134. Dunyoqarash va uning tarixiy shakllari. Tayanch atamalar: mifologik, diniy, tiologik, stixiyali
Dunyoqarashning tarixiy shakllari. Turli davrlar bilishni yanada teranlashtirdi va inson dunyoqarashini kengaytirdi. Shunga mos ravishda oddiy (empirik) dunyoqarash ham boyib bordi, uning negizida o’zini o’zi tashkil etish qonunlariga muvofiq yanada murakkabroq tuzilmalar asta-sekin shakllandi va bu pirovard natijada dunyoqarashning alohida shakllari yoki, tarixiy tiplari farqlanishiga olib keldi. Ularning eng muhimlari mif, din, falsafa va fandir.Tarixan dunyoqarashning dastlabki shakllari mif va din falsafa va fan bo’lib, bu hol insoniyat tadrijiy rivojlanishining umumiy mantiqi bilan mushtarakdir. Ko’nikmalar, tajriba va oddiy bilimlar to’planishiga qarab, nafaqat ularni avloddan avlodga o’tkazish muammosi yuzaga kelgan, balki ibtidoiy odamlarning dunyoqarashi ham murakkablashib borgan. Bu dunyoqarash rivojlanishining muayyan bosqichida, to’plangan bilimlarning «yuqori bosqichiga» yetilgach, boshqa har qanday murakkab tizimda bo’lganidek, dunyoqarashda ham o’zini o’zi tashkil etish qonunlari amal qila boshlagan. Mifologik dunyoqarash. «Mif» tushunchasi yunoncha mythos so’zidan kelib chiqqan bo’lib, afsona, rivoyat degan ma’noni anglatadi. Mif – bu turli xalqlarning dunyoning kelib chiqishi, tabiat hodisalari, fantastik mavjudotlar, xudolar va qahramonlarning ishlari haqidagi tasavvurini ifodalovchi muayyan tarzda tizimga solingan dunyoqarashdir. Diniy dunyoqarash. Dunyoqarashning tarihan ikkinchi shakli dindir. (Din so’zi arabchadan tarjimada e’tiqod, ishonch, ishonmoq degan ma’nolarni anglatadi.) Mif kabi, din zamirida ham e’tiqod, tuyg’ular va emosiyalar yotadi. Garchi din kurtaklari «aqlli odam» dunyoqarashi shakllanishining dastlabki bosqichlarida, ya’ni taxminan 40-60 ming yil muqaddam paydo bo’lgan bo’lsa-da, umuman olganda u dunyoqarashning mustaqil shakli sifatida keyinroq, jumladan mif ta’sirida insonning abstrakt fikrlash qobiliyati sezilarli darajada kuchaygan davrda vujudga kelgan. Falsafiy dunyoqarash. Miloddan avvalgi VII-VI asrlarga kelib asosan mif va din ta’sirida odamlar dunyoqarashi nafaqat kengaydi, balki ancha murakkablashdi. U abstrakt nazariy fikrlash qobiliyati va (to’plangan bilimlar ko’rinishida) real asoslarga ega bo’lishi natijasida o’z rivojlanishining butunlay yangi darajasiga ko’tarildi. Bunga, hyech shubhasiz, mehnat taqsimotiga olib kelgan rivojlangan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, ma’lum miqdorda ortiqcha mavjudlik vositalari, bo’sh vaqtning paydo bo’lishi ham imkoniyat yaratdi. Bularning barchasi muayyan shaxslar doirasiga intellektual faoliyat bilan professional darajada shug’ullanish imkonini berdi. Shunday qilib, taxminan 2500 yil muqaddam dunyoqarashning uchinchi shakli – falsafa paydo bo’lishi uchun zarur shart-sharoit Yevropa va Osiyoda deyarli bir vaqtda yuzaga keldi. Dunyoqarashning avvalgi shakllari – mif va dindan farqli o’laroq, falsafa dunyoni e’tiqod va tuyg’ularga tayanib emas, balki aql va bilimlarga tayangan holda tushuntiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |