V asrda O‘rta Osiyoda shishasozlik rivojlangan. O‘rta Osiyo shishasi rangdorligi, yarqiroqligi va tiniqligi jihatidan Vizantiya shishasidan ustun turgan. Xitoy imperatorlari o‘z saroylarini bezashda O‘rta Osiyodan keltirilgan rangli shishadan
foydalanganlar. Ulkan saltanat ahli zardushtiylik, qadimiy e’tiqodlardan Siyovush, Anahita, Mitraga, buddaparastlik (asosan Shimoliy Hindistonda) kabi dinlarga sig‘ingan. Shu bilan birga o‘lkada Moniy va Mazda (mazdakiylik) ta’limotlari ham tarqab borgan. O‘rta Osiyo aholisining madaniy an’analari qo‘shni mamlakatlar, xususan, Hindiston va Eron tasviriy uslublari bilan uyg‘unlashib, ilk o‘rta asrlar madaniyatining shakllanishida mustahkam poydevorga aylangan.
5-§. O‘RTA OSIYO XALQLARI TURK XOQONLIGI DAVRIDA
Xoqonlikning tashkil topishi. VI asr o‘rtalarida Oltoy va Janubiy Sibirda yashagan turkiy qabilalarni birlashtirgan yangi davlat vujudga keldi. Bu davlat tarixga Turk xoqonligi nomi bilan kirgan. Uning asoschisi Bumin edi. 552-yilda Bumin “xoqon” deb e’lon qilindi. Oltoy xoqonlikning markazi qilib belgilanadi. Turklarning
g‘arbga tomon yurishlariga Istami boshchilik qiladi. Unga “Yabg‘u xoqon” degan unvon beriladi. Tez orada Yettisuv va Sharqiy Turkistonga tutashgan yurtlarda yashovchi turkiy qabilalar bo‘ysundiriladi. 555-yildayoq turklar Sirdaryo va Orol
dengizi bo‘ylarigacha cho‘zilgan keng o‘lkalarni egallaydilar. Xoqonlik chegarasi eftallar davlati hududlariga tutashib ketgan. Natijada eftallar davlatining shimoliy hududlari xavf ostida qoldi. Bunday qulay vaziyatdan foydalangan sosoniylar Toxariston va Chag‘oniyonni eftallardan tortib oladilar. Turk xoqonligining eftallar bilan to‘qnashishi muqarrar edi. Bunday murakkab siyosiy vaziyat xoqonlikni Eron, so‘ngra Vizantiya bilan yaqinlashtiradi. Uzoq vaqt eftallar tazyiqida yashagan sosoniylar bu davlatning tamomila barbod bo‘lishidan manfaatdor edi. Xusrav I Anushervon (531–579) tashabbusi bilan yuzaga kelgan o‘zaro harbiy ittifoq Eron shohining Istamiga kuyov bo‘lishi orqali yanada mustahkamlanadi. Eron askarlarining Balxga hujumi ko‘magida turklar 563-yilda eftallar davlati yerlariga bostirib kiradilar. Parak (Chirchiq) vodiysi va uning markazi Choch shahri ishg‘ol
qilinadi. Sirdaryodan o‘tib, Zarafshon vodiysiga kirib boradilar. Ular Samarqand, Kesh va Naxshabni egallab, Buxoroga yaqinlashadilar. Sakkiz kun davom etgan shiddatli jangda eftallar qo‘shini yengiladi. Shunday qilib, janubdan Eron sosoniylaridan, shimoldan esa Turk xoqonligidan 563–567-yillarda zarbaga uchragan eftallar davlati tamomila barbod bo‘ladi. Natijada mag‘lub davlatning merosi o‘zaro bo‘linib, ⦁ Amudaryoning janubiy qirg‘oqlarigacha bo‘lgan viloyatlar Eron, uning ⦁ o‘ng sohillari bo‘ylab Kaspiy dengizigacha cho‘zilgan yerlar Turk xoqonligi tasarrufga o‘tadi. Eftallar davlati qulagach, vaziyat tubdan o‘zgaradi. Endilikda o‘z chegarasini shimoli sharqqa tomon kengaytirib olgan Eron Amudaryodan to Suriyagaqadar Ipak yo‘li ustidan o‘z nazoratini o‘rnatdi. Uzoq Sharqdan Eron hududlarigacha karvon yo‘li nazoratini o‘z homiyligi ostiga olgan turklar esa Eron orqali Vizantiya bilan bevosita savdo qiladigan bo‘ldi.