Savol va topshiriqlar.
1. Yomg‘ir chuvalchangining tashqi ko‘rinishi qanday tuzilgan?
2. Teri-muskul xaltasi qanday tuzilgan?
3. Yomg‘ir chuvalchangi qanday harakatlanadi?
4. Tana bo‘shlig‘i qanday tuzilgan?
5. Yomg‘ir chuvalchangining nerv sistemasi qanday tuzilgan?
6. Yomg‘ir chuvalchangi qanday sezadi?
13-§. Yomg‘ir chuvalchangining ichki tuzilishi Hazm qilish sistemasi. Chuvalchangning og‘iz teshigi tanasi oldingi uchida, birinchi tana bo‘g‘imi ostida joylashgan. Og‘iz qisqa halqum orqali qizilo‘ngachga tutashgan (26-rasm). Qizilo‘ngachning kengaygan keyingi qismi jig‘ildon deb ataladi. Jig‘ildon esa kichikroq oshqozonga ochiladi. Oshqozondan tananing keyingi tomoniga qarab ichak ketadi. Chuvalchanglar chiriyotgan o‘simlik qoldiqlari bilan oziqlanadi; chirindini tuproq bilan birga ichagidan o‘tkazadi. Oziq ichakda hazm shirasi ta’sirida o‘zlashtiriladi. Oziq tarkibidagi moddalar qonga so‘riladi. Oziqning hazm bo‘lmagan qismi anal teshigi orqali tashqariga chiqariladi.
Qon aylanish sistemasi. Qon aylanish sistemasi dastlab halqali chuvalchanglarda paydo bo‘lgan. Yomg‘ir chuvalchangi qon aylanish sistemasi o‘zaro tutashgan yirik orqa va qorin qon tomirlaridan iborat (26-rasm). Bu ikki yirik qon tomir halqa tomirlar orqali o‘zaro tutashgan. Qizilo‘ngach atrofida joylashgan 5–6 ta yo‘g‘on halqa tomirlarning devori muskullar bilan ta’minlangan. Bu tomirlar qisqarish xususiyatiga ega bo‘lganligi tufayli «yurak» deb ataladi. Halqa va yirik qon tomirlardan tanadagi turli organlarga mayda qon tomirlar tarqaladi. Bu tomirlar organlarda juda mayda tomirlarga ajraladi. Eng mayda qon tomirlar kapillyarlar deb ataladi. Kapillyar tomirlar terida va ichak devorida ayniqsa ko‘p bo‘ladi. Qon orqa tomir bo‘ylab tananing oldingi tomoniga, qorin tomir bo‘ylab orqa tomoniga oqadi. Chuvalchangning qoni faqat qon tomirlarda oqadi. Shu sababdan qon tomirlar yopiq qon aylanish sistemasini hosil qiladi. Qon orqali kislorod va oziq moddalar tashiladi.
Nafas olishi. Yomg‘ir chuvalchangi terisi orqali nafas oladi. Kislorod teri orqali kapillyarlardagi qonga o‘tib, hamma organlarga tarqaladi. Moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan karbonat angidrid ham teri orqali chiqib ketadi. Chuvalchang terisi shilimshiq modda bilan namlanib turadi. Nam teri kislorodni yaxshi o‘tkazadi.