Ta’lim shaklini loyihalashtirish. Bizga ma’lumki, ta’lim individual, guruhli va frontal shakllarda amalga oshiriladi. O‘qituvchi aynan ana shu shakllarda o‘quvchilarga ta’lim mazmunini yetkazadi. Shuning uchun, har doim o‘qituvchi “Nimani, qachon, qayerda o‘rgatish”ni loyihalab olishi zarur.
Ta’lim mazmunni loyihalashtirish. Ta’limning mazmuni davlat ta’lim standartlarida, fanning o‘quv dasturida ko‘rsatilgan holatda darslik, o‘quv qo‘llanma, ma’ruza matni, o‘quv-uslubiy majmualarda o‘z aksini topadi [40]. O‘qituvchi mazmunni loyihalashtirishda oddiydan murakkabga, osondan qiyinga tamoyilini hisobga olib, o‘quvchi tushuna oladigan tilda, bajara oladigan topshiriqlar asosida yetkazishi va o‘quvchi ta’lim mazmunini o‘zlashtirishiga erishishi lozim.
Ta’lim metodini loyihalashtirish. Ta’lim metodlari deyilganda, o‘rganilayotgan materialni egallashga qaratilgan turli didaktik vazifalarni hal etish bo‘yicha o‘qituvchining o‘rgatuvchi ishi va o‘quvchilar o‘quv-bilish faoliyatini tashkil etish usullari tushuniladi. Bugungi kunda ta’lim jarayonida an’anaviy usullar bilan bir qatorda turli noan’anaviy ta’lim texnologiyalari, interfaol usullardan foydalanilmoqda. Ta’lim metodini loyihalashda o‘qituvchi qaysi mazmunni qanday an’anaviy, interfaol metoddan foydalanib, qancha vaqt davomida qanaqa tartibda yetkazib berishi loyihalaydi.
Ta’lim vositalarini loyihalashtirish. Ta’lim jarayonini amalga oshirishga yordam beruvchi, o‘quv materialini ko‘rgazmali taqdim etish, o‘rganish, shu bilan birga ta’lim samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi vositalar ta’lim vositalari bo‘lib, o‘qituvchi dars mazmunining qaysi qismini, qanaqa vositadan foydalanib, qanday yetkazib berilishini loyihalaydi.
O‘qituvchi tomonidan tayyorlanadigan loyihalar - dars ishlanmalarida, texnologik xaritalarda, o‘quv-uslubiy majmualarda o‘z aksini topadi.
Informatika o‘qituvchisining pedagogik va ATni, ulardan foydalanishni bilishi, g‘oyaviy boyligi, kasbiy mahoratining yuqori darajadaligi ta’lim jarayonini loyihalashtirish va tashkil etishda yetakchi o‘rinni egallaydi.
Ta’lim jarayonining loyihasi texnologik xaritalarda o‘z o‘rnini topadi. Darsning texnologik xaritasi dars darayonining har bir bosqichida o‘qituvchi va o‘quvchilar faoliyatining vaqt meyorlari bo‘yicha taqsimlanishini belgilash uchun ishlatiladi [16, 24, 40].
Bugungi kunda zamonaviy dars loyihasini tuzish muammo hisoblanadi. O‘qituvchi darsga tayyorlanish jarayonida DTS talablarini ro‘yobga chiqarish uchun qanday asosiy holatlarni hisobga olishi lozim?
Menimcha, ta’lim jarayonidagi barcha ishtirokchilar o‘rtasidagi o‘zaro faoliyatni, hamkorlikni rejalashtirishning zamonaviy shakli, zamonaviy darsning eng yaxshi ifodasi texnologik kartada o‘z aksini topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |