Gumanitar halokat
15 avgust holatiga ko‘ra, «Tolibon»dan qochib, butun mamlakat hududidan Kobulga yetib kelganlar soni 17 ming 600 dan oshdi.
BMT gumanitar koordinatsiya idorasi yana minglab odamlar Kobul tomon harakatlanayotganini ma'lum qildi.
Afg‘oniston rasmiylaridan yetarli yordam ololmagan bu insonlar parklarda va ko‘chalarda tunashga majbur bo‘ldi.
Ba'zilarning aytishicha, ular xavfsizlik kuchlari uchun ishlaydigan erkaklar «Tolibon» tomonidan o‘ldirilgan va ayollarga cheklovlar qo‘yilgan shaharlardan qochishgan.
Jahon oziq-ovqat dasturi Afg‘onistondagi mavjud vaziyat «gumanitar halokatining barcha xususiyatlariga ega» ekanligini ta'kidladi.
Mavhum kelajak
«Tolibon» mamlakatni qanday boshqarishi noma'lum. Boshqaruv uslubi ham mintaqaga ko‘ra farqlanishi mumkin.
«Tolibon» nazorati ostidagi hududlardan kelayotgan xabarlar esa mavhumlikni aks ettirmoqda.
BBC’ning aniqlashicha, Mozori Sharifdan 20 kilometr uzoqlikdagi Balx shahrida ayollar va qizlar erkaklar hamrohligisiz tashqariga chiqishi mumkin. Ammo libosi tufayli bir ayol o‘ldirilgani haqida xabarlar bor.
Boshqa mintaqalarda, masalan, shimolda – Tojikiston bilan chegaradosh qishloqlarda esa ayollar burqa kiyishga majbur bo‘lgani va uylaridan yolg‘iz holda chiqa olmasligi aytilmoqda.
Yosh ayollar «Tolibon» jangchilari bilan majburan turmush qurdirilgani haqida ham ma'lumotlar bor.
«Tolibon»ning Qatardagi vakillari esa bu yolg‘on xabar ekanligini ta'kidlashmoqda.
4.Afg‘onistondagi vaziyatning Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy holatiga ta'siri
Qochqinlar inqirozi
«Tolibon»ning hokimiyatga kelishi fonida Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston markaziy bankining AQShda saqlanayotgan aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Ma'lumotlarga ko‘ra, aprel oyi oxirida Afg‘oniston markaziy bankining valuta zaxiralari 9,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Shundan so‘ng AQShning ta'siri kuchli bo‘lgan Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVF), Jahon banki (JB) kabi tashkilotlar tomonidan Afg‘oniston iqtisodiyotiga ko‘rsatib kelinayotgan yordamlar ham to‘xtatildi. Natijada valuta hisoblari muzlatilishi ortidan Afg‘onistonda naqd pul yetishmasligi tufayli oziq-ovqat mahsulotlari va yonilg‘i narxi keskin qimmatlashib ketdi.
XVFning oxirgi prognozlariga ko‘ra, joriy yilda Afg‘oniston iqtisodiyoti 30 foizga qisqarishi kutilmoqda. Bu millionlab odamlar qashshoqlashib ketishi va ayanchli gumanitar inqirozga olib kelishi mumkin, bu esa birinchi navbatda qochqinlar soni ortishiga sabab bo‘ladi.
Qochqinlarning katta oqimi ularni qabul qiladigan qo‘shni respublikalarda davlat resurslariga yuk bo‘lishi, mehnat bozorida bosimni kuchaytirishi va ijtimoiy keskinlikka olib kelishi mumkin.
Avgust oyidagi eng yomon ssenariyda mintaqada yana 500 ming yangi afg‘on qochqini paydo bo‘lishi kutilayotgani aytilgan bo‘lsa, ayni paytda bu raqamlar qariyb 1 million kishigacha yetishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
BMT ma'lumotlariga ko‘ra, havo harorati pasayib borishi natijasida uysiz qolgan afg‘onlarning ahvoli yomonlashmoqda. Yordamga muhtoj afg‘onistonliklar soni 20 millionga yetgan va ularning soni har kuni o‘sishda davom etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |