135. Haqiqat va uning namoyon bo‘lish shakllari Tayanch atamalar: nisbiy va mutloq haqiqat, haqiqat va amaliyot birliki
Haqiqat – bilish nazariyasining bosh kategoriyasi. U borliqning bilishdagi ideal ifodasi, chunki haqiqat ongdan, bilayotgan subyektdan tashqarida va undan qat’iy nazar mavjuddir. Haqiqat – bilimlarning obyektiv borliqqa muvofiq bo’lgan mazmuni. U bilish jarayoni, bilish in’ikosining natijasidir. Haqiqat ilmiy nazariyada mujassamlashgan anglab yetilgan tasdiqlovchi mulohazalar ko’rinishida o’z ifodasini topadi. Har qanday ilmiy nazariya rivojlantirilishi, ba’zan boshqa, yanada haqiqiyroq nazariya bilan almashtirilishi lozim. Shu ma’noda haqiqat – bilish rivojlanishining yakuni va ayni vaqtda omilidir. Falsafa tarixida haqiqat (bilimlarning haqiqiyligi) muammosi qadimgi davrlardayoq ta’riflangan. “Avesto”da haqiqat oliy sharofatdir deyiladi. Darhaqiqat insoniyat doimo haqiqatga intilgan. Zero haqiqat adolatga, sharofatga eltadigan buk qudrat. Aristotel fikricha haqiqat – mulohazalar va amaldagi holat o’rtasidagi muvofiqlikdir. Hozirgi zamon bilish nazariyasida haqiqiy bilim va uning shakllari haqida turli fikrlar mavjud. Obyektiv haqiqat – bilimlarimizning inson insoniyatga bog’liq bo’lmagan mazmuni. Bizning bilimlarimizda doim yo muayyan odamga, yo muayyan ijtimoiy guruhga bog’liq bo’lgan unsur mavjud bo’ladi. Binobarin, o’z bilimlarimizda subyektiv unsurlarga bog’liq bo’lmagan va shu sababli obyektiv hisoblanadigan mazmunni qayd etishimiz lozim. Obyektiv haqiqat rivojlanib, ikki shakl: nisbiy va mutlaq haqiqat shakllarida amal qiladi. Mutlaq haqiqat – predmetni kelajakda to’ldirilishi yoki unga aniqlik kiritilishi mumkin bo’lmagan tarzda to’la, mukammal bilishdir. Olam zamon va makonda cheksizligi tufayli bunday bilimga amalda erishish mumkin emas. Haqiqat tushunchasini mutlaq haqiqat tushunchasi bilan tenglashtirib, biz unga erishib bo’lmasligi, demak, umuman bilish mumkin emasligi haqida gapiramiz. Biroq fanning haqiqiy tarixi buning teskarisidan dalolat beradi: fan rivojlanadi, chunki u nisbiy va mutlaq bilimning birligi sifatida tushuniladigan haqiqatni bilishga qodir. Boshqacha aytganda, obyektiv haqiqat to’la va mukammal ko’rinishdagi mutlaq haqiqatdir. Ayrim hollarda, agar haqiqat vaqt o’tishi bilan o’zgarmasa, ya’ni vaqt shart-sharoitlariga bog’liq bo’lmasa, u boqiy haqiqat deb ataladi. Nisbiy haqiqat – borliqni asosan to’g’ri aks ettirsa-da, obraz obyektga uncha mos emasligi bilan ajralib turadigan bilim. Nisbiy haqiqat to’g’ri, biroq noto’liq, taxminiy, vaqt va joyning ma’lum tarixiy shart-sharoitlari bilan cheklangan haqiqatdir. Haqiqatning korrespondent, kogerent va pragmatik konsepsiyalari mavjud. Ularning har biri fanda rivojlanish jarayonida katta qiyinchiliklarga duch keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |