TOLERANTLIK TUSHUNCHASI
Asosiy savollar
1.Tolerantlik haqida tushuncha.
2.“Tolerantlik tamoyillari Deklaratsiyasi” tolerantlikning tarixiy ildizlari.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: Tolerantlik, tolerantlikning tarixiy ildizlari, vositachilik, vositachilikning asosiy qoidalari.
Tolerantlik tafakkuri hozirgi zamonaviy jamiyatlardagi millatlar, elatlar, xalqlar, madaniyatlar, qarashlar, mafkuralar xilma-xilligi va rang-barangligi sharoitida o‘zaro hamkorlik va bir-birini qabul qilish, anglash jarayoni hamda o‘zaro barqarorlik tafakkurini bildiradi.
Tolerantlik boshqa millat, irq, xalq, ular madaniyati, tili, urf-odati, qarashlari, udumlariga bo‘lgan “qanoatli” va hurmatli munosabatni anglatadi.
Tolerantlik tafakkuri qadimdanoq turli xalq va millatlarni bir-biriga moslashtirish va o‘zaro hamjihatlikda yashash zarurati asosida rivojlanib kelgan. XXI asrda dunyo iqtisodiy, ma’naviy, madaniy munosabatlarida bir tomondan, umumlashish va uning asosida yuzaga kelayotgan globalizatsiya jarayonlari, ikkinchi tarafdan, mazkur umumlashish va o‘zaro yaqinlashish asosida davlatlardagi insonlararo va mafkuralararo ziddiyatlarning ortishi dunyo davlatlari va xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarga e’tibor qaratilishi ko‘ndalang qo‘ymoqda. SHu bois, tolerantlik bugungi kunda bashariyatning eng zarur zamonaviy qarashlari va tafakkurlaridan biriga aylanmoqda1.
Tarixiy jihatdan tolerantlik insonlarga hamdard bo‘la olish xususiyatlari asosida Sharq sivilizatsiyasi tarkibida shakllangan. Qadimgi xitoy, hind, misr, zardushtiylik madaniyatlarida shakllantirilgan bag‘rikenglik g‘oyalari keyinchalik islom falsafasi orqali qadimgi davrlardan ijodiy o‘zlashtirilgan. Islom madaniyatining G‘arb ilg‘or tafakkuriga ta’siri orqali bag‘rikenglik Renessans davrining insonparvarlik g‘oyalari asosida yangitdan shakllantirilgan. Tolerantlik tushunchasi barcha Evropa tillarida mavjud bo‘lib, uning lug‘aviy ma’nosi ingliz, ispan, fransuz, nemis tillarida boshqalarga nisbatan sabr-bardoshli bo‘lish, o‘z fikri va mulohazalari, qarashlarining birovlarnikidan o‘zgacharoq bo‘lishi mumkinligini tushunish, birovlarning harakatlari va ongi o‘zinikidan o‘zgacha ekanligini tan olish degan mazmunlarni bildiradi.
Tolerantlik tarixiy ildizlarga ega hodisa hisoblanadi. Tarixan o‘z shakllanish jarayonlarida tolerantlik ma’naviy va diniy bag‘rikenglik g‘oyalariga tayangan. Tolerantlik va dinlar tarixi o‘zaro bog‘liq hodisalar bo‘lib, dunyo dinlari o‘rtasidagi tenglik va o‘zaro hurmat tolerantliksiz rivojlana olmas edi. Tolerantlik diniy e’tiqodlarga bo‘lgan o‘z munosabatini an’anaviy diniy mazhablarning ulug‘lanishi asosiga quradi. SHu nuqtai nazardan, har bir din tarkibida o‘ziga xos tolerantlik tamoyillariga asoslangan konfessional qadriyatlar tizimi shakllanib kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |