O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING OLIY MAJLISGA MUROJAATNOMALARI
Mirziyoev Sh.M. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi- 2017 yil 22 dekabr.
Mirziyoev Sh.M. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi- 2018 yil 28 dekabr.
Mirziyoev Sh.M. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi- 2020 yil 24 yanvar.
«Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha oldimizda ulkan va muhim vazifalar turganini barchamiz yaxshi tushunamiz. Bu borada har qanday islohot konstitutsiyaviy tamoyil va qoidalarga muvofiq tarzda amalga oshirilishi, qonun ustuvorligi bosh mezon bo‘lishi zarur. Bizning maqsadimiz – xalq hokimiyatini so‘zda emas, amalda ta’minlashdan iborat. Bu – biz yashayotgan bugungi murakkab davrning asosiy talabidir. Takror aytishga to‘g‘ri keladi – odamlarimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni bugun kutmoqda. Shu sababli biz o‘z faoliyatimizni «Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi» degan shior asosida tashkil etishimiz, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash uchun bor kuch va salohiyatimizni ishga solishimiz zarur.»1
“Islohotlarimiz natijasida o‘tgan yili 93 mingta yoki 2018 yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi.Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pog‘ona ko‘tarilib, biznesni ro‘yxatga olish ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-o‘rinni egalladik va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldik.
Shuningdek, 86 ta davlat fuqarolariga vizasiz va 57 ta davlat fuqarolariga soddalashtirilgan viza rejimi joriy etilishi natijasida o‘tgan yili yurtimizga 6,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2016 yilga nisbatan 4,7 million nafarga yoki 3,3 barobar ko‘p demakdir.
Maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida boshlagan islohotlarimiz natijasida o‘tgan yili 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bog‘chalari tashkil etildi. Shuning hisobidan farzandlarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga ko‘tarildi.
2019 yilda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi 4 ta Prezident maktabi, 3 ta Ijod maktabi ish boshladi. Oliy ta’limni rivojlantirish uchun o‘tgan yili 19 ta yangi oliy o‘quv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitetning filiali ochildi. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Oliy ta’lim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016 yilga nisbatan 2 barobar ko‘p talaba o‘qishga qabul qilindi.
Ishlayotgan pensionerlarga pensiyani to‘liq to‘lash tartibi joriy etildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi uchun nafaqa miqdori 2 barobar ko‘paytirildi.
Amalga oshirayotgan islohotlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda. Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali O‘zbekistonni 2019 yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb e’tirof etdi. Bunday baho barchamizga cheksiz g‘urur, iftixor va kuch bag‘ishlaydi, yangi marralarga ruhlantiradi.
Islohotlar natijasida aholining turmush darajasi va real daromadlari albatta oshib bormoqda. Shunday bo‘lsa-da, bu borada hali Hukumat, markaziy iqtisodiy idoralar hamda barcha darajadagi hokimliklar oldida ko‘plab vazifalar turibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |