1- MA’RUZA: ILM-FANNING JAMIYAT TARAQQIYOTIDA TUTGAN O‘RNI, FANNING MAQSAD VA VAZIFALARI
Ma’ruza rejasi:
1. Ilmshunoslik fanining maqsad va vazifalari.
2. Ilm-fan, ilmiy bilim, ilmiy tadqiqot, ilmiy etika tushunchalari.
3. Ilmiy tavsiflash va tasniflash, ilmiy talqin qilish turlari.
4. Filologik tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari.
Tayanch so‘z va iboralar: ilm-fan, ilmshunoslik, ilmiy bilish asoslari, qiziqish va ilmiy izlanish, ilmiy tadqiqot, differensiatsiya, integratsiya, ilmiy etika, tavsiflash, tasniflash, talqin qilish (interpretatsiya) va uning turlari, ilmiy talqin, ijodiy talqin, tanqidiy talqin, kompilyativ talqin, dogmatik talqin, ratsional va irratsional talqin, ilmiy talqin, badiiy talqin, erkin talqin, filologik tadqiqotlar yo‘nalishlari, ilmi adab, nazariy tilshunoslik, amaliy tilshunoslik, qiyosiy tilshunoslik, lingvistik korpus, matnshunoslik, zamonaviy yo‘nalishlar, til o‘qitish metodikasi.
Ilmshunoslik fanining maqsad va vazifalari.
Har qanday davlat rivojlanish yo‘liga ilm-fanni taraqqiy ettirish, yoshlarning ilm olishlari, dunyo tanishga bo‘lgan urinishlarini qo‘llab-quvvatlash orqali chiqadi. YOshlarning ilmli, bilimli bo‘lishga intilishi, ilm-fanni chuqur o‘rganishga harakat qilishi mamlakatning intellektual boyligi hisoblanadi. Yaponiya, Koreya kabi mamlakatlar oz fursat ichida aynan intellektual zahirasi tufayli jahondagi eng rivojlangan mamlakatlarga aylangani hech kimga sir emas. Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim sohasida o‘tkazilayotgan barcha islohotlar intellektual boyligimizni oshirish, yoshlarni ilm egallashga qiziqtirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etilishini kuchaytirishga qaratilgan. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar va iqtidorli yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar buyuk ajdodlarimizga munosib komil insonlarni etishtirishga qaratilgan. SHu bois bugungi kunda o‘qituvchi va murabbiylar oldida turgan eng muhim vazifa yoshlarni ilm va hunar egallshga qiziqtirish, ular ilmiy faoliyat olib borishga yo‘naltirish, ilmiy izlanishlarini to‘g‘ri tashkillashtirishga ko‘maklashishdan iborat. Mazkur fan dasturi mazmunida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarga ilmiy tadqiqot olib borish sir-asrorlarini o‘rgatish, ularni ilmiy uslubga xos xususiyatlar bilan tanishtirish, ilmiy adabiyotlar bilan ishlash, ilmiy izlanish va ilmiy tadqiqot olib borishga o‘rgatish orqali talabalarda ilmiy tadqiqiy faoliyat yuritish malakasini shakllantirish maqsadi ko‘zda tutiladi.
Ma’lumki, inson ongi-shuuri va tili bilan boshqa jonzotlardan farqlanib turadigan oliy mavjudotdir. Buyuk mutafakkir bobomiz Mir Alisher Navoiyning quyidagi mashhur aforizmida aynan shu ta’kidlanadi: Insonni so‘z ayladi judo hayvondin, Bilki guhari sharifroq yo‘q ondin. Tilning “guhari sharif”ligi yana shundaki, inson aynan tili va ongi vositasida nafaqat boshqa jonzotlar ajraldi, balki dunyoni bilishga, uni o‘zgartirishga, rivojlantirishga qodir mavjudotga ham
aylandi. Inson tafakkuri va tili vositasida jamiyatni yuzaga keltirdi va uni taraqqiy ettirib bugungi kun darajasiga olib keldi. Jamiyatning taraqqiyotiga esa ilm-fan, olimlar, ularning kashfiyotlari sabab bo‘ladi. Shu bois ilm vakillari, ziyolilar hamisha jamiyatning etakchilari, darg‘alari hisoblanadilar.
Darhaqiqat, inson tug‘ilib, o‘zini anglashi va tili chiqishi bilan olamni, atrofini o‘rab turgan voqelikni tanishga, o‘rganishga harakat qila boshlaydi. Inson o‘ziga noma’lum bo‘lgan narsani bilish bilib olish uchun, avvalo, uni idrok etishga harakat qiladi. Idrok etish bir-biri bilan uzviy aloqador, ajralmas bo‘lgan tushunchalar haqida ma’lumot olish, buning uchun ularni farqlash, qiyoslab ko‘rishni taqazo etadi. SHu bois bolaning atrofini o‘rab olgan voqelik, narsa-buyumlar, hodisalar bilan tanishish uchun beradigan dastlabki savoli bu nima? bu kim? bo‘ladi. Bola tanishish maqsadida berilgan ushbu savoldan so‘ng qanday? qanaqa? savollari orqali predmet, voqea-hodisalarni bir-biridan farqlay boshlaydi. Oddiy qiziqishdan kelib chiqadigan ushbu savollar bola katta bo‘lgan sari uni o‘sha voqelikni chuqurroq o‘rganishga, mavjud sir-asrorlarni anglab etishga etaklaydi. Bunda ta’limning o‘rni nihoyatda katta bo‘lib, maktab ta’limi o‘quvchilarni fan asoslari bilan tanishtiradi, o‘quvchiga o‘zi qiziqqan sohani anglab olish, qiziqishlarini intilishga aylantirish uchun poydevor yaratadi. Bolaning sevimli fanining paydo bo‘lishi, muayyan soha bo‘yicha mutaxassis bo‘lishga xohish-istagining yuzaga kelishida o‘qituvchi-murabbiylari, ota-onalarining o‘rni nihoyatda katta bo‘ladi. Ular bolaning keyingi yo‘lini tanlab olishi va shu yo‘lda sobitqadamlik bilan ketishida etalon vazifasini bajaradilar. O‘quvchi, bola muayn sohani tanlab olib, shu soha bo‘yicha mutaxassis bo‘lishga qaror qilgach esa, endi bo‘lg‘usi mutaxassis sifatida ushbu voqea-hodisa, tushunchalarning bir-biri bilan bog‘liqligi, o‘xshashligi va nimalar bilan farqlanishini aniq tasavvur eta olishi kerak bo‘ladi. Darslik va o‘quv qo‘llanmalar muayyan o‘quv fanlari bilan bog‘liq bo‘lib, ular shu fan sohasi haqida tasavvur shakllantirishga yo‘naltirilgan vositalar hisoblanadi. Ularda mazkur fan doirasida o‘rganilgan, aniqlangan, muayyan xulosalarga kelingan jihatlar yoritiladi.
SHuni ta’kidlash kerakki, har bir fanda, shuningdek, yana qaysi jihatlar noma’lumligi, qaysi ob’ektlar o‘rganilishi kerakligi, yana nimalarni bilish ushbu fanni rivojlantirishga xizmat qilishi masalalari jamiyatda doimiy diqqat-e’tiborda turadi. Fanning rivoji shu masalalar bo‘yicha muntazam tadqiqot ishlarining olib borilishi, ushbu tadqiqot ishlarining avloddan-avlodga kuchayib borishi bilan belgilanadi. Tadqiqotlar olib borilmayotgan sohalar esa rivojlanmaydi, aksincha, yo‘qolishga mahkum bo‘lib qoladi. Aynan tadqiqiy faoliyatlar ilmni, ilmlilikni yuzaga keltiradi. Ilm bilan shug‘ullangan, ilm yo‘lidan ketgan insonlar esa olim, ya’ni ilm egalari bo‘lib etishadilar. Tabiatni asrash va jamiyatni rivojlantirishda aynan olimlarning etakchilik qilishlarining sababi shunda.
Ilm egalari bo‘lish uchun qanday faoliyat yuritish kerak, ilm bilan shug‘ullanish uchun o‘z faoliyatini qanday tashkil etish kerak, tadqiqot ishlarini qanday olib borish, erishgan natijalarini qanday yozish, yoritish kerak? Mazkur kurs aynan shunga yo‘naltirilgan bo‘lib uning maqsadi quyidagi 3ta asosiy savolga javob berishdan iborat. Bular quyidagilar:
Ilm olish, bilim olish qanday amalga oshiriladi?
Ilmiy ish qanday aprobatsiya qilinadi va natijalar qanday aniqlanadi?
3. Ilmiy ishlar qanday yoziladi va qanday rasmiylashtiriladi?
Ilm olish nihoyatda murakkab, sermashaqqat va uzoq davom etadigan ish. Xalqda “Ilm - igna bilan quduq qazishdir” deb bejiz aytilmaydi. Ilm olish soddadan murakkabga qarab to‘xtovsiz o‘sib, takomillashib boradigan, ayni vaqtda juda qiziqarli, eng asosiysi, jamiyat uchun nihoyatda kerakli ish. Ilm olish, ilmni egallash jarayoni insondan katta kuch va iroda talab etadi. Jahon ilm-fani tajribasida turli ilm sohalari va ularni tadqiq qilish metodlari, yo‘nalishlari haqida alohida maktablar bo‘lgan, ular muntazam o‘zgarib, rivojlanib borgan. Hozir ham turli fanlar, zamonaviy yo‘nalishlar mavjud. Ushbu fanlarni o‘rganish, tadqiq qilish yangi kashfiyotlarni yuzaga keltiradi, ularni hayotga tatbiq etish mamlakatni taraqqiy ettiradi, jamiyat, insonlar hayotini yanada farovonlashtiradi. SHu bois bugungi kunda rivojlanish yo‘liga qadam qo‘ygan mamlakatimiz uchun barcha fanlar bo‘yicha yuqori ilmiy salohiyatli, izlanuvchan, yangilikka intiluvchan yosh kadrlar zarur. “Ilmiy ish asoslari” fani aynan ilmshunoslik tushunchalari bilan tanishish, ilmiy tadqiqot ishi bilan shug‘ullanish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |