SHAHRISABZ TUMANI EKOTURISTIK IMKONIYATLARINI BAHOLASH
G.N.Aliqulov-QarMII, “Geodeziya, kadastr va yerdan foydalanish”
kafedrasi dotsenti
F.I.Muzropova-“Geodeziya, kadastr va yerdan foydalanish”
kafedrasi assistenti
Annotatsiya Ekoturizm va uning rivojlanishi nafaqat o‘rganilayotgan hududning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitiga bog‘liq bo‘libgina qolmasdan balki shu hududning tabiiy sharoitiga, unda ekoturistik ob’ektlarning mavjudligiga va ularning geografik o‘rniga ham bog‘liqdir. Chunki tabiiy sharoit xususiyatlari hududning ekoturistik imkoniyatlarini va uning qaysi turlarini rivojlantirish mumkinligini aniqlashga imkon beradi.
KIRISH. Mamlakatimizda turizm faoliyatiga, mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq, asosiy davlat siyosati darajasida qaraldi. Soha rivoji uchun barcha zarur tashkiliy- huquqiy mexanizm vujudga keltirilib, muhim me’yoriy hujjatlar qabul qilingan va qabul qilinmoqda. Mamlakatimizda turizmning ravnaqi, uni yangi pog’onalarga ko’tarish, yurtimizni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirish uchun avvalo huquqiy zamin yaratish lozim edi. Shu tufayli O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining mazkur yo’nalishga taa’lluqli qonun va kodekslari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining turizmga oid qator Farmonlari, Respublika Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Adliya vazirligining va boshqa mutasaddi davlat idoralarining yo’riqnoma, ko’rsatma va tartiblari ishlab chiqilib, hayotga tadbiq etilmoqda.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA. Turizm industriyasi o’ziga katta sarmoya va resurslarni mujassamlashtirish bilan bir qatorda mustaqil davlat va jamiyat uchun zarur bo’lgan ma’naviy-ma’rifiy funktsiyalarni bajaruvchi iqtisodiyot tarmog’idir. Ekoturizm orqali chet ellik mehmonlar O’zbekistonning boy va betakror tabiati haqidagi tassavurga ega bo’lsalar, O’zbekiston fuqarolari - o’z Vatani bilan yaqindan tanishadilar. Ularda ona yurtiga nisbatan milliy iftixor hamda g’urur tuyg’usini shakllantirish imkoniyatining tug’ilishini aytib o’tishning o’zi kifoyadir.
Ekoturizm ilmiy yo’nalish va amaliyot tarmog’idir. Undan tashqari, u turli hil ijtimoiy, iqtisodiy siyosiy, ekologik funktsiyalarni bajaradi. Ekoturizmning ilmiy-nazariy asoslarini va uning tabiiy geografik jihatlarini ochib berish, Shahrisabz tumanining tabiatini ekoturistik imkoniyatlarini aniqlash, tahlil qilish, ulardan oqilona foydalanish yo’llarini ko’rsatish shu kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi.
Mazkur tadqiqotning asosiy maqsadi- Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida ekologik turizmning ilmiy asoslarini ishlab chiqish va rivojlantirish jihatlari ochib berishdan iborat. Ushbu maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalar hal etilishini talab etadi:
ekoturizmning ob’yekti va predmetini aniqlashtirish;
ekoturizmning Shahrisabz tumanida hududidagi ekoturlarini tasniflash;
ekoturizmning tabiiy geografik jihatlarini ochib berish;.
Shahrisabz tumani tabiatining (landshaftlarining) ekoturistik imkoniyatlarini tavsiflaydigan muhim omillarni belgilash va ularni xarakterlaydigan ko’rsatkichlarni aniqlash;
Shahrisabz tumanini ekoturistik jihatdan rayonlashtirish;
Barqaror rivojlanish muammolari ayniqsa turizmga taaluqli unikal tabiiy obyektlari va mo`jizalari bor bo`lgan, tabiiy qo`riqxonalar uchun muhim hisoblanadi. Bunday hududlar atrofida yashovchi aksariyat aholining daromadi sayyohlar oqimidan shakllangan bo`ladi. Bu holat tog`li va tog` oldi hududlari uchun ko`proq xarakterlidir. Shahrisabz tumani esa bunday imkoniyatlarga juda egaligi bilan ajralib turadi.
Tuman 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. Shimolidan Kitob tumani, sharqdan Tojikiston, Surxondaryo viloyati, janubidan Yakkabogʻ, Qamashi, gʻarbdan Chiroqchi tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 1,70 ming km². Tumanda 1 shahar (Shahrisabz): 1 shaharcha (Miroqi), 12 ta qishloq fuqarolar yigʻini (Dukchi, Kunchiqar, Moʻminobod, Naʼmaton, Oqsuv, Toʻdamaydon, Xitoy, Shakarteri, Shamaton, Oʻzbekiston, Qutchi, Hisorak) bor. Markazi — Shahrisabz shahri. Tuman hududi Qashqadaryo viloyatining shimoli-sharqiy qismida, Hisor togʻlarining etaklarida joylashgan. Tumanning gʻarbi ochiq voha — Qarshi choʻliga tutashib ketadigan tekislikdan iborat. Togʻlardan oqib tushadigan Oqsuv, Qashqadaryo, Tanxozdaryo, Qizildaryo, Tamshush, Miroqi daryolari jarliklar hosil qilgan. Iqlimi kontinental. Yillik oʻrtacha temperatura 14,7°. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0,8°, eng past temperatura —26°. Tuman yuqori ekoturistik salohiyatga ega. Masalan G‘ilon va Ko‘l qishloqlari, Varganza va Hazrati Bashir qishloqlari, Amir Temur g‘ori, Sarchashma va Suvtushar ma’daniy hordiq maskanlari. Bundan tashqari tuman hududdida joylashgan Hisor davlat qo’riqxonasi ham muhim ekoturistik obyekt bo’lib hisoblanadi. U Hisor togʻ tizmalari gʻarbida (Yakkabogʻ va Shahrisabz tumanlari togʻli hududlarida) joylashgan davlat qoʻriqxonasi bo’lib Qizilsuv (1975) va Miroqi (1976) qoʻriqxonalari negizida tashkil qilingan (1983). Maydoni 80986,1 ga, shundan 12203 ga oʻrmonzorlar, 2745 ga oʻtloqzor, 17 ga suv havzalaridan iborat. Tabiiy landshaft majmualari va Hisor togʻ tizmasi ekotizmlarini saqlash maqsadlarida tashkil etilgan
Qo‘riqxonaning tabiiy ob’yektlari noyobdir. Bu yerda O‘rta Osiyoning eng chuqur g‘orlaridan biri – Amir Temur g‘ori joylashgan. 2900 m.dan ziyod balandlikdagi ushbu maskan uzunligi deyarli 1000 metr keladigan ikkita g‘ordan iborat. Bu yerdagi g‘orlarda stalaktitli baland grotlar hamda noyob buloqlar bilan oziqlanadigan go‘zal yerosti ko‘li bor. Diqqatga sazovor bo‘lgan sayyohlik ob’yektlari orasida Hazrati Sulton muqaddas tog‘i, toshqotgan dinozavr izlari, Suvtushar sharsharasi, Qizilshavar karst platosi, Xo‘jakarshavar baland tog‘li platosi, Janka baland tog‘li ko‘li, Kalasoy darasi, Zarmas darasi, Seversev muzligi, G‘ilon, Zarmas va Ko‘l sermanzara tog‘ qishloqlari, Qizilgaz yozgi yaylovlarini uchratish mumkin.
Qo`riqxonaning Miroqi bo`limi tasarrufidagi tabiat burchagida yana bir mo``jiza – mashhur Suvtushar sharsharasi bor. U mamlakatimizdagi eng uzun va sersuv sharshara hisoblanadi. 84 metr balandlikka ega sharsharadan yilning may-iyul oylarida har soniyada 5-6 kub metr suv otilib tushadi. Shu jarayonda hosil bo`lgan zarrachalar 250-300 metr, kuchli shamol esib turgan paytlarda 500-600 metrgacha sachrab tarqaladi va ajoyib mikroiqlim hosil qiladi. Tabiatning go’zal in’omi hisoblanmish bu sharsharaning dengiz sathidan 2 ming 100 metr yuqoridagi ulkan tosh qoyadan tushadigan suv parchalari go’zal qizni eslatadi. Shiddatli oqimdagi suv ko’pirib oppoq tusga kiradi. Shuning uchun mahalliy aholi uni "Sutshari" deb ham ataydi. Shu sababli bu hududning tabiiy-geografik xususiyatlarini va landshaft tuzilmasini о`rganish tabiiy resurslardan о`rinli, samarali va tejamkorona foydalanishda muhim amaliy ahamiyatga ega.
Shahrisabz tumanida Ekoturizmni rivojlantirishdan ko‘zlangan maqsad quyidagilardan iborat:
Respublika turistik xizmat bozorida Shahrisabzning ekoturistik salohiyati, tabiiy potensiali va resurslarini namoyish qilish;
hududning, ayniqsa tabiatining, geotizimlarning ekoturistik resurslari va imkoniyatlarinidan yanada samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borishni rag‘batlantirish;
turizmni rivojlantirishda ekoturizmning ahamiyati va ulushini oshirish;
Shahrisabzda joriy etilgan turistik faoliyatda ekoturistik xizmatlar sifatini tubdan takomillashtirish va ekoturistik xizmatlar hajmini jadal oshirish;
istiqbolda ekoturizmni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy, innovatsion va metodik ishlanmalarni yaratish;
Yana bir muhim e’tibor qaratish lozim bо‘lgan jihat mahalliy aholining kо‘pchilik qismi о‘z hududidagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va shifobahsh maskanlar xaqida ma’lumotlarga ega emasligidir. Shu ma’noda tumanning turistik imkoniyatlari xaqida targ‘ibot ishlarini yanada kengaytirish, bu xaqida ommaviy axborot vositalarida turkum materiallar berib borish zarur. Hududdagi mavjud tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va shifobahsh maskanlarda turli kо‘ngilochar tadbirlar, festivallar va aksiyalar tashkil etish orqali mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarning tashrifini yanada kuchaytirish mumkin.
XULOSA. Xulosa qilib aytganda maqola turizm muammolarini ilmiy jihatdan yechishga qaratilgan bo’lib, unda e’tibor Shahrisabz tumani misolida ekoturlarning tasniflanishi, geografik komplekslarning ekoturistik imkoniyatlari, ekoturistik rayonlarni ajratish va ularda marshrutlar tashkil etishga qaratilgan. Mazkur ekoturizm muammosining yechimi jarayonida quyidagi bir-biri bilan bog’liq bo’lgan ilmiy natijalarga erishish mumkin Ya’ni:
Hududning ekoturistik imkoniyatlarini aniqlashda geografik komplekslar (landshaftlar) asosiy baholanish ob’ekti bo’lib, hududning tabiiy imkoniyatini ob’ektiv aks ettiradi. Shuning uchun biz geokomplekslarni aniqlashni, kartaga tushirishni va ularni har tomonlama o’rganishni hududning ekoturistik imkoniyatlarini aniqlashda va baholashda bajariladigan dastlabki bosqich deb hisoblashimiz zarur.
Viloyatning o’ziga xos tabiiy sharoiti va ekoturistik imkoniyatlarining xilma-xilligi uning hududini ekoturistik rayonlashtirish.
Hozirgi kunda chet ellarda (Kanada, Avstraliya, Germaniya, Afrikaning bir qancha mamlakatlari, Nepal va boshqa) daromadlarning katta qismi sayyohlik orqali keladi. O’zbekistonda, jumladan Shahrisabz tumanida ham chetdan keladigan valyuta miqdorini ko’paytirish uchun turizm, xususan ekoturizm sohasini keng miqyosda rivojlantirish lozim.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
Azzamov X. Turizmning istiqbolli turi. Jamiyat gazetasi. 2014 yil 18 iyul 9 bet
Тухлиев Н. Экологический туризм: сущность, тенденции и стратегия развития.-Т.: Гос. Науч. Изд-во ―Ўзбекистон миллий энциклопедияси‖, 2006.-416 с.
География туризма: учебник / кол. авторов; под ред. А. Ю. Александровой.- М.: КНОРУС, 2008.-592 с.
INTERNET SAYTLARI
1. www.interunion.ru
2. www.world-tourism.org
3. www.tag-group.com
4. www.e-tours.ru
5. www.travel-library.com
Do'stlaringiz bilan baham: |