21.Tanlanma to’plam reprezentativligi
Reprezentativlik (frants. representatif- namunali) tanlanma to’plam bosh to’plam xususiyatlarini aks ettiradi degan ma`noni anglatadi. Reprezentativlik o’rganilayotgan belgilarning tanlanma to’plamda taqsimlanishi ularning real taqsimlanishiga ma`lum statistik xatolik bilan mos kelishini bildiradi. Har qanday tadqiqotda to’plam reprezentativligini ta`minlash uchun ma`lum sharoitlarga amal qilish kerak. Ulardan asosiylari quyidagilar: a) bosh to’plamning har bir birligi to’plamga tushish ehtimoli bo’lishi zarur; b) o’zgaruvchi to’plam o’rganilayotgan belgiga bog`liq bo’lmagan ravishda tanlanadi; v) tanlov bir xil to’plamlardan amalga oshiriladi; g) tanlovda birliklar soni ko’p bo’lishi lozim. Keng ma`noda reprezentativlik metodikaning validligi bilan bog`liq.
Hozirgi zamonda fanga ma'lum, insonning psixologik jarayonlar, xususiyatlar va holatlarini o‘rganish maqsadida tuzilgan psixodiagnostik metodikalar amaliyotda keng qo‘llanilmoqda. Yangi ilmiy tushunchalarni bayon qilish, ilmiyligini kafolatlash maqsadida, ularga xos belgilarni o‘rganish uchun eksperimental psixodiagnostik vositalarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. XX asr boshlarida ancha yaxshi rivojlangan fanlarning, masalan fizika fanining tushuncha va tadqiqot metodlariga bir qancha talablar qo‘yildi va qabul qilindi, bu psixologiyaga ham fan sifatida taalluqlidir. Bu operatsionalizatsiya va verifikatsiya talablaridir. Operatsionalizatsiya talabi asosida shu narsa yotadiki, yangi ilmiy tushunchani fanga kiritishda albatta aniq, konkret muolajalar, usul va metodlarni ko‘rsatib berish va ular yordamida ilmiy tushunchalarni bayon qilishda bu ko‘rinishlar haqiqatdan mavjudligiga ishonch hosil qilish lozim. Operatsionalizatsiyada har qanday tadqiqotchi amaliy harakati ish jarayonida ilmiy tushunchadagi ko‘rinishlar bayoni haqiqatdan ham aynan shu xususiyatlarga ega ekanligiga ishonch hosil qila olsin.
Verifikatsiya talabi shuni anglatadiki, ilmiylik statusiga talabgor har qanday ilmiy tushuncha, fanga kiritilayotgan yangiliklar, albatta, haqiqiy ma'nosiga ega ekanligini aniqlash maqsadida tekshiruvdan o‘tkazilishi shart. «Verifikatsiya» so‘zi «tekshirish» ma'nosini anglatadi. Bu har qanday tushuncha bo‘shliqdan paydo bo‘lmaganligini, haqiqatdan ham mavjudligini isbotlashda, unga mos psixodiagnostik muolajalar yordamida amalga oshiriladi. Masalan, biz fanga «motiv» tushunchasini kiritmoqchimiz, u holda birinchi navbatda ushbu tushunchaga oid bizga ma'lum tushunchalar va ushbu tushuncha ma'nosiga oid diagnostik belgi, ko‘rinishlarni aniq tavsiflab bera olishimiz kerak. «Motiv» tushunchasini quyidagicha ta'riflab ko‘raylik. “Motiv – bu ichki, psixologik, o‘zini anglagan yoki o‘z-o‘zini anglamagan odam harakatini qo‘zg‘atuvchi manba hamda u bir maqsadga yo‘naltirilgan holda faollikni qo‘llab turadi”.
22.Psixodiagnostik tekshiruvlarga qo’yiladigan talablar
1. Tadqiqotlarni tashkil qilish tekshiruvda qo‘llaniladigan metod va metodikalarni tanlash hamda sinab ko‘rishni (pilotaj tekshiruv) o‘z ichiga oladi. Tadqiqotga tayyorgarlik jarayonida tekshiriluvchilar va ularning soni aniqlanadi.Tadqiqot metodi – bu tadqiqotchini qiziqtirgan ma’lumotni qo‘lga kiritish yo‘li, vositasi.
Tadqiqot metodikasi – bu psixik jarayonlar va ularning xususiyatlari to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni qo‘lga kiritish uchun ishlatiladigan qonkret usul va vositalar majmui.
2. Tadqiqot o‘tkazish joyi turli xil tashqi shovqinlardan holi bo‘lishi, shu bilan birga sanitariya- gigiena qoidalariga javob berishi lozim. Majbur qilmaydigan ish holati ta’minlanishi kerak.
3. Tadqiqotning texnik ta’minlanishi hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga mos tushishi kerak.
4. Sinaluvchilarni sifat jihatidan bir xil qilib tanlash zarur.
5. Tadqiqotchi tadqiqotning borishiga, uning barcha bosqichlarini o‘tkazishga ta’sir etadi (rejalashtirishdan, to xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishgacha).
6. Yo‘riqnoma yoki ko‘rsatma tadqiqot boshlanishidan oldin, tayyorgarlik bosqichida tuziladi. U aniq, qisqa va bir ma’noli bo‘lishi lozim.
7. Tadqiqot natijalari bayonnomalarda qayd etilib, u bir vaqtning o‘zida ham to‘la, ham maqsadga qaratilgan bo‘lishi kerak.
8. Tadqiqotdan olingan ma’lumotlar sifat va miqdor jihatdan analiz, sintez qilinishi, ya’ni qayta ishlanishi zarur.
Psixodiagnostik metodikalarga qo‘yiladigan talablar:
Psixodiagnostik metodikalar qo‘llanilishidan oldin yuqori sifat va samaradorligini ko‘rsatuvchi mezonlar asosida tekshiruvdan o‘tkazilishi zarur.Psixodiagnostik metodikalarni baholashning asosiy mezonlari sifatida ishonchlilik va validlik olinishi mumkin.
Psixodiagnostik metodikalar ishonchliligi – psixodiagnostik metodikaning sifati bo‘lib, u ushbu metodika yordamida etarlicha barqaror natijalarga erishish imkoniyati bilan belgilanadi.
Metodikaning ishonchliligi – natijalar barqarorligi va takrorlanishini ko‘rsatuvchi mezon. A.Anastazi agar bola hafta boshida intellekt testi bo‘yicha 110 ga teng ko‘rsatkichga ega bo‘lsa, hafta oxirida bu ko‘rsatkich 80 ga teng bo‘lsa, bunday metodikaga ishonch bilan qarash mumkin emasligi haqida yozgan. Ishonchli metodikalarni qayta o‘tkazish o‘xshash natijani ko‘rsatishi kerak. Ozgina o‘zgarish bo‘lishi mumkin, lekin ular unchalik ahamiyatli bo‘lmasligi kerak.
Metodikalar ishonchlilik darajasi bir qancha sabablarga bog‘liq. Tadqiqot natijalari aniqligini pasaytiruvchi omillar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
- diagnoz qilinayotgan sifatning stabil, barqaror emasligi;
- diagnostik metodikalarning takomillashmagani (ko‘rsatma xato tuzilgan, topshiriqlar xarakteri jihatidan har turdaligi, tekshiriluvchiga metodikani taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatmalarning noaniqligi);
- tadqiqot vaziyatining o‘zgarishi (kunning har xil vaqtida tekshiruv o‘tkazilishi, xonaning turlicha yoritilishi, begona shovqinlarning bor yoki yo‘qligi);
- eksperimentator xulq-atvori, gapirish ohangining o‘zgarishi (bir tajribada boshqacha ko‘rsatma, boshqasida uni o‘zgartirib berishi; topshiriqning bajarilishini turlicha stimullashtirishi);
- tekshiruvchi funksional holatidagi o‘zgarishlar (o‘zini his qilishi yaxshi bir eksperimentda, boshqasida charchash holatida bo‘lishi);
- natijalarni sharhlash va baholashda sub’ektivlik.
Psixodiagnostik metodikalar ishonchliligini tekshirish yo‘llaridan biri standartlashtirish, metodika o‘tkazish muolajasini va uning natijalarini baholashning yagona talablarini ishlab chiqish.
Metodikani baholashning yana bir muhim mezoni validlik hisoblanadi. Ishonchlilik aniqlangach, metodikaning validligi masalasi ko‘rib chiqiladi. Chunki ishonchli bo‘lmagan metodika validligi yuqori metodika bo‘la olmaydi.
Metodika validligi – metodika yordamida olingan ma’lumotlarning nimani aniqlashga qaratilganligi, ya’ni metodika mohiyati bilan mosligi.
Validlik – metodikaning samaradorligi, amaliy foydasini ko‘rsatuvchi mezon.
Reprezentativlik – tanlanmaning sinaluvchilar bosh majmui xarakteristikalarini ko‘rsatuvchi xususiyati.
Do'stlaringiz bilan baham: |