Tarbiya - yosh avlodni ma‘lum faoliyatiga tayyorlash uchun ma‘lum maqsadga qarata rejali va bir tizimda ta‘sir etish jarayonidir.
Ma‘lumot - ta‘lim - tarbiya jarayonida olingan va tartibga solingan bilim, egallangan ko‘nikma va malakalar, hamda tarkib topgan dunyoqarashlar majmui.
Ta‘lim, tarbiya va ma‘lumot inson shaxsini aqliy, jismoniy va ma‘naviy jihatdan shakllantirish va rivojlantirishga qaratiladi.
Ta‘lim, tarbiya, ma‘lumot va shaxsning shakllanishi, rivojlanishi o‘zaro bog‘langan bo‘lib, bir jarayonda amalga oshiriladi. Ta‘lim va tarbiya tarkibiy jihatdan bir yaxlit jarayondir. Ta‘lim jarayonida bolalar tarbiyalanadi, tarbiyaviy vazifalarni amalga oshirish uchun ta‘lim jarayonidan foydalanamiz. Masalan: ta‘lim jarayonida Vatan haqida, uning o‘tmishi, hozirgi hayoti va kelajak haqida bilimga ega bo‘lib, o‘quvchilar vatanparvarlik ruhida tarbiyalanadilar. Ikkinchi tomondan Vatanga muhabbat qo‘yib, uning istiqlolini mustahkamlash va kelajagini yaratish ko‘proq bilimli kadrlarga bog‘liqligini anglab, o‘quvchilar o‘zlarining o‘qishlariga, bilim va ko‘nikmalar egallash vazifalariga mas‘uliyat bilan qaray boshlaydilar. Ma‘lumot, ana shu ta‘lim va tarbiyaning mahsuli bo‘lib, shu jarayonda amalga oshiriladi. Bularning hammasi shaxsning shakllanishi va rivojlanishiga olib keladi.
2.3. Pedagogika fanlari tarkibi va uning boshqa fanlar bilan aloqasi
Har bir fan o‘rganilayotgan ob‘ektdan o‘zi tadqiq qiladigan predmetni - ob‘ektiv dunyoning u yoki bu yashash shaklini, tabiat va jamiyat taraqqiyoti jarayonining u yoki bu tomonini ajratib oladi. Murakkab ob‘ektiv holda mavjud hodisa bo‘lgan tarbiyani ko‘pgina fanlar o‘rganadi. Masalan, falsafa tarbiyani jamiyat, uning ishlab chiqaruvchi kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlari taraqqiyotning alohida momenti deb hisoblaydi; tarix uni sinfiy kurash va sinfiy tuzumning ayrim qismi deb biladi: psixologiya uni kamol topayotgan inson shaxsini shakllanishining tadqiq qilish munosabati bilan o‘rganadi. Har bir fanning mustaqil fanligi uning o‘zi tadqiq qiladigan, boshqa hech qanday fan tomonidan maxsus ravishda o‘rganilmaydigan alohida tekshirish ob‘yekti borligi bilan belgilanadi. Fanlarning umumiy tuzilmasida pedagogika insonni o‘zining tarbiya ob‘yekti qilib olgan yagona fandir.
Turli yoshdagi bolalarni o‘qitish va tarbiyalashning nazariy va amaliy tomonlarini yolg‘iz pedagogika fanining o‘zi hal qila olmaydi. Ta‘lim-tarbiyaga oid bilim va tajriba kengayib borishi bilan pedagogika fani ham rivojlanib boradi va pedagogika fanlar tizimi vujudga keladi.
Pedagogika fanlari tizimi deb, ta‘lim - tarbiya ishlari bilan shug‘ullanadigan fanlarning yig‘indisiga aytiladi. Pedagogika fanlari tizimiga quyidagidagilar kiradi:
1. Umumiy pedagogika - tarbiya nazariyasi va didaktika ( o‘qitish nazariyasi). U tarbiyaning barcha sohalariga xos qonuniyatlarni o‘rganadi va tekshiradi.
2. Yoshlar pedagogikasi. U maktabgacha tarbiya pedagogikasi, maktab pedagogikasi, kattalar pedagogikasiga bo‘linadi.
3. Maxsus pedagogika - surdopedagogika - kar bolalarni o‘qitish va tarbiyalash tizimini, tiflopedagogika - yaxshi ko‘rmaydigan va butunlay ko‘rmaydigan bolalarni o‘qitish va tarbiyalash tizimini, olegofrenopedagogika - aqli zaif bolalarni o‘qitish va tarbiyalash xususiyatlarini o‘rganadi.
4. Xususiy metodika - ayrim o‘quv fanlarining o‘qitish metodikasini o‘rganadi.
Pedagogika tarixi - ta‘lim tarbiya ishining paydo bo‘lishi va taraqqiy etishini o‘rganadi.
Pedagogika quyidagi fanlar bilan aloqador:
1. Pedagogika tarixi bilan bog‘liqdir. Pedagogika nazariyasini chuqurroq anglash uchun pedagogik tajriba va pedagogik fikrlarning o‘tmishdagi taraqqiysini bilish kerak bo‘ladi.
2. Pedagogika psixologiya va boshqalar psixologiyasi fani bilan chambarchas bog‘liq. Psixologiya inson psixologiyasining taraqqiy etishini o‘rganadi, pedagogika esa inson kamol topishining asosiy faktori sifatida tarbiyani o‘rganadi.
Pedagogikaning psixologiya bilan aloqasining uch yo‘lini ko‘rsatish mumkin:
a) psixologik tadqiqotlarning xulosalaridan foydalanish, psixologiya ma‘lumotlari asosida ta‘lim - tarbiya vositalarini tanlab olish va tavsiya qilish. Masalan, psixologlar turli yoshdagi bolalarda sezish va idrok etishning rivojlanishini tekshiradilar. Pedagogika bundan bolalarni sensor tarbiyalashda, ularning sezgi organlari faoliyatini takomillashtirishda, har tomonlama kuzatuvchanlikni o‘stirishda eng yaxshi muvaffaqiyatlarga qanday qilib erishish haqida xulosalar chiqaradi.
b) pedagogik tadqiqotga psixologik eksperimentni kiritish. Masalan, ta‘lim jarayonida o‘quvchilarda bilish va amaliy qobiliyatlarni o‘stirishda, yaxshi samaraga erishish sharoitlarini o‘rganilganda o‘quvchilarning fikr yuritish va amaliy faoliyati jarayonlarini turli xil variantlari tatbiq qilinib va bir - biriga taqqoslab ko‘riladi, bunda ta‘lim metodining turli xillarini bir - biriga bog‘lab olib borishining samaraliligi aniqlanadi.
v) ta‘lim - tarbiyaviy hodisalarni o‘rganishda psixologik tahlillardan foydalanish. Masalan, biror o‘quvchining o‘qishda qoloqligini bartaraf etish usullarini qidirib topadi. Agar bu qoloqlik idrok etish, fikr yuritish, xotira kamchiliklari oqibatida sodir bo‘lsa va bilimlarni normal o‘zlashtirib olishga aynan qaysi kamchiliklar halaqit berayotganini hamda bu kamchiliklarni qanday qilib yo‘qotish mumkinligini aniqlash kerak bo‘lgan paytda ana shunday tahlil kerak bo‘ladi.
3. Pedagogika odam anatomiyasi va fiziologiyasi fani bilan ham bog‘liq. Chunki bola organizmining yoshiga qarab o‘sish qonuniyatlarini bilmasdan turib ta‘lim - tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish qiyin. Pedagogika ba‘zi ta‘lim - tarbiyaviy hodisalarni tushuntirish hamda ta‘lim - tarbiyaviy masalalarni hal etishning asoslangan usullarini qidirib topish uchun fiziologiya faniga ham bevosita murojaat qiladi. Masalan, Pavlovning inson psixik faoliyatida birinchi va ikkinchi signal tizimlarining munosabatini yorituvchi ilmiy ishlar turli yosh bosqichlarida o‘quvchilarning bilish faoliyatida sezgi, idrok, tasavvur va tushunchalarining munosabati haqidagi masalalarni o‘rganishda yordam beradi.
4. Pedagogika maktab gigienasi fani bilan ham bog‘liq. Chunki bolaga tarbiya berishda ularning toza - ozodaligi, maktabning toza va ozodaligi va gigienik talablarga javob berishi, sinfning yorug‘, ozodaligi talablariga javob berishi muhim ahamiyatga ega.
2. Pedagogikada asosiy tushunchalar mavjud. Bular: o’qitish, ma'lumot, inson kamoloti, insonning shakllanishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |