi. Shu ma’noda, dunyoqarash – insonning tevarak-atrofini qurshab turgan voqelik tо‘g‘risidagi, olamning mohiyati, tuzilishi, о‘zining undagi о‘rni haqidagi qarashlar, tasavvurlar, bilimlar tizimidir. Dunyoqarash olamni eng umumiy tarzda tasavvur qilish, idrok etish va bilishdir.
Dunyoqarashning ikkita darajasi mavjuddir. Uning birinchisi, kishilarning kundalik hayotiy amaliy tajribasi hamda kasbiy faoliyati asosida tо‘plangan bilimlar tashkil qilsa, ikkinchisini esa ilm-fan tufayli tо‘plangan nazariy bilimlar, g‘oyalar yig‘indisi tashkil etadi. Ularning ikkalasi bir-biri bilan uzviy bog‘langan bо‘lib, bir-birini tо‘ldiradi.
Dunyoqarashning bir kishiga yoki alohida shaxsga xos shakli individual dunyoqarash deyiladi. Guruh, partiya, millat yoki butun jamiyatga xos dunyoqarashlar majmuasi esa ijtimoiy dunyoqarash deb yuritiladi.
Dunyoqarash muayyan davrda shakllanadi. Shu ma’noda, har qanday dunyoqarash ijtimoiy-tarixiy mohiyatga ega bо‘lib, kishining umri, amaliy faoliyati, hayoti, tabiatga ta’siri va mehnati jarayonida vujudga keladi. Har bir davrda ijtimoiy guruh, jamiyat va avlodlarning о‘z dunyoqarashi mavjudligi ham bu tushunchaning tarixiy mohiyatga ega ekanini kо‘rsatadi.
Dunyoqarashning tarixiyligi yana shundaki, u ma’lum dialektik jarayonda takomillashib boradi. Uning shakllari о‘zgaradi, tarixiy kо‘rinishlari muttaasil yangilanib turadi.
Ma’lumki, insoniyat taraqqiyotining ilk bosqichlarida dunyoqarash nihoyatda oddiy bо‘lgan. Ijtimoiy mulkka asoslangan ibtidoiy jamoa tuzumning oddiy ishlab chiqarish usuli rivojlanmagan mistik, jamoaviy dunyoqarashni tug‘diradiki, u orqali ibtidoiy olamni о‘rab olgan muhitidagi hodisalarni in’ikos etishi va fikrlab olishi amalga oshadi. Fransuz olimi L.Levi –Bryu, “ibtidoiy odamlar tafakkuri о‘z asosiga kо‘ra mistikdir “ilohiydir”, degan edi.
Dunyoqarash jamiyat rivojiga mos ravishda asta-sekin takomillashib borgan. Taraqqiyotning keyingi davrlarida fan sohasida qilingan kashfiyotlar inson dunyoqarashi naqadar chuqurlashib, uning bilimlar doirasi kengayib ketganini kо‘rsatadi. Bunda vorislik an’anasi yaqqol kо‘zga tashlanadi: har bir davrning dunyoqarashi, g‘oyasi о‘tmishda qaratilgan ma’naviy qadriyatlarning eng yaxshilarini, ilg‘or va ijobiylarini о‘zida saqlab qoladi. Shu asosda yangi tamoyillarga ega bо‘lgan dunyoqarash ham takomillashib boradi. Oddiy bug‘ mashinasidan kosmik raketalargacha bо‘lgan fan-texnika taraqqiyoti bunga yaqqol misol bо‘la oladi.
Bu tushunchaning mazmunini insonning olamga, voqea va hodisalarga, о‘zgalarga va ularning faoliyatiga, о‘z umri va uning mazmuni kabi kо‘pdan-kо‘p tushunchalarga munosabati, ularni anglashi, tushunishi, qadrlashidi namoyon bо‘ladi.
Dunyoqarashning yana bir muhim tomoni shundan iboratki, u insonni qurshab turgan voqelikni anglash, tushunish bilan bir qatorda uni baholashi hamdir. Ilmiy bilimlar dunyoqarash tarkibiga qо‘shilib baholangach, insonning tevarak atrofidagi ijtimoiy va tabiiy reallikda bevosita amaliy yо‘l tutish maqsadiga xizmat qiladi. Bundan kо‘rinadiki, dunyoqarash insonning dunyodagi о‘z о‘rni va rolini belgilab beradigan, ongli ravishda tо‘plangan, izohlangan va baholangan bilimlar majmuidir.
Dunyoqarash kishilarda olam haqida yaxlit umumlashtirilgan bilimlar, g‘oyalar turkumini hosil qiladigan, ularni muayyan ijtimoiy guruhlar, sinflar, siyosiy partiyalar, ommaviy harakatlar, davlatlar maqsadidan kelib chiqib baholaydigan va shunga harab hayotdagi о‘z о‘rnini, amaliy faoliyat yо‘nalishlarini, maqsadlarini aniqlab olishga imkoniyat beradigan kо‘p qirrali va sermazmun tushunchadir. Modomiki, har bir ijtimoiy guruhlar, sinf о‘z iqtisodiy ahvoliga muvofiq keladigan alohida manfaatlarni yoqlar ekan, uning dunyoqarashi, tafakkur uslubi ham turli mafkuraviy mohiyatga, yо‘nalishga ega bо‘ladi. L.Feyerbax ta’biri bilan aytganda, “qasrlarda yashaydiganlar kulbalarda yashaydiganlardan kо‘ra boshqacha fikr yuritadilar”.
Dunyoqarashning tuzilishi – dunyoni sezish, idrok etish va dunyoni tushunish kabi eng muhim elementlardan iborat. Olamdagi narsa va hodisalar bizning hissiy organlarimiz orqali kishilarda turli-tuman hissiyotlarni, kayfiyatlarni yuzaga keltiradi. Ular bizning tafakkurimiz yordamida mujassamlashtiriladi va nihoyatda ma’lum fikrlar, tasavvurlar, tushunchalar, qarashlar hosil bо‘ladi.
Masalan, bemor odamga haddan tashqari yorug‘ bо‘lib tuyulishi mumkin bо‘lgan nur, sog‘lom odam uchun normal bо‘ladi; daltonik ranglar gammasini, kо‘rish qobiliyati normal bо‘lgan odamga qaraganda butunlay boshqacha idrok etadi. Bundan dunyoni sezishning har xil, xususan optimistik, pessimistik, fojeaviy tiplari kelib chiqadi.
Dunyoni idrok etish – bu atrof-borliqni ideal obrazlarda tasavvur qilishdir. Dunyoni idrok etish tо‘g‘ri yoki notо‘g‘ri bо‘lishi, ya’ni borliqqa mos kelmasligi mumkin. Bu holda borliq notо‘g‘ri tasavvur qilinadi yoki illyuziyalar, suv parilari, alvastilar, kentavrlar haqidagi tasavvurlarga о‘xshash fantaziyalar paydo bо‘ladi. Dunyoni tushunish – insonning va uni qurshagan dunyoning mohiyatini aniqlash, shuningdek, tabiatda yuz beruvchi voqea va jarayonlarning о‘zaro aloqalarini tushunishga qaratilgan aqliy bilish faoliyatidir.
Dunyoni sezish va qisman (elementar shakllarda) dunyoni idrok etish nafaqat insonga, balki hayvonlarga ham xos bо‘lsa, dunyoni tushunish esa, faqat odamlarga xos xususiyatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |