ADABIY TIL SHAKLLARI
R e j a:
1. Adabiy til shakllari
2. Yozma adabiy til va uning turlari.
3. Og'zaki adabiy til va uning turlari.
Adabiy til yozma va og'zaki shakllarga ega bo'ladi.
Harflar vositasida yozma ravishda bayon qilinuvchi adabiy til yozma adabiy til sanaladi.
Masalan, gazeta-jurnallar tili, ish qog'ozlari tili va boshqalar.
Tovushlar vositasida og'zaki ravishda bayon qilinuvchi adabiy til shakliga og'zaki adabiy til deyiladi.
Masalan, radio, televideniye orqali uzatiluvchi suxandon yoki jurnalist nutqi va hokazolar.
Adabiy tilning rivojlanishida badiiy asarlarning xizmati katta, chunki adabiy til me'yorlarining shakllanishida adabiyotning ta'siri kuchli bo'ladi. Shunday bo'lishiga qaramasdan adabiy til bilan badiiy til bir narsa emas. Badiiy tilda adabiy til bilan birgalikda turli shevalarga yoki kasb-hunarga mansub personajlar nutqi ham ishtirok etadi.
Masalan,
Odamlar aqlining chirog'i bilim,
Balodan saqlanish yarog'i bilim.
(Rudakiy)
Badiiy til (badiiy nutq), adabiy tilning og'zaki so'zlashuv uslubi, publitsistik uslub, rasmiy uslub singari uslublardan biri, ya'ni badiiy uslub sanaladi. Ko'rinadiki, adabiy til badiiy tildan kengroq tushuncha bo'lib, badiiy tilni ham o'z ichiga oladi.
Savol va topshiriqlar
1. Adabiy til nima va u xalq shevalaridan nimasi bilan farq qiladi?
2. Xalq shevalari deganda nimani tushunasiz va uning adabiy til bilan aloqasi qanday?
3. Siz mansub bo'lgan shevaning adabiy tildan farq qiladigan tomonlarini ayting.
4. Yozma adabiy til nima?
5. Og'zaki adabiy til deganda nimani tushunasiz?
6. Badiiy til bilan adabiy til bir narsami?
7. Adabiy tilning qanday uslublarini bilasiz?
3-dars. LEKSIKOLOGIYA. SO'Z VA LEKSEMA
3.1. LEKSIKOLOGIYA
R e j a:
1. Leksika haqida.
2. Leksikologiya haqida ma'lumot.
Har qanday tilni o'rganayotgan paytingizda, eng avvalo, sizni qurshab turgan narsa va hodisalarning amaliy hayotingiz bilan bog'liq bo'lgan turli xil harakati, holatlari, belgi va xususiyatlarining shu tilda qanday ifodalanishini, nomlanishini bilishdan boshlaymiz.
Ma'lum bir tildagi ana shunday so'zlar yig'indisi shu tilning lug'at tarkibini tashkil qiiadi.
Leksika atamasi ikki ma'noda qo'llaniladi:
a) tilning lug'at tarkibi, so'zlar yig'indisi;
b) lug'at tarkibini o'rganuvchi tilshunoslikning alohida bo'limi.
Leksika atamasining ikkinchi ma'nosi uchun leksikologiya atamasi ham qo'llaniladi.
Leksikologiya yunoncha lexikos — so'z, so'zga doir va logos — ta'limot so'zlarining birikuvidan olingan bo’lib, leksika (so'z) haqidagi ta'limot demakdir. Demak, so'z va uning ma'nolarini o'rganuvchi tilshunoslik bo'limiga leksikologiya (ba'zan leksika) deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |