3.1. Shaxs haqida tushuncha
Oldingi ma’ruzalarda ta‘kidlanganidek tarbiyaning maqsadi barkamol insonni shakllantirish va rivojlantirishga qaratiladi . Bu vazifani muvaffaqiyatli ado etish uchun shaxsning rivojlanishi qanday borishi,unga qaysi faktorlar ta‘sir etishini bilmoq muhim. Buning uchun avvalo «Shaxs», «Inson» tushunchalarini bilish zarur.
Shaxs keng ma‘noda inson, individ, kishi demakdir. Tor ma‘noda esa muayyan jamiyat a‘zosi bo‘lgan individning ijtimoiy ahamiyatli, barqaror xislatlari majmui . Bu tushunchani kengroq tahlil etamiz.
Shaxs tushunchasi faqat insonga taalluqli tushuncha. «Inson» deganda uning biologik va ijtimoiy xususiyatlari tushuniladi. Inson jonli mavjudotning eng yuqori vakili. Inson biologik tomondan ham har qanday mavjudotdan farq qiladi.
3.2. Shaxsining biologik va ijtimoiy sifatlari
Insonning shakllanishida ikki, bir-biriga bog‘liq biologik va ijtimoiy omillarning ta‘sirini ko‘rish mumkin. Inson biologik mavjudot sifatida paydo bo‘ladi. Asta-sekin rivojlana boshlaydi. Unda biologik rivojlanish bilan birga ijtimoiy voqelikka munosabat, ijtimoiy xususiyat va sifatlar paydo bo‘la boshlaydi. Olti oylik bola atrofdagilarni taniy boshlaydi, begona odamni biladi. Asta-sekin nutq paydo bo‘ladi, tikka yuriy boshlaydi. Odamlar, narsa va hodisalar bilan munosabatga kirishadi, xulqi shakllana boshlaydi. Keyinchalik bilim, axloqiy normalarni egallay boshlaydi.
Shunday qilib biologik mavjudot bo‘lgan inson ijtimoiy xususiyatlarni ham egallaydiki, bu uni ijtimoiy mavjudotga ya‘ni shaxsga aylantiradi.
«Shaxs» deganda insonning ijtimoiy mavjudotligi, insonning ijtimoiy mohiyatining asosiy belgilari, uning individual psixik xususiyatlari, uning (temperamenti, xarakteri, qobiliyati, aqliy rivojlanganligi, ehtiyoji, qiziqishlari va h.k.) va ijtimoiy funksiyalari(voqeliqqa munosabati insonlarga, jamiyatga, mehnatga munosabati, xulqi, ijtimoiy faoliyati) tushuniladi.
«Inson deganda uning biologik va ijtimoiy funksiyalarining birikmasi tushuniladi.
Har bir inson ma’lum bir oilada o‘ziga xos tug‘ma xislatlar bilan tug‘iladi (ota-onadan o‘tadigan sifatlar) va shu oila ta‘sirida uning xarakter xususiyatlari shakllanadi. Shuning uchun ham insonlar millati va Vatani bir bo‘lsa ham xususiyatlari har-xil bo‘ladi. Bu uning o‘zigagina xos «Individual» xususiyatlaridir.
Yuqorida ta‘kidlaganimizdek, inson dunyoda biologik mavjudot sifatida paydo bo‘ladi. Uning ijtimoiy mavjudotga, ya‘ni shaxsga aylanishi individual hayoti jarayonida, uzoq davom etgan murakkab rivojlanish davrida ro‘y beradi.
«Rivojlanish» tabiat, jamiyat va har bir shaxsga taalluqli umumiy xususiyat. «Rivojlanish» deganda o‘zgarish, ya‘ni bir turdan ikkinchi, ancha sifatli turga o‘tish, oldinga qarab harakat tushuniladi. Inson ham jismoniy ham ma‘naviy jihatdan rivojlanadi. Jismoniy rivojlanish - bu og‘irlik va hajmning ortishi, odamning eniga va bo‘yiga o‘sishidir. Ma’naviy rivojlanish - bu ongning rivojlanishi, nutq va tafakkurning o‘sishi, tabiat va jamiyatdagi voqea va hodisalarni tushunishning rivojlanishidir.
«Shaxsning shakllanishi» tushunchasi zamirida shaxsiy sifatlardan ba’zilarining yetukligi, tugalligi tushuniladi.
Shuning uchun ham «Rivojlanish» tushunchasi «Shakllanish»ga nisbatan kengroq tushuncha. Shaxs rivojlanish jarayonida shakllanib boradi.
Fanda ko‘p yillardan buyon insonning rivojlanish, unda ijtimoiy va biologik omillarning munosabati, tabiat va jamiyatning ta’siri kabi masalalarda munozara davom etib kelmoqda.
Bu g‘oyalardan biri insonning kamolga yetishida asosiy va bosh narsa unga tabiat tomonidan beriladi. Uning o‘sishi, kamoloti ana shunga asoslanadi, deb tushuntiradi. Masalan, Markaziy Osiyo allomasi Abu Nasr Forobiy «Aql ma’nolari haqidagi risola»sida «Inson tushunish, fahmlash, muhokama qilish, o‘ylab topish, fikrlash quvvatiga tug‘ilgandan ega bo‘ladi va ularning qanday vujudga qelganini o‘zi ham bilmaydi, bu xususiyatlar bolaning o‘sib, kamolotga yeta borishi bilan rivojlanib boradi», - deb tushuntiradi. Shuningdek, Forobiy aqlning tug‘ma bo‘lib ko‘rinuvchi quvvatlar bilan bog‘liqligi, ikkinchidan aqlning bilim, hayotiy jarayonlar natijasida boyib borishi ta’lim-tarbiyaga bog‘liqligini ko‘rsatadi. (M.Xayrullaev. Forobiy ruhiy protseslar va ta’lim-tarbiya to‘g‘risida. T. «O‘qituvchi» 1966y. 51-b.) Bunday qarash ko‘pgina Markaziy Osiyo allomalarining (Abu Ali ibn Sino, Beruniy va b.q.) qarashlarida ham uchraydi.
XVI asrda paydo bo‘lgan preformizm falsafiy oqimi shaxsning barcha sifatlari homiladayoq mavjud bo‘ladi, kamolot esa ana shu mavjud sifatlarning o‘sishi, deb tushuntirdi. Tarbiya esa ana shu insondagi bor bo‘lgan sifatlarning rivojlanishiga yordamchi bo‘ladi.
Xuddi shuningdek, diniy qarash vaqillari ham insonning rivojlanishi va shakllanishini yuqoridagicha izohlaydilar. Bu qarash qadimgi grek faylasufi Platon, o‘rta asr katolik cherkovi ruhoniysi Foma Akvinskiy, musulmon dini allomalari Ahmad Yassaviy va boshqalarda ham bir xil izohlanadi. Bu qarash ularning hozirgi zamon izdoshlari neotomizm, eqzistensializm g‘oyalarida ham takrorlanadi.
Hozirgi zamon idealistik falsafasi, pedagogika va psixologiyasi jamiyat o‘zining har xil ijtimoiy to‘ntarishlari, qiyinchiliqlari bilan shaxsni buzadi. Shaxs faqat jamiyatdan tashqaridagina o‘zini kamolotiga erishishi mumkin deb tushuntiradi. Masalan, ekzistensiyalistlar shaxsning kamolotida uning ijtimoiy va ma’naviy ozodlik uchun kurashda emas, balki o‘zining mavjudligini yuqori darajada anglash muhim, deydi. Neotomistlar esa xudoni anglashda deb va unga sig‘inishda deb tushuntiradi.
Shaxsning rivojlanishini izohlashda yana ikkinchi preforizm oqimi ya’ni biologizator oqimi ham mavjud. Bu oqim tarafdorlari insonga hamma narsa tabiatdan ato etiladi deb tushuntiradi.
Insonning jismoniy mavjudligi va uning ma’naviy sifatlari ham tabiatdan beriladi deb tushuntiriladi. Hamma narsa tabiat tomonidan azaliy beriladi, deb tushuntiradi. Aristotel ba’zi odamlar tug‘ilgandan bo‘ysunishga va ba’zilar hukmronlik qilishlari tabiatdan belgilab beriladi, hatto bu narsa ularning tana tuzilishlarida ham namoyon bo‘ladi, deydi. Bunday qarash musulmon dini vakillarida ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. «Taqdir azaliy,peshonada belgilanadi», «nima bo‘lsa taqdirdan» kabi iboralar insonning shakllanishi xudo tomonidan belgilab berilgan taqdirga bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Markaziy Osiyo allomasi ibn Sino ham insonga biologik zot sifatida qaraydi, u inson mijozining shakllanishida tabiatning muhim o‘rin tutishini ta’kidlaydi.
XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida biogenetiqlar (Bolduin, Chemberlen,Stenli Xol va boshqalar) bolaning psixik jihatdan o‘sishi zoologlar Frits Myuller (1821-1897) va Ernest Gekkel (1834-1919) lar tomonidan kashf qilingan biogenetik qonun asosida boradi degan fikrni shunday ta’riflaydi: «Ontogenez filogenezni takrorlaydi». Bu har bir organizm o‘zining embrional taraqqiyotida o‘zidan avvalgi barcha bosqichlarni takrorlaydi». Bu har bir organizm o‘zining embrional taraqqiyotida o‘zidan avvalgi barcha tuxum-hujayra holatidan mukammal holatga yetgungacha boshdan kechirganidan qator formalar shu organizmning ajdodlari bosib o‘tgan juda ko‘p formalarning qisqacha, ixcham takrorlanishi demakdir. Biogenetikar hayvon organizmining biologik rivojlanishiga oid bo‘lgan bu qonunni kengaytirishga va bolaning psixik jihatdan o‘sishiga tatbiq qilishga o‘rganadilar. Ularning ta’limotiga ko‘ra bolaning psixik taraqqiyotida hayvonlar psixik hayotinig formalari qisqacha takrorlanadi. Masalan, nemis psixologi F.Shtern yangi tug‘ilgan bola hali inson emas deb hisoblaydi. U faqat sut emizuvchi hayvondir.Yarim yoshdan oshgandan so‘ng u maymunga tenglashadi (har narsani tutishga intiluvchi maymunliq davri), ikki yoshida bola boshlang‘ich insonlik holatiga yetadi. (yura va gapira boshlaydi.) Besh yoshgacha bo‘lgan bolalarni psixik xususiyatlari ibtidoiy odamlarnikiga, dastlabki maktab yillari qadimgi tarix davriga mos keladi .O‘smirlik yillarida kishi o‘zida o‘rta asr ongini aks ettiradi va yetukliq yoshidagina mavjud jamiyatning madaniy darajasiga mos ong egasi bo‘ladi, deb da’vo qiladi.
Shunday qilib Shtern ta’limoticha ,kishi faqat yetukliq yoshida 17-18 yoshlaridagina mavjud jamiyatning a’zosi bo‘la oladi.
Asrimizning boshlarida AQSHdagi pragmatik filosof Djon Dyui (1856-1952) va psixolog Edvar L.I.Torndayq (1874-1949)biologizatorlar g‘oyalarini tasdiqlaydilar. Ular ham insonning barcha sifatlari hatto ongi va aqliy qobiliyatlari ham nasldan naslga o‘tadi. Aqliy qobiliyat insonga tabiyatdan beriladi , ya’ni qo‘z,tish, panjalar kabi deb ko‘rsatiladi.
Bunday g‘oyalar asosida bolalardagi tug‘ma irsiy sifatlar va qobiliyatlarni aniqlashga erishish uchun chet ellarda , jumladan AQSHda XX asr boshlarida pedagogika fani vujudga keldi. 20-yilardan boshlab pedologiya sobiq SSSR ga ham kirib keldi. Ular insonning barcha sifatlari irsiyat orqali beriladi degan g‘oyaga asoslanib bolalardagi bilim, qobiliyatlarning rivojlanishi qanday kechishini aniqlay boshladilar. Buning uchun turli testlarni ishlab chiqdilar.
Testlar asosida o‘quvchi aqliy rivojlanish darajasi aniqlanar edi. Har bir yoshdagi bolalar uchun ularning yoshi va dunyo qarashiga mos testlar tuzilar edi. Masalan, yoshlar uchun maxsus ishlab chiqilgan 5 testni berar edilar: chap va o‘ng tomonni aniqlash, rasmdagi holatni gapirib bering, bir vaqtning o‘zida bir necha topshiriqni bajarish(“qalamni stolga qo‘yib, qeyin eshiqni och, stulda to‘rgan qutichani olib qel” va hoqazo) bir necha tangani necha pulligini aytish, asosiy rangni aytish (ko‘rsatilganlar bo‘yicha).
Bola hamma 5ta testni ham to‘g‘ri yecha olsa, yoshiga munosib aqlga ega deb baholanar edi. Agar 5ta testdan 3ta testni to‘g‘ri bajarib, 2tasini bajara olmasa, demak u aqliy jihatdan tengdoshlaridan orqada deb baholanar edi. Aniqrog‘i baholash quyidagicha bo‘lar edi: Har yil uchun testlar soni 12 oyga mo‘ljallanar edi(1 yoshgacha 3 tadan 8 tagacha test ishlab chiqilar edi).
Yuqoridagi misolda 5ta test. Uni 12oyga bo‘ladigan bo‘lsa 1ta test 2.4oyga teng bo‘ladi. Bola 3 ta testni yechdi. Demak bolaning 7 yoshida 12 oydagi aqliy rivojlanish darajasi 7.2 oyga teng. Unga 6 yoshlar uchun mo‘ljallangan testlar beriladi. Bola u testlarni to‘g‘ri yechgan bo‘lsa, demak uning yoshidagi aqliy rivojlanish darajasi 6 yoshu 7.2 oyga teng bo‘ladi. Shundan keyin uning qobiliyati koefitsienti aniqlanishi mumkin. Aqliy rivojlanish darajasi jismoniy rivojlanishiga nisbatan protsent hisobidan berilishi mumkin. Yuqoridagi keltirilgan misol bo‘yicha 7 yoshli bolaning qobiliyati koefitsienti quyidagicha bo‘ladi.
6yosh 7.2 x100 =94.3%
7yosh
Har xil pedagogik tadqiqotlarda o‘quvchi aqliy qoloqligi darajasi har xil belgilangan. Lekin aqliy rivojlanish darajasi 80 foizdan kam natijaga ega bo‘lsa uni aqliy jihatdan nomukammal deb, maxsus maktablarga yuborilgan. U maktablarda o‘quv rejasi va dasturi aqliy jihatdan nomukammal bolalarga moslab tuzilgan edi.
Sobiq SSR da bolalar qobiliyati va aqliy imkoniyatlarini aniqlashlarning bu yo‘li uzoq amal qiladi. Partiya MQ ning 1936 yil 4 iyuldagi «Maorif xalq Komissarlari sismavzusidagi pedalogik buzukliqlar» deb chiqargan qarorida pedalogiya fani qattiq tanqid qilinib, uni yolg‘on fan bolaning rivojlanishida irsiyat va ijtimoiy muhit ta’sirinigina tan oladi deb bu fanni fanlar tizimidan chiqarib tashlandi.
Afsuski bu qaror insonni, ayniqsa o‘quvchi individual qobiliyati aqliy imkoniyatlari, tug‘ma xislatlarini aniqlab berishi mumkin bo‘lgan bir fanni tamoman yo‘qga chiqardi.
Insonning rivojlanishida biologik omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega, deb inson haqida subektiv xulosa chiqaruvchi biologizatorlar g‘oyasini to‘liq o‘quvchi qilib bo‘lmaydi albatta. Lekin insonning ko‘pgina xususiyatlari ba’zan uning tabiatida mavjudligini, tug‘ma qobiliyatlar mavjudligini ham inkor qilish mumkin emas. Pedalogiyaga zarba berib, partiya Markaziy Qo‘mitasi bolani maktabga o‘quvchi qilishning yagona talabi uning jismoniy sog‘ligi va ma’lum yoshdagi bolalarga xos bo‘lgan umumiy psixologik xususiyatlarga asoslanishini belgilab, jamiyatga juda katta zarar yetkazganligini anglash endilikda qiyin emas. Chunki kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, ba’zi hollarda 5 yoshlik bolaning aqliy rivojlanish darajasi (jismoniy emas) 7 yoshlik bolanikidan yuqoriroq bo‘ladi.
3.3. Bolalar iqtidorligi, uning turlari va mezonlari
Har bir yoshdagi o‘quvchi xususiyatlari bo‘lgani kabi, ma’lum yoshdagi har bir bolaning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash bolaning normal rivojlanishiga va shakllanishiga ancha yordam bergan bo‘lar edi.
Rivojlangan mamlakatlarda hozirga qadar ham bolaning tabiiy qobiliyati va iqtidorlarini aniqlash sohasida tajribalar o‘tkaziladi. Masalan, Angliyada o‘quvchilar boshlang‘ich sinfni tugatgandan so‘ng test sinovlari o‘tkazilib «Aqliy qobiliyat koeffitsienti» aniqlanadi. Shundan keyin bolalar o‘qishlarini davom ettirish uchun qobiliyatlariga qarab turli tipdagi o‘quv yurtlariga yuboriladi.
Germaniyada esa bolalar qobiliyatiga qarab uch guruhga bo‘linadi. Birinchi guruhga nazariy tafakkuri kuchli bo‘lgan bolalar kirib, ular yuqori darajadagi bilimlar olishga tayyorlanadi. Ikkinchi guruhga nazariy amaliy tafakkurga ega bo‘lgan bolalar kirib, bo‘lar bo‘lajak injener texnik xodimlar sifatida tayyorlanadi, uchinchi guruhga amaliy qobiliyatga ega bo‘lgan bolalar ko‘proq moddiy ishlab chiqarish sohalariga tayyorlanadi.
Boshqa ko‘pgina mamlakatlarda ham o‘quvchi rivojlanishi va tarbiyasini amalga oshirishda yuqoridagi usuldan foydalanildi.
Insonga tabiatdan ato etilgan qobiliyat, aqliy quch va tafakkurni vaqtida aniqlash, uning rivojlanishi uchun ta’lim-tarbiyani shunga mos tashkil qilish nafaqat bolaning rivojlanishi, balki jamiyatning rivojlanishiga ham yordam beradi. O‘quvchi qobiliyatini hisobga olmay bekorga sarflangan qancha-qancha mablag‘lar iqtisod qilinadi. Xalq xo‘jaligining barcha sohalari o‘z egalarini topadilar. Inson o‘z kuchi, qobiliyatiga yarasha ish topsa u yuqori unumdorlik bilan ishlaydi. O‘z ishidan qoniqib, yangi-yangi tashabbuslar ko‘rsatadi.
3.4. Shaxs rivojlanishi va shakllanishining asosiy omillari
Yuqorida ta’kidlanganidek shaxsning shakllanishi va rivojlanishi ikki bir-biriga bog‘liq omillar, ya’ni biologik va ijtimoiy omillar ta’sirida bo‘ladi. Bu omillar o‘zaro bog‘liq holda shaxsga ta’sir etadilar. Ularning o‘zaro munosabati bir qancha ichki va tashqi holatlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Bularning ta’sirini alohida ko‘rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |