Tashqi savdo. Amir Temur o‘z davlati poytaxti Samarqand atrofida qad ko‘targan bir qancha yangi qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr (Qohira), Bag‘dod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Chunki Samarqand kattaligi, go‘zalligi hamda tevarak-atrofning obod etilganligi jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmog‘i lozim edi.
Tashqi savdoda ham Samarqand katta o‘rin tutgan. Samarqandga turli mamlakatlardan, xususan, Xurosondan ma’danlar, Hind va Sinddan yoqut, olmos, Xitoydan atlas, choy, mushk va boshqa mollar, o‘zga mamlakatlardan oltin va kumush olib kelinardi. Klavixo Xitoy poytaxti Xonbaliqdan 800 tuyalik savdo karvoni kelganini o‘z kundaligida qayd etgan. Bu davrda Amir Temur va uning mahalliy noiblari Xitoy va Hindistondan O‘rta Osiyo orqali Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga boradigan xalqaro savdo yo‘li – Buyuk Ipak yo‘lida savdo karvonlari qatnovi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muhim chora-tadbirlar ko‘rganlar. Sharq bilan G‘arb o‘rtasida savdo-sotiq va elchilik aloqalari kengaydi. Bu esa Amir Temur davlatining tashqi iqtisodiy va elchilik aloqalarining barqarorligiga olib keldi.
35-§. AMIR TEMURNING JAHON TARIXIDA TUTGAN O‘RNI
Amir Temurning Vatanimiz va jahon tarixida tutgan o‘rni. Amir Temur 35 yil davomida mamlakatni boshqardi. Hindiston va Xitoydan Qora dengizga qadar, Orol dengizidan Fors qo‘ltig‘iga qadar bo‘lgan g‘oyat katta hududni qamrab olgan ulkan saltanatni vujudga keltirdi. Bundan tashqari, Kichik Osiyo, Suriya, Misr va Quyi Volga, Don bo‘ylari, Balxash ko‘li va Elsuvi daryosi, Shimoliy Hindistongacha bo‘lgan mamlakatlarni o‘ziga bo‘ysundirdi. U nafaqat Movarounnahr va Turkistonni obod qildi, balki bo‘ysundirilgan mamlakatlarning shaharlarini ham qayta qurdirdi. Bag‘dod, Darband va Baylakon shaharlari shular jumlasidandir. Eng muhimi Eron,
Ozarbayjon va Iroqdagi tarqoqlik va boshboshdoqlikka barham berib, Sharq bilan G‘arbni bog‘lovchi qadimiy karvon yo‘llarini tikladi. Bu bilan nafaqat Movarounnahr, balki Uzoq va Yaqin Sharq mamlakatlarining iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga, xalqlar va mamlakatlarni bir-biri bilan yaqinlashtirishga ulkan hissa qo‘shdi.
Amir Temur Yevropaning Fransiya, Angliya va Kastiliya kabi yirik qirolliklari bilan bevosita savdo va diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Siyosiy tarqoqlik tugatilib, markazlashgan davlatning tashkil topishi katta ijobiy oqibatlarga olib keldi. Mamlakat ishlab chiqarish kuchlarini mo‘g‘ullarning bir yarim asrlik hukmronligi natijasida tanazzulga uchragan iqtisodni tiklash uchun qulay sharoit vujudga keldi. Ayni vaqtda xo‘jalikning asosi bo‘lgan sug‘orma dehqonchilikda muayyan siljishlar ro‘y berdi. Yangi-yangi kanallar qazilib, sug‘orma dehqonchilik maydonlari kengaydi. Hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo rivojlandi, fan va madaniyat ravnaq topib, shaharlar obodlashdi va gavjumlashdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |