Uchinchidan, xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini hayotimizda yanada keng qaror toptirish birinchi darajali vazifa bo‘lib qoladi. Bu borada buyuk sohibqiron Amir Temurning: «Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin!» degan chuqur ma’noli so‘zlari har birimiz uchun hayotiy e’tiqodga aylanishi zarur. Bu masala, eng avvalo, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, butun sud tizimi, prokuratura, ichki ishlar, nazorat organlari rahbarlari va xodimlarining, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquklari bo‘yicha vakilining bevosita vazifasidir. Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo albatta muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |