Alayhil-la’na iblisga sadoqatli malaydursan,
Qayon yaxshi odam borki, go’riga g’isht qalaydursan.
Ko’rinsa bir ayol xushro’y, yo’tal tutgay seni birdan,
Baroq qosh ostidan qiyg’ir ko’zing-la parmalaydursan.
Bale, fisqu-fasod “ilmi” aro senga taraf yo’qdir,
Jame’i rasvo hunarni sen bilursan, uddalaydursan!
Agar afting esa qiyshiq – nachora, oynada ne ayb,
Nechun ahli zamondan, ham zamondan o’pkalaydursan?
Necha boshga balo bo’lding, baloi tim qaro bo’lding,
Tuzalmas, bir yaro bo’lding, qishu yoz maddalaydursan.
Odamsan, zohiran, lek benasibsan odamiylikdan,
Ya’nikim, shunchaki maxluq erursan, o’rmalaydursan...
10. Yumoristik obrazlarda hayotdagi ayrim nuqsonlar yengil, quvnoq kulgu ostiga olinadi va ularni tuzatishga chorlaydi. Mullado’st (“Maysaraning ishi”-H.H.Niyoziy), Hamrobuvi, Xolnisa (“Shohi so’zana”- A.Qahhor), Toshbolta (“Toshbolta oshiq”-H.G’ulom) kabilar yumoristik obrazlarning jonli namunalaridir. Asqad Muxtorning “Afsona” she’ri (yuqorida keltirgan edik)ni qayta bir o’qisangiz, yumoristik obrazlarga xos yoqimli kulguning jonli shohidi bo’lasiz.
Asar qurilishida tutgan o’rniga qarab obrazlar quyidagicha turlarga bo’linadi:
1. Asar voqealarining markazida turib, asar syujetini harakatga keltiradigan va oxirigacha rivojlantiradigan, asar bosh g’oyasini o’zida tashiydigan shaxslar – Bosh obraz yoki Bosh qahramon deb yuritiladi.
Jumladan, XX asr boshida o’zbek xalqi o’zini qanday taniganini ko’rsatish “Qutlug’ qon” (Oybek)ning bosh g’oyasidir. Ana shu g’oyani o’zida tashigani va asarning boshidan oxirigacha ishtirok etgani uchun Yo’lchi romanning bosh qahramoni sanaladi. Xuddi shuningdek, Otabek “O’tgan kunlar” (A.Qodiriy)ning, Po’lat “Qudratli to’lqin” (Sh.Rashidov)ning, Avaz “Qora ko’zlar” (P.Qodirov)ning, Ahmadjon “Davr mening taqdirimda” (A.Muxtor)ning bosh obrazidir.
2. Badiiy asarda ma’lum bir g’oyani (asardagi bosh g’oyaning kichik bir bo’lagini) ifodalovchi, syujet davomida bir, ikki ko’zga ko’ringan obrazlar epizodik yoki yordamchi obrazlar deyiladi.
Jumladan, “O’tgan kunlar” romanidagi Qovoq devona, Usta Farfi, Rahmat, Ahmadxon, Komilbek kabilar – epizodik obrazlardir.
Usta Farfi romanda bir epizodda ko’rinadi va Otabek bilan usta Alimni “Komilbekni qotili Hamid” ekanligiga ishontirish, Kumushning xaridori, uni o’ziniki qilishga harakati borligini bildirish uchun, “bu bir it, tomdagi luqmani o’zi ham yemaydi, boshqaga ham yedirmaydir, nah itning o’zi!” - deya Hamidni xarakterlash uchun, Otabek hayotidagi fojealarning manbaini, Hamidning yordamchisi Sodiq usta Alimga qo’shni ekanini ta’kidlash uchun kiritiladi. Bu vazifani o’tab bo’lgach, romanning keyingi voqealari tasvirida ko’rinmaydi. Shunga asosan u-yordamchi obrazdir.
Adabiyot hayotni ikki xil yo’l bilan tadqiq etadi: biri-tasdiqlash, ikkinchisi-inkor etish. Shunga ko’ra obrazlar quyidagicha turlarga bo’linadi:
1. Xatti-harakati, xarakter xususiyati bilan ,asosan, ijobiy xislatlarni o’zida tashisa va kitobxon uchun o’rnak bo’la olsa, jamiyatni ezgulik va komillikka yetaklay bilsa, u – ijobiy obrazdir. Bu xususiyatlarga ega bo’lgan Otabek, Yo’lchi, Bobur, Po’lat, Ahmadjonlar – ijobiy obrazlar sanaladi.
2. Xatti-harakati, xarakter xususiyati bilan, asosan salbiy xislatlarni o’zida tashisa, kitobxonni o’ziga nisbatan nafratini uyg’otsa, jamiyatni tanazzulga tortsa, u- salbiy obrazdir. Hamid, Musulmonqul cho’loq (“O’tgan kunlar”), Ahmad Tanbal (“Yulduzli tunlar”), Inoyat oqsoqol (“Ufq”) kabilar bu xil obrazlarning tipik vakilidir.
Adabiyot tarix va zamona materialiga murojat qilishiga ko’ra quyidagi obrazlarni vujudga keltiradi:
1. Yozuvchi “tarix orqali zamonaning ichiga kirsa” (A.Tolstoy), tarixda bo’lib o’tgan voqelikni obrazlarda gavdalantirsa, ular tarixiy shaxslar obrazi deb yuritiladi. Hamid Olimjoninng “Zaynab va Omon”idagi Zaynab, Oybekning “Navoiy” romanidagi Navoiy, P.Qodirovning “Avlodlar dovoni”dagi Akbar real tarixiy shaxslar obrazidir.
2. Yozuvchi bugungi jamiyatning taraqqiyoti uchun zarur bo’lgan yangi g’oyalarni ifoda etsa, bu g’oyalarni zamondosh, “tanish bo’lgan notanish” xarakterlarda gavdalantirsa, bu zamonaviy obraz yoki zamondosh obrazi deb yuritiladi. Mustaqillik mafkurasini qalbiga ko’chirgan, istiqlol mohiyatini o’zida jam qilgan, el-yurt ravnaqi uchun kuyib, yonib yashayotgan, O’zbekistonining buyuk davlat bo’lishiga asos va kuch berayotgan tadbirkor, mulkdor zamondoshlarimiz obrazi – bunday obrazlarning yaqqol timsolidir.
Adabiyotshunoslikda obrazlarning yana boshqacha turlari ham mavjud: o’zgaruvchan obrazlar (Yormat-“Qutlug’ qon”), murakkab obrazlar (Ortiq-“Qora ko’zlar”) kabi. Demak, bu sohadagi izlanishlar davom etaveradi.
Badiiy asardagi bir - biri bilan uzviy bog’liq obrazlar majmui - obrazlar (sistemasi) tizimi (“O’tgan kunlardagi” Yusufbek hoji – O’zbekoyim- Otabek – Kumush – Yodgorbek kabi), asardagi ma’lum bir guruhga mansub obrazlar – obrazlar galereyasi (“O’tgan kunlar”dagi Hamid – Sodiq – Mutal - Jannat kampir kabi) deb yuritiladi.
Badiiy asar qahramonlarini yuqoridagidek turlarga ajratish mumkindir, lekin ular o’rtasiga Xitoy devorini qo’yish tamoman noto’g’ridir. Chunki go’zal va hayotbaxsh bitta obraz (masalan Otabek)ni - realistik obraz, epik obraz, bosh obraz, ijobiy obraz, tarixiy obraz deb yuritaverish haqiqatga to’g’ri kelaveradi.
Hayotda har qanday yaxshi insonning ham qusurlari, har qanday yomonning ham yaxshi hislatlari borligiga hech kim shubha qilmaydi. Hammasi ham aybdor (beayb-Parvardigordir) bandalardir. Shunday ekan, badiiy asar qahramonlarini faqatgina bir rangda (oq yoki qora, yoki qizil) tasvirlanishi, sun’iy ravishda bir rangning quyuqlashtirilishi mantiqan noto’g’ridir.
Jumladan, “Oltin zanglamas” (Shuhrat)dagi Mirsalim, “Chiniqish” (Mirmuhsin)dagi Bo’rixo’ja, “Senga intilaman” (H.G’ulom)dagi Mirhosil obrazlari yozuvchilar tomonidan jamiyatimizda uchrab turuvchi salbiy xususiyatlarning deyarli barchasini o’zlarida jamg’argan shaxslar sifatida tasvirlanadi; obraz aniqligiga putur yetkaziladi. Natijada, bu obrazlar o’zlarining jonli qiyofalarini yo’qotib, salbiy xususiyatlarning yig’indisiga aylanib ketadilar. Chunonchi, yigirma yildan buyon kolxozga rais bo’lib kelgan Mirhosil – qo’li egri, qo’pol, xushomadgo’y, cho’lni nobud etuvchi, ma’naviy jihatdan buzuq, xotin olib, xotin qo’yuvchi va hokazo...
Adabiyot – insonshunoslik ekan, adabiy asardagi obrazlar hayotdagi kishilarning fe’l - atvorlariga – xarakterlariga muvofiq kelishi, eng asosiysi, hayotiy bo’lishi talab qilinadi.
Adabiyotshunoslikda “obraz” tushunchasi bilan ba’zida teng, ba’zida farqli ishlatiladigan “personaj”, “qahramon” tushunchalari ham bor.
Personaj (lat. personal-shaxs so’zidan) atamasi badiiy asarda ishtirok etuvchi hamma shaxslarga nisbatan qo’llaniladi. Ko’pincha asardagi epizodik obrazlar-personajlar deb yuritiladi, shu sabab uning tushunchasi obrazga nisbatan tor hisoblanadi. “Ona lochin vidosi” (P.Qodirov) romanidagi Ibn Ali, Ahmad Tarxon, Bobo Husayn, Habiba Sulton, Robiya Sulton, Uvays Tarxon, Sherhoji kabilar – personajlardir.
Qahramon deganda, shijoati, dovyurakligi, botirligi bilan shuhrat qozongan, jonbozlik, mardlik qilib o’zini ko’rsatgan (M., O’zbekiston Qahramoni) kishi tasavvurga kelsa-da, bu tushuncha umuman asarda ishtirok etuvchi (Yo’lchi, Yormat, Unsin; Hamid, Sodiq, Mutal; lirik qahramon, epik qahramon) ijobiy yoki salbiyligidan qat’iy nazar hamma shaxslarga, ko’pincha, bosh ishtirokchilarga nisbatan qo’llaniladi. Chunki, har qanday salbiy qahramon ham adabiy asarga to’qib-bichib kiritilar ekan, u ham asardagi biror voqea-hodisaning yuzaga kelishida asosiy rol o’ynashi, shubhasizdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |