Hozirgi vaqtda paxta tozalash korxonalarida tola, momiq va tolali chiqindilarni toylashda ishlatiladigan DA-8237 va DB-8237 markali gidravlik presslardan foydalaniladi. Toylangan tolaning zichligi 550-600 kg/m3 bo‘lib, toyning og‘irligi 215-230 kg gacha bo‘ladi. Toylar temir yo‘l vagonlariga ortilganda, ularning yuk ko‘tarish kuchidan 95% gacha foydalaniladi.
Paxta tolasini va lintni toylashda ishlatiladigan gidravlik press quyidagi asosiy uskunalardan iborat:
a) shibbalagich (trambovka); b) press; v) gidravlik nasoslar sistemasi.
Arrali jinlar qatori (batareyasi) uchun bir komplekt (shibbalagich, press, gidronasoslar), linterlar qatorlari va tolali chiqindilarni presslash uchun esa yana bitta komplekt press alohida o‘rnatiladi. Presslash sexi jinlash va linterlash sexlarining bir qismi bo‘lib, press qurilmalari komplektdagi, shibbalagich (trambovka) gidropress, gidronasos, trubalar, elektrodvigatellar, ish suyuqligi saqlanadigan baklar, shuningdek tola va momiq kondensorlari toylash sexiga joylashtiriladi.
Pressning gabarit o‘lchamlari katta bo‘lgani sababli presslash sexi ikki qavatli qilib quriladi. Birinchi qavatida gidronasoslar, trubalar va ish suyuqligi saqlanadigan bak o‘rnatilsa, ikkinchi qavatida press uskunalaridan tashqari kondensorlar, tola uzatgich, shibbalagichlar va press uskunalari, markaziy kolonna va ramalarning yuqori qismi, press yashiklarini aylantiruvchi mexanizm joylashtirilgan.
Binoning birinchi qavatida ustun, rama va markaziy kolonnaning ostki qismi, ularning poydevori, gidronasos va ularni harakatga keltiruvchi elektrodvigatellari va suyuqlik baklari joylashtirilgan. Gidravlik press uning silindriga gidronasos yordamida suyuqlik yuborib ishlatiladi.
Tola uzatgichdan tushib kelayotgan tolaning bir oz zichlangan bo‘lishiga qaramasdan, uning boshlanqich zichligi ancha kam bo‘ladi. Agar tola bunday holda presslansa hajmiy massasi juda kam bo‘lgan toylar chiqqan bo‘lar edi. SHuning uchun shibbalagichda tolalar dastlabki zichligi 200 kg/m3 gacha zichlanadi. Paxta tozalash korxonalarida shibbalagichning ikki turi ishlatiladi, ya’ni mexanik va gidravlik usulda ishlaydigan shibbalagichlar.
Kondensorda tola havodan ajratilib 12 kg/m3da zichlanib tarnovga kelib tushadi. Tarnovning press qutisiga tola tushadigan joyida to‘siq mavjud bo‘lib, bu to‘siq press shibbalagichi yuqoriga ko‘tarilganda ochiladi va tola press qutisiga tushadi. Press shibbalagchi pastga tushganda to‘siq yopiladi va tola tarnovda press shibbalagichi yuqoriga ko‘tarilguncha to‘planib me’yoriy namlikkacha namlanadi. SHibbalash jarayoni boshlanishida kam kuch sarf qilinadi. SHibbalash davom etgan sari ko‘proq kuch talab qilinib, oxirgi harakatida maksimum kuch sarf qilinadi. Bitta 225±10 kg keladigan tola toyini shibbalash uchun 18-22 marta tepaga va pastga yuradi. Hozirgi vaqtda paxta tozalash korxonalarida faqat yo‘li o‘zgarmas bo‘lgan gidravlik yoki bo‘lmasa mexanik shibbalagich (31-32-rasm) ishlatiladi.
SHibbalagich plitasining yo‘lini mumkin qadar qisqartirish kerak, shunda uning konstruksiyasi ixchamlanadi va shibbalash uchun sarflanadigan energiya kamayadi.
Press qutisi ichida tola ushlagichlar mavjud. Bu tola ushlagichlar shibbalanib zichlangan tola yoki lintni qutisi ichida kerakli balandlikda tutib turadi va keyin keladigan tola bo‘lagining (porsiyasining) tushishi uchun press qutisi ichida bo‘sh joy hosil qiladi. SHu qatorda press qutisini aylantirganda press va uning yuqori traversi bilan quti o‘rtasida tola qisilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Tola ushlagichlar po‘lat ilgaklardan iborat bo‘lib, har bir press kamerasi eshigiga maxsus tirqish orqali press qutisi ichiga kirib turadi.SHibbalagich porshenining yo‘li o‘zgarmas bo‘lgani uchun quti ichidagi zichlanayotgan tola hajmi ham o‘zgarmas bo‘ladi, lekin uning zichligi asta-sekin orta boradi. Tola miqdori 225±10 kg vaznga etganda shibbalash jarayoni tuxtatiladi va maxsus mexanizmlar yordamida toylagich qutilari markaziy ustuni atrofida aylanib, bo‘sh quti shibbalagich tagiga, tola bilan to‘ldirilgan quti esa plunjerning ustiga aylanib o‘tadi.
PTK da qo‘llaniladigan toylagichlar yashigining o‘lchamlari qo‘yidagicha: 940x575 mm, toylarning yashikdan chiqqandan keyingi o‘lchamlari esa, ularning shishishi natijasida quyidagicha bo‘ladi: 970*595*735 mm.
Gidropress qo‘yidagicha ishlaydi (31-rasm): SHibbalash jarayoni tugagandan so‘ng press qutisi aylantiriladi. SHunda shibbalangan tola qutisi press plunjeri ustiga va bo‘sh quti shibbalagich ostiga kelib to‘xtaydi. Plunjer ustidagi plita va toylagich ustidagi qo‘zg‘almas plita o‘rtasida tolaning siqilishi natijasida toy hosil bo‘ladi. Bunda dastani ish holatiga qo‘yib, press plunjeri ko‘tariladi va qutidagi tola toylanadi. Toylash jarayoni tugagandan so‘ng plunjer to‘xtatiladi. Toyning zichligi plunjer ko‘tarilgan holida 800-900 kg/m3 bo‘ladi va plunjer "tushurish " holatiga qo‘yilganda tayyorlangan toy bir oz bo‘shagandan keyin uning zichligi 550-600 kg/m3 gacha tushadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |