BARQAROR BIRIKMALAR TASNIFI
Barqaror birikmalar nutqqa tayyor holda olib kirilishi, tarkibiy qismlarining barqarorligi belgisiga ko'ra umumiylikni tashkil etsa ham, ma'no butunligi nuqtayi nazaridan turlichadir. Shunga ko'ra barqaror birikmalar quyidagi guruhlarga bo'linadi:
1. Frazeologizmlar.
2. Maqol va matallar.
3. Aforizmlar.
Barqaror birikmalarning bir guruhi tarkibidagi so'zlar ma'no jihatdan uyg'unlashib, mazmuniy yaxlitlikni vujudga keltiradi va ko'pincha mazmunan bir leksemaga teng keladi va ko'chma ma'noda ishlatiladi.
Masalan, qulog'i ding bo'lmoq — hushyor bo'lmoq, qovog'i osilmoq — xafa bo'lmoq, og'zining tanobi qochdi — quvonmoq kabi.
Ma'no yaxlitligiga ega bo'lgan va nutqiy jarayonga qadar ikki va undan ortiq so'zlarning barqaror munosabatidan tashkil topgan, nutqqa tayyor holda olib kiriluvchi ko'chma ma'nodagi barqaror birikmalarga frazeologizmlar deyiladi.
Frazeologizmlar gap tarkibida uning bir bo'lagi vazifasida keladi. Frazeologizmni tashkil etgan so'zlar frazeologizmning faqat ichki uzvlari sanaladi. Gapning boshqa bo'laklari bilan yaxlit, bir butun holda munosabatga kirishadi.
Masalan, Rais daladagi hosilni ko'rib boshi osmonga yetdi. Bu gapda boshi osmonga yetdi qismi butun holda kesim vazifasida keladi.
151- mashq. Frazeologik iboralarning sinonimlarini toping, ular ishtirokida gap tuzing.
1. Boshi ko'kka yetmoq.
2. Yer tagida ilon qimirlasa bilmoq.
3. Ichini mushuk tirnamoq.
4. Ko'zini bo'yamoq.
5. Ko'zi to'rt bo'lmoq.
6. Tepa sochi tikka bo'lmoq.
7. Tomdan tarasha tushganday.
8. Xamirdan qil sug'urmoq.
9. Tarvuzi qo'lidan tushmoq.
10. Ikki oyog'ini tirab turmoq.
152- mashq. Matnni o'qing. «Tulki qiziga to'y berdi» iborasini izohlang. Yana shu kabi qanday iboralarni bilasiz? Ularni ham izohlashga harakat qiling.
Qor laylaklab-laylaklab yog'di. Qor yerga tushib-tushmay yog'di.
Laylakqor taqqa tindi. Yerda qor tugul, nam-da bo'lmadi. Qor havosi-da bo'lmadi. O'ynab qo'yay, bundayin havoni oti nima bo'ldi? Qor yog'madi, deyin, dedim — havoda laylaklab qor o'ynadi. Laylaklab qor yog'di, deyin, dedim — yerda qordan nishona bo'lmadi. Dehqon bunday havoni:
- Tulki qiziga to'y berdi, — deydi.
Kechasi yig'ilishda raisimiz kundalik yaganani so'radi. Yo'l- yo'riqlar berdi.
Shunda raisimiz oldida turgan telefon jiringladi.
Raisimiz telefonda salom-alik qilgan bo'ldi.
Gap-so'zidan bildim — raisimiz ideologiya bilan gapirishdi. Ob- havoni gapirishdi. Chaynab-chaynab gapirishdi.
Raisimiz sharaqlatib telefon dastasini tashladi. Derazaga qarab, lab burdi.
- Tavba, — dedi, — ajab vakilamiz bor-da! «Kolxozlaringda qor yoqqan emish, g'o'za nima bo'ldi?» deydi.
- Qor yoqqan, tulki qiziga to'y berdi, desam, «Tulkiyam to'y qiladimi?» deydi...
(Tog'ay Murod. «Otamdan qolgan dalalar»)
Do'stlaringiz bilan baham: |