1923 yildan adabiyot maydoniga qadam qoʻygan Gʻafur Gʻulom oʻz ijodini bolalarga atab sheʼr yozishdan boshladi. U butun ijodi davomida yosh avlodni unutmadi va unga munosib adabiy meros qoldirdi. Shoirning “Mukofot” , “Sheʼrlar” , “Tongotar qoʻshigʻi” , “Bari seniki” , “Bir gʻuncha ochilguncha” , “Siz mening yoshligimsiz” sheʼriy toʻplamlari, oʻrta va katta yoshdagi bolalar uchun “Shum bola”, “Tirilgan murda” , “Yodgor” kabi ajoyib asarlari bolalar adabiyotida munosib oʻrin tutadi. Gʻafur Gʻulom “Yasha, deyman, oʻgʻlim!” sheʼrida fan va texnikani egallashni havas qilgan, qalbi qahramonlik ruhi bilan toʻlib-toshgan, cheksiz osmonga uchib, yulduzdan yulduzga oʻtishni orzu qilgan zamonamizning ilgʻor yosh qahramoni tuygʻularini oʻgʻli misolida tarannum etadi. Shoir bolalardagi qahramonlikka boʻlgan zoʻr havasni sezgirlik bilan ilgʻab olib, uni mohirlik bilan ifodalab bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |