1-Мavzu: Falsafa fanining predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli.
Reja:
1. Falsafaning predmeti va asosiy masalasi.
2. Dunyoqarashning mohiyati va tuzilishi. Dunyoqarashning tarixiy shakllari.
3 Falsafa va fan.
4.Falsafada milliylik va umuminsoniylik
1. Falsafaning predmeti va asosiy masalasi.
Falsafa insoniyat tarixidagi eng qadimiy ilmlardan biridir. Falsafiy mulohaza yuritish, fikrlash inson tabiatiga xos, demak, uning о‘zi kabi qadimiydir. U olam va uning yashashi, rivojlanishi va taraqqiyoti, hayot va inson, umrning mohiyati, borliq va yо‘qlik kabi kо‘plab muammolar haqida bahs yuritadigan fandir.
“Falsafa” atamasi qadimgi yunon tilidagi “filosofiya” sо‘zidan olingan bо‘lib, lо‘g‘aviy ma’noda “donishmandlikni sevish” (“filo” – sevaman, “sofiya” - donolik) degan mazmunni anglatadi. Asrlar davomida “filosofiya” sо‘zining ma’no-mazmuniga xilma-xil qarashlar, uning jamiyat, inson va fanlar tizimidagi о‘rniga nisbatan turlicha munosabat va yondashuvlar bо‘lgan, bu atamaning mohiyat va mazmuni ham о‘zgarib borgan.
“Filosofiya” atamasi va u ifoda etadigan bilimlar majmui qadimgi Yunoniston va Rimda eramizdan avvalgi VII – VIII asrlarda yuz bergan buyuk yuksalish natijasi sifatida yuzaga kelgan edi. О‘sha davrda endigina shakllanib kelayotgan nazariy fikrning ifodasi bо‘lmish falsafiy tafakkur olamni yaxlit va bir butun holda tushunish mujassamiga aylangan edi.
Qadimgi Yunonistonda “filosofiya” atamasini dastlab matematik olim Pifagor ishlatgan. Yevropa madaniyatiga esa u atoqli yunon faylasufi Aflotun asarlari orqali kirib kelgan. Shu tariqa, u avvalo, qadimgi Yunonistonda alohida bilim sohasiga, tо‘g‘rirog‘i, “fanlarning qiroli”, ya’ni asosiy fanga aylangan.
Falsafa voqelikdagi narsa va hodisalarning eng umumiy aloqadorligi va rivojlanish qonuniyatlarini, ularning mohiyatini bilishga qaratilgan fandir. Qadimgi dunyoda fanlarning barchasini, ular qanday ilmiy masalalar bilan shug‘ullanishidan qat’i nazar, filosofiya deb ataganlar. U ham ijtimoiy borliq, hamda tabiat tо‘g‘risidagi ilm hisoblanar edi. Shu ma’noda, dastlabki filosofiya olam va unda insonning tutgan о‘rni haqidagi qarashlar tizimi bо‘lib, dunyoni ilmiy bilish zaruriyatidan vujudga kelgan edi. Bundan tashqari, qadimgi Yunonistonda yuz bergan buyuk uyg‘onish davri о‘ziga xos falsafiy mafkurani ham yaratgani shubhasiz. Uning eng asosiy qadriyati erkinlik tushunchasi bо‘lgan va ana shu erkin hayot tо‘g‘risidagi qarashlar buyuk madaniy yuksalishga asos solgan.
Falsafa Sharq xalqlari ijtimoiy tafakkurida “donishmandlikni sevish” degan mazmun bilan birga, olam sirlarini bilish, hayot, insonni qadrlash, umr mazmuni haqidagi qarash va hikmatlarni e’zozlash ma’nosida ishlatilgan.
Masalan, “Ikkinchi Arastu”, “Ikkinchi muallim” deya e’tirof etilgan mutafakkir Abu Nasr Forobiy “filosofiya” sо‘zini “Hikmatni qadrlash” deb talqin etgan. Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida, - “Mavjudot haqidagi bilim qо‘lga kiritilsa, shu haqda ta’lim berilsa, mavjudotdan bо‘lgan narsaning zoti bilinsa, narsaning ma’nosi tushunilsa, ishonchli dalil-hujjatlar asosida shu narsa haqida miyada bir turli ishonch va tasavvur paydo bо‘lsa, mana shu ma’lumotga doir fanni falsafa deymiz.,1” - degan e’tirofni keltirgan. Faylasuf deganda, kо‘pdan-kо‘p ilm sohalarini egallagan, ustoz va muallim sifatida shuhrat qozongan alloma hamda mutafakkir kishilar tushunilgan.
XIX asr nemis qadriyatshunosi I.Rikkert - “Odamzod olam va odam hamda hayotning qadrini anglab, ular omonat bir narsa ekanini tushuna boshlagan davrlardan falsafiy fikrlashga kirishgan. Binobarin, birinchi faylasuf, kim bо‘lganidan qat’iy nazar, hayotni qadrlaydigan kishi bо‘lgani shubhasiz”.
Falsafa, avvalo, muayyan ilmiy bilimlar tizimidir. U, bir tomondan, insonning voqelikni aql vositasida idrok etishi, ikkinchi tomondan, ongning afsona va rivoyatlar asosidagi shakllardan uzil-kesil ajralish jarayoni natijasidir. Bu ikki jihat bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Chunki behuda xayolparastlik, havoyi va afsonaviy fikrlash tarzidan xalos bо‘lish ilmiy bilimlarni egallash orqali rо‘y beradi. Eng muhimi, falsafa kundalik turmushda uchrab turadigan eskilik asoratlari, bid’at va cheklanishlarga muxolif bо‘lgan hurfikrlilikdir. Falsafa aynan ana shunday yangi dunyoqarashning shakllanishi uchun asos bо‘ldi. Shu о‘rinda birinchi prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi fikrlari keltirish joiz. “Bir sо‘z bilan aytganda, yoshlarimizni falsafiy tafakkur bilan qurollantirish – davr talabi. Nega deganda, bugungi zamonda har qanday raqib va muxolif bilan bahsga kirishish uchun uning qarashlari va g‘oyasi, falsafasini kо‘proq bilishimiz, kerak bо‘lsa, uning о‘zidan ham puxtaroq egallashimiz lozim”2.
“Falsafa” atamasi “filosofiya”ning Sharq ijtimoiy tafakkuridagi shaklidir. Odatda u tushuncha sifatida tor va keng ma’noda qо‘llaniladi. Xususan, keng ma’noda uni antik – qadimiy falsafada “donishmandlikni sevish” deb tushunilganligini aytib о‘tdik. Ayrim faylasuflar va falsafiy oqimlar, chunonchi, ingliz faylasufi T.Gobbs (1558-1679) uni “tо‘g‘ri fikrlash orqali bilishga erishish”, nemis faylasufi Gegel “umuman predmetlarga fikriy yondashish”, Lyudvig Feyerbax “bor narsani bilish”, pragmatizm ta’limoti namoyandalari esa “foydali narsani bilish jarayoni” deya talqin etganlar.
“Falsafa” tushunchasi tor ma’noda madaniyat, san’at, aqliy yoki hissiy bilish usuli, vositasi tarzida ta’riflanadi. Falsafaga bо‘lgan munosabatning xilma-xilligiga asoslangan holda, unga yaxlit, umumlashgan ta’riflar ham berilgan. Falsafaga ijtimoiy ong shakli bо‘lgan madaniyat, san’at, qadriyat nuqtai nazaridan qaraydigan bо‘lsak, uning milliyligini aks ettirish imkoniyati tug‘iladi. Ammo ontologiya, gnoseologiya, naturfilosofiya, antropologiya kabi fan sohalari nuqtai nazaridan qaralsa, ushbu ta’rifda umuminsoniylik va universallik falsafaning asosiy xususiyati ekanligi namoyon bо‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |