1 – Mavzu. Ekologiya fanining asosiy maqsad vazifalari
Ma’ruzaning rejasi
1. Ekologiya fani va uning rivojlanish tarixi
2. Ekologiyaning boshqa fanlar bilan aloqasi
3. Fan-texnika rivojlangan hozirgi zamonning muhim ekologik vazifalari
Mavzuga doir tayanch iboralar
atrof-muhit, salomatlik, tabiat, jamiyat, E.Gekkel 1866 y., «oykos», biologik, makrotizimlar, populyasiya, biotsenoz, biogeotsenoz, ekologik meyorlashtirish, faktorial, abiotik va biotik omillar, global ekologiya, regional ekologiya, evolyusion ekologiya, sanoat ekologiyasi, muhandislik ekologiyasi.
Ekologiya fani va uning rivojlanish tarixi
Ma’lumki, keyingi paytlarda kundalik turmushimizda «ekologiya» so‘zi tez-tez uchraydi. Buning sababi atrof-muhit holatining o‘zimiz, ya’ni insonlar, tomonidan noqulay holatga keltirilganligida. SHuning uchun ham bu atama ko‘pincha «Jamiyat», «Inson», «Atrof-muhit», «Salomatlik» kabi so‘zlar orasida tez-tez qo‘llaniladi. Zyeroki «Tabiat» va «Jamiyat» o‘zaro dialektik birlikda bo‘lib, ular doimo bir-biriga ta’sir o‘tkazib keladi. Bizni o‘rab turgan barcha tabiiy ne’matlar – muzligu-qumliklar, o‘rmonu-dashtlar, tog‘u-toshlar, havoyu-suvlar, xullas, barchasi o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, bir-birini muvozanatda saqlaydi. Tabiatning biror bir yerida, biror-bir jabhasida sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar tabiiy muvozanatga ta’sir etmay qolmaydi. Bunday muvozanatni saqlab turish hayotning ekologik qonun-qoidalarini o‘rganishni talab qiladi.
Sirasini aytganda, ekologik tushunchaning ildizi tarixan chuqur bo‘lib, antik davrga borib taqaladi. Hayvon va o‘simliklarining Yer yuzida tarqalishi va ular hayotining tashqi muhit bilan bog‘lanishlari to‘g‘risidagi ekologik ma’lumotlar yeramizdan avval yashab o‘tgan grek faylasuflari Aristotel (yeramizdan avvalgi 384-322 y) va Teofrast Yerezeyskiy (e.a. 371-280 y)lar tomonidan to‘plangan. Ammo «ekologiya» atamasi fanga kechroq kirib keldi. Uni birinchi marta nemis olimi E. Gekkel 1866 yilda o‘zining «Organizmlarning umumiy morfologiyasi» asarida qo‘llab, u ekologiyani tirik organizmlar bilan ular yashaydigan muhit o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganuvchi fan, deb qabul qildi.
Ekologiya so‘zi grekcha bo‘lib, «oikos» - uy, yashash joyi, «logos» - fan demakdir. Bu so‘zlarni keng ma’noda tushunish zarur. Atamaning fanga kiritilishidan hozirgacha o‘tgan davr mobaynida uni turli mutaxassislar turlicha izohlab kelmoqdalar. Rus olimi akademik S.S. SHvars bir ilmiy anjumanda: men ekologiya fani to‘g‘risida yuz xil fikr aytishim mumkin va ularning barchasi ham ozmi-ko‘pmi to‘g‘ri bo‘lib chiqadi, degan edi.
Darhaqiqat, ekologiya tushunchasi juda keng bo‘lib, uni kengaytirishda, ekologiya fanining shakllanishi va rivojlanishida ko‘pgina olimlar hissa qo‘shdilar. Ingliz olimlaridan CH. Elton «Populyasion ekologiya»ni, A. Tesli «Ekotizimlar», nemis olimi K.Myobius «Biotsenozlar» nazariyasini, belgiyalik L.Dollo «Ekologik paleontologiya»ni asosladi, rus olimi V.N. Sukachev fanga «biogeotsenoz» tushunchasini kiritdi. SHuningdek rus olimlaridan K.F. Rule paleoekologiya faniga, A.N. Beketov esa fitogeografiya faniga asos soldi. Ekologiya fani tarixida ayniqsa CH. Darvinning evolyusion ta’limoti hamda akademik V.I.Vyernadskiyning biosfyera to‘g‘risidagi ta’limoti tub burilish yasadi.
Ekologiya fanining rivojiga O‘rta Osiyoda yashab, o‘lka tabiati bilan qiziqqan allomalar – Muhammad Muso al-Xorazmiy (782-847), Abu Nasr Forobiy (870-950), Abu Rayhon Byeruniy (973-1048), Abu Ali Ibn Sino (980-1037), Zahriddin Muhammad Bobur (1483-1530) va boshqalarning ham hissalari bor. O‘zbekistonning o‘simlik va hayvonot dunyosini o‘rganishda M.S.Popov, E.P.Korovin, K.Z.Zokirov, I.I.Granitov, S.S.Saxobiddinov, O‘.Pratov, D.N.Kashkarov, T.Z.Zohidov, V.V.YAxontov, A.K.Sagitov, O.P.Bog-danov va boshqa ko‘pgina olimlarning xizmatlari katta bo‘ldi.
SHunday qilib, turli mamlakat olimlarining ilmiy izlanishlari tufayli ekologiya fani to‘g‘risidagi tasavvurlar tobora kengayib bordi. L.I.Svetkova va boshqalarning 1999 yilda texnik Oliy o‘quv yurtlari uchun nashr etilgan «Ekologiya» darsligida «Ekologiya o‘z ildizlari bilan biologiya fani zaminida rivojlangan bo‘lsada, hozirgi paytda uning doirasidan chiqib yangi integrallashgan fanga aylandi va tabiiy, texnik hamda ijtimoiy fanlararo ko‘prik vazifasini bajarmoqda», degan satrlar ham uchraydi. Xulosa qilib aytganda:
ekologiya – biologiya fanlarining rivojlanishidan kelib chiqqan yangi tarmoq bo‘lib, u biologik makrotizimlar darajasidagi organizmlarning o‘zaro va atrof muhit bilan bog‘lanishlari to‘g‘risidagi fandir.
Ekologiyaning predmeti – bunday bog‘lanishlarning zamon va makonga qarab o‘zgarib borishni o‘rganish ya’ni atrof muhitdagi tabiiy muvozanatni monitoring qilishdan iboratdir. Uning vazifalari – Yer yuzidagi tiriklik jarayonlarining qanday kechayotganligini o‘rganib borish, fan va texnika rivojlangan hozirgi sharoitda industrial jamiyat kishisining tabiatga ta’sirini o‘rganish va uni boshqarishdan iborat. Bu vazifani bajarish uchun ekologik meyorlashtirish tizimini yaratish zarur. Ekologik meyorlashtirish – bu atrof muhitga antropogen ta’sirning yul qo‘yilishi mumkin bo‘lgan chegarasi (PDK) ni belgilashdir. Mazkur nazariyani rus olimi S.S. SHvars ishlab chiqib, qo‘llash uchun taklif qilgan. Ekologik meyorlashtirilishning to‘g‘ri yulga qo‘yilishi yashash muhitidagi tabiiy muvozanatni saqlab qolib, inson uchun noqulay ekologik vaziyat vujudga kelishining oldini oladi.
Ma’lumki, kishilik jamiyatining rivojlanishi bilan atrof muhitga antropogen omillarining ta’siri kuchayib ketdi. Ayniqsa keyingi yillarda bunday ta’sir biosfyera chegarasidan chiqib, koinotgacha etib bordi va muhitning ekologik tozaligini saqlash dunyo miqyosidagi global masalaga aylandi. SHunga ko‘ra ekologiya fani vazifalarining doirasi ham yanada kengaydi. Buni ekologiyaning boshqa fanlar bilan bog‘liqligida ham ko‘rsa bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |