Ko`payish va rivojlanish
Reja:
1.Ko`payishning ahamiyati.
2.Urug`lanish.
3.Homilaning paydo bo`lishi.
4.Bachadondan tashqari homiladorlik.
5.Homilaga zarar yetkazuvchi faktorlar.
6.Homiladorning sog`lom turmush tarzi.
7.Chaqaloq parvarishi.
8.Chaqaloq kasalliklari.
Ko`payishning ahamiyati.
Kishilik jamiyati asrdan-asrga rivojlanib, davom etadi. Jamiyatda yashovchi avlodlar uzluksiz almashinib turadi. Avlodlarning almashinuvi ko`payish bilan bog`liq. Ko`payish barcha tirik mavjudodga xosdir.
Ko`payish orqali o`simliklar, hayvonlar va odam o`z turini saqlab qoladi, hamda hayotni davom ettiradi. Ko`payish jinssiz va jinsiy yo`l bilan amalga oshadi. Yuksak hayvonlar va odam jinsiy yo`l bilan ko`payadi. Jinsiy yo`l bilan ko`payishning biologik jihatdan ustunligi shundaki, undan bunyod bo`lgan bola organizmida ota-onaning eng afzal nasl belgilarini mujassamlashtirish imkoniyati mavjud. Bu esa yangi avlod ota-onaning har qaysisiga nisbatan yanada hayotchanroq bo`lishini ta`minlaydi.
Bunyod bo`lgan bola organizmida ota-ona organizmining ma`lum belgilari mujassamlashadi. Shu bilan birga, bola organizmi ota-ona organizmidan ma`lum darajada ijobiy xususiyatlari bilan farq qiladi. Ammo, shuning bilan birga, bola organizmiga ota va ona jinsiy hujayralarining qo`shilishi va homilani paydo bo`lishi vaqtidan boshlab, to tug`ilgunicha, hamda tug`ilgandan keyin o`sishi, rivojlanishi davrida atrof-muhit omillari uzluksiz ta`sir etib turadi.Atrof-muhitning noqulay ta`siri oqibatida bola organizmida noxush o`zgarishlar sodir bo`lishi mumkin.
Ko`payish erkak va ayol o`rtasidagi jinsiy hayot orqali sodir bo`ladi.Jinsiy hayot murakkab jismoniy, ruhiy, ijtimoiy jarayonlar kompleksidir.Jinsiy hayot avlodni davom ettirish uchun xizmat qilishi bilan birga, erkak va ayol o`rtasidagi ma`naviy yaqinlikni ham ifodalaydi.
2.Urug`lanish. Odamning hayoti ona organizmida ikkita jinsiy hujayralarning, ya`ni ayol organizmida ishlab chiqarilgan tuxum hujayra bilan erkak organizmida ishlab chiqarilgan spermatazoidning qo`shilishi natijasida bitta yangi hujayra, ya`ni yangi organizm-homila paydo bo`lishidan boshlanadi.
Bir-biriga qo`shilgan ayollik va erkaklik jinsiy hujayralarning har birida 23 tadan xromasoma bo`lib, ularning 22 tasi ota va ona organizmining irsiy belgilarini homilaga o`tkazadi. Bu 22 ta jinsiy hujayralardagi xromasomalarda minglab genlar bo`lib, ular yangi bunyod bo`lgan homilaning to`qima va a`zolarini tuzilishi hamda funksional xususiyatlarini belgilaydi.
Erkaklik va ayollik jinsiy hujayralardagi 23-nchi xromasoma esa, bunyod bo`ladigan (bunyod bo`lgan) homilaning jinsini belgilaydi. Ayollik jinsiy hujayradagi 23-nchi xromasoma iks-iks (XX) bo`lib, erkaklik jinsiy hujayradagi 23-nchi xromasoma iks-igrik (XY) bo`ladi. Erkaklik jinsiy hujayraning iks (X) xromasomasi, ayollik jinsiy hujayra bilan qo`shilsa homila qiz bo`ladi.Erkaklik jinsiy hujayraning igrik (Y) xromasomasi ayollik jinsiy hujayra bilan qo`shilsa homila o`gil bo`ladi (takror bo`lsada aytish lozimki, ayollik jinsiy hujayrada faqat iks-(XX) xromasoma bo`ladi).
Shunday qilib, bunyod bo`lgan homilaning jinsi otaning (erkakning) jinsiy hujayrasidagi iks va igrik (XY) xromasomalarning qaysi birini, ayol jinsiy hujayrasidagi iks-iks (XX) xromasoma bilan qo`shilishiga bog`liq.Ammo, bu erkak va ayolning ixtiyori (xohishi) ga bog`liq emas.
3.Homilaning paydo bo`lishi va tug`ilishi.
Ayollik va erkaklik jinsiy hujayralarning ayol ichki jinsiy a`zosi hisoblangan bachadon tuxum yo`li (follopiy nayi) da qo`shilishidan paydo bo`lgan bitta yangi hujayrada, ya`ni homilada 46 ta xtomosoma bo`ladi. Ularning 23 tasi ayol, 23 tasi erkak jinsiy hujayrasidagi xromasomalardir. Hosil bo`lgan yangi hujayra, ya`ni homila bir hafta davomida ayol tuxum yo`lida, ya`ni bachadon (follopiy) nayida bo`linib ko`paya boshlaydi va asta-sekin tuxum yo`lidan siljib bachadon bo`shlig`iga o`tadi.
Bachadonga o`tgan homila atrofida hujayralar birikmasi (yo`ldosh) hosil bo`lib, u orqali homila bachadon devorining ichki yuzasiga birikadi. Maxsus hujayralardan kindik shakllanib, homila kindikda hosil bo`lgan arteriya va vena qon tomirlari bilan tutashadi.Yo`ldosh homilani oziqlantirish bilan birga uni ona organizmidagi zararli kimyoviy moddalar, mikrob va viruslar ta`siridan ma`lum darajada himoya qiladi.
Homila usti yupqa (amnion) parda bilan qoplanib, uning bo`shlig`i amnion suyuqligi bilan to`la bo`ladi.Amnion suyuqligi homila organizmida moddalar almashinuvi jarayonini normal o`tishida, homilaning erkin harakatlanishida va tashqi noqulay ta`sirlardan himoyalanishida muhim ahamiyatga ega. Shunday qilib, homila bachadon bo`shlig`ida yo`ldosh hamda kindik tomirlari orqali bachadon devorining ishki yuzasiga birikib, ustidan amnion parda va uning suyuqligi bilan uralgan holda 280 kun (40 hafta) davomida rivojlanadi, so`ngra chaqaloq sifatida tug`iladi.
Bachadondan tashqari homiladorlik. Yuqorida aytilganidek, ayol ichki jinsiy a`zosi bo`lgan tuxum yo`lida (follopiy nayida) ayol va erkak jinsiy hujayralari qo`shilishidan paydo bo`lgan bitta yangi hujayra (homila), bir hafta davomida tuxum yo`lida bo`linib ko`payadi, biroz kattalashadi, so`ngra bachadonga o`tadi.
Ammo, shu jarayonda quyidagi noxush holat yuzaga kelishi mumkin. Chunonchi, tuxum yo`li (follopiy nayi) paydo bo`lgan yangi hujayra (homila) tuxum yo`lidan (follopiy nayidan) bachadonga o`tmasdan, tuxum yo`lida (follopiy nayida) to`xtab qoladi va bo`linib ko`paya boshlaydi, kattalasha boshlaydi. Bunga bachadondan tashqari homiladorlik deyiladi. Tuxum yo`lida uzleksiz kattalashayotgan homila, tez kunda tuxum yo`liga sig`may qoladi. Natijada tuxum yo`li devorining yorilishiga olib keladi.
Tuxum yo`li devori yorilganda ayol qornining pastki sohasida to`satdan kuchli og`riq paydo bo`lib, qorin muskullari taranglashadi.Tekshiruvchi ayol qornini barmoq va kaft bilan paypaslaganda, og`riq zo`rayadi, ya`ni ayolda juda og`ir holat (peritonit kasalligi) vujudga kelgani ma`lum bo`ladi.
Bachadondan tashqari homiladorlikning asorati hisoblangan peritonit kasalligi vujudga kelganida birinchi tibbiy yordam. l.Bunday holatdagi ayolni transportga orqasi bilan yotqizib, tezlik bilan tug`ruqxonaga jo`natilishi va operatsiya qilinishi zarur.
2.Og`riq qoldiruvchi dorilarni qo`llash mumkin emas.
3.Ta`kidlash lozimki, ayrim tajribasiz yosh ayollar, homilador bo`lganini 1,5-2 hafta davomida bilmasligi ham mumkin.Shu bois, bachadondan tashqari homiladorlikka to`g`ri tashxis qo`yishda, ayoldan hayz ko`rish muddatidan necha kun yoki necha hafta o`tkanligini so`ralsa, masala oydinlashadi.
Homila sog`lig`i va hayotiga xavf tug`diruvchi faktorlar:
Homila sog`lig`i va hayotiga xavf tug`diruvchi faktorlar 3 guruhga bo`linadi
1.Irsiyat bilan bog`liq faktorlar, ya`ni ota-ona jinsiy hujayralarining xromasoma va genlarini kasallaganligi, ularni oldingi avlodlardan keyingi avlodlarga o`tishi.
2.Tashqi muhitning noqulay ta`sirlari-ekologik faktorlar, zararli odatlar (spirtli ichimliklar, tamaki, narkotiklar, kimyoviy dorilar), yuqumli kasalliklarni qo`zg`atuvchi mikroblari va viruslarining toksinlarini ta`siri.
3.Multi faktorial ta`sirlar, ya`ni bir nechta zararli faktorlarni birgalikdagi ta`siri (irsiy, tashqi muhitning noqulay omillari, onaning surunkali kasalliklari kabilar).
Yuqoridagi 3 guruh zararli faktorlarning ta`siri natijasida homilada quyidagi xavfli holatlar yuzaga kelishi mumkin:
1.Homilaning tusatdan tushishi;
2.Homilaning nobud bo`lib tushishi;
3.Homilaning (chaqaloqning) chala tug`ilishi;
4.Chaqaloqning og`ir kasallik holatida tug`ilishi va nobud bo`lishi;
5.Chaqaloq kasallik bilan tug`ilishi oqibatida uning umr bo`yi nogiron bo`lib qolishi;
6.Tibbiyotga oid ilmiy manbalardagi ma`lumotlarga ko`ra jahondagi ko`pgina mamlakatlarda chaqaloqlarning irsiy va tug`ma kasalliklar bilan tug`ilishi 3-5 foizni tashkil etadi.Shulardan:
- genetik kasalliklar – 0,5-1,4 foizni tashkil etadi;
- xromasoma kasalliklari – 0,4-0,7 foizni tashkil etadi;
- irsiy kasallikka moyillik (irsiy kasallikning vaqtincha namoyon bo`lmaydigan yashirin kechishi) – 0,7-1,0 foizni tashkil etadi;
- tug`ma norasoliklar, ko`pincha yurakning tug`ma porok kasalligi, tanglayi teshik, labi tirtiq, qo`l-oyoqlarning norasoligi kabilar hamma chaqaloqlarning 1,9-2,2 foizini tashkil etadi.
7.Irsiy kasalliklar va tug`ma norasoliklar bilan tug`ilgan chaqaloqlarning har 100 tasidan o`ntasi bir yoshga yetmay nobud bo`ladi.Qolganlarining ma`lum qismi bolalikning turli davrlarida nobud bo`ladi, qolgan ma`lum qismi aqliy-jismoniy nogironlikda umr kechiradi. Ularni ko`p yillar davomida davolash, parvarish qilish, ijtimoiy ta`minlash davlat, jamiyat, ota-ona uchun katta mablag` sarflash bilan bog`liq. Eng asosiysi esa ota-ona va qavm-qarindoshlarining yillar davomidagi psixologik aziyat chekishidir. Shu sabab bilan hatto oilalar ajralib ketadilar.
Shu bois, har bir yigit-qiz, bo`lg`usi kelin-kuyov, nikohdan avval bir-birining avlodida irsiy kasallik bor-yo`qligini aniqlab, so`ngra turmush qurishi lozim. Bundan tashqari, yigit va qiz tibbiy nazoratdan o`tishi va qandaydir surunkali kasalligi bo`lsa, o`zini sog`lomlashtirishi lozim. Farzand ko`rishni rejalashtirgan er-xotin, shu davrda o`zini parvarish qilishi, zararli odatlardan voz kechishi, turli xil kimyoviy dorilarni qabul qilavermasligi, sifatli ovqatlanishi, vaqtida dam olishi kabi sog`lom turmush qoidalariga amal qilishlari kerak.
Zero, biologik, tibbiy, ijtimoiy nuqtai nazardan aql-zakovatli har bir insonning xatti-harakati, intilishi, istaklari asosan bir maqsadga qaratilishi lozim. Sog`lom avlodni bunyod etish, uni jismonan va aqlan barkamol etib voyaga yetkazish.
4.Homiladorning sog`lom turmush tarzi.
Homilador ayol sog`lom va jismonan baquvvat bo`lishi lozim. Chunki, homilani oziqlantirish va tug`ish jarayonlari normal kechishi uchun ayoldan mustahkam sog`liq va kuch-quvvat talab etiladi. Buning uchun ayolning nafas olish va yurak-tomir tizimi, ko`krak, qorin, chanoq muskullari sog`lom va baquvvat bo`lishi kerak.
Homilaning sog`lom bo`lishi uchun ayol homilador bo`lishidan avval o`zini shu jarayonga tayyorlashi lozim.U kasallangan tishlarini, tomoq bezlarini sog`lomlashtirishi, o`pka, yurak, jigar, buyrak, me`da-ichak, ichki jinsiy a`zolarini tibbiy nazoratdan o`tkazishi kerak.Agar surunkali kechayotgan kasalliklar, kamqonlik, qonning ivishini buzilishi bilan kechadigan gemorragik diatez, bo`qoq va boshqa kasalliklari bo`lsa, ularni davolatishi lozim.Buning uchun tug`ish yoshidagi ayol albatta tuman (shahar) xotin-qizlar maslahatxonasining akusher-ginekolog shifokori hamda tuman (shahar) poliklinikasining mahalliy terapevt shifokori nazoratida bo`lishi zarur. Bordi-yu, ayol homiladorlikdan oldin, yuqorida aytilgan masalalarga e`tibor bermagan bo`lsa, homiladorlikning boshlanishi bilanoq o`zini sog`lomlashtirish haqida jiddiy o`ylashi lozim.
Homiladorlikni birinchi haftasidayoq ayol xotin-qizlar maslahatxonasiga borishi lozim. Akusher-ginekolog shifokorning maslahatlariga amal qilishi lozim.
Homiladorlikning birinchi yarmida (20 hafta) xotin-qizlar maslahatxonasining akusher-ginekolog shifokori nazoratidan har oyda kamida bir marta, homiladorlikning ikkinchi yarmida har oyda kamida ikki marta o`tishi kerak.
Homiladorda qandaydir surunkali yashirin kechayotgan kasallik aniqlansa, shifokor maslahati bo`yicha uyida yoki shifoxonada davolanishi lozim.
Homilador ayol tashqi muhitning zararli ta`sirlaridan o`zini ehtiyot qilishi lozim. Jumladan:
- kimyoviy moddalar, buyoqlar, lak;
- hashoratlarga qarshi ishlatiladigan xlorafos, dixlafos va boshqa zaharli moddalar;
- chiqindilarni yoqish va tutun yonida turish;
- tamaki chekiladigan xonada bo`lish also mumkin emas, chunki tamaki tutuni tarkibidagi nikotin, karbonat angidrid gazi, poloniy va boshqa moddalar ona qoni orqali homilani zaharlaydi;
- homilador ayol psixik holatini tez-tez buzilishi tashqi muhitning noqulay ta`siri hisoblanadi: hayajonlanish, qayg`urish, g`am chekish, asabiylashuv, psixologik notinchlik kabi holatlarda psixik-asab tizimi qo`zg`aladi.Bu esa qalqonsimon va buyrak usti bezlari ishini qo`zg`atib, ulardan tiroksin, kortikasteroid, adrenalin gormonlarini ishlab chiqarishi ko`payadi. Gormonlar ta`sirida homiladorning arterial qon bosimi normadan yuqoriga ko`tariladi, bu esa o`z navbatida yurak urishini tezlashtiradi, moddalar almashinuvini buzilishiga olib keladi.Ayolning uyqusi buziladi, u tez charchaydi;
- homilador ayol bir joyda uzoq vaqt qimirlamay o`tirishi mumkin emas. Chunki, bunday holatda uni tanasida qon aylanishi, nafas olish jarayonlari juda sekinlashadi va homilaga yetarli miqdorda kislorod yetkazib berilmaydi.Shu bois, homilador ayol avtomashinada, poyezdda, samolyotda uzoq masofaga safar qilishi, mehmondorchilikda bir joyda ko`p vaqt qimirlamay o`tirishi maqsadga muvofiq emas;
- homilador og`ir buyumlar, paqir to`la suv kabilarni ko`tarishi mumkin emas. Bu homilani tushishiga yoki chala tug`ilishiga sabab bo`ladi;
- ayrim homilador ayollar dekret ta`tili berilishi bilanoq bitmay turgan ro`zg`or ishlariga o`zlarini jalb etadilar. Uyni ta`mirlash, ro`zg`or anjomlarini tozalash, poloslarning changini qoqish, mebellarni joyini o`zgartirish, ya`ni ularni ko`tarish kabilar bilan o`zlarini zo`riqtiradilar. Bu esa homilaga zararli ta`sir ko`rsatadi;
- tug`ish oldidan beriladigan dekret ta`tilning asosiy maqsadi homilador ayol o`zini tug`ishga tayyorlashi, kuch to`plashi, sog`lig`ini mustahkamlashi uchun Davlat tomonidan ko`rsatilgan g`amxo`rligidir. Buning mohiyatini to`g`ri idrok etish va undan to`g`ri foydalanish shart ekanligini har bir homilador ayol va uning oila a`zolari unutmasliklari kerak.
Homilador ayol sog`lom turmush tarzining quyidagi qoidalariga amal qilishi lozim:
- kechasidagi uyqu 8 soatdan kam bo`lmasligi.Uyquga yotish kech soat 22-23 da, uyg`onish ertalab soat 6-7 da;
- ayniqsa, homiladorlikning ikkinchi yarmida, kunduzi 1-2 soat uxlash maqsadga muvofiq;
- bo`sh vaqtning har bir daqiqasida iloji boricha ochiq havoda sayr qilish. Qish faslida issiq kiyingan holda har kuni iloji bo`lsa 2 soat ochiq havoda bo`lish. Yozda esa, agar sharoit taqoza qilsa, kuni bo`yi ochiq havoda bo`lish. Negaki homila sog`lig`i uchun kislorodning yetarli bo`lishi nihoyatda zarur;
- ertalab chuqur nafas olish va nafas chiqarishga bog`liq gigiyenik gimnastika bilan 5-10-15 minut shug`ullanish;
- imkon darajasida yengil harakatlanish bilan bog`liq bo`lgan jismoniy mehnatni bajarish foydadan holi emas (yengil ro`zg`or ishlarini bajarish kabi). Chunki, kun bo`yi qimirlamay yotish, o`tirish, televizor oldida soatlab bo`lish semirishga, qabziyatga, nafas olish, yurak-tomir tizimi faoliyatini zaiflashuviga olib keladi. Harakatsizlik tana, qorin, chanoq sohasi muskullarini bo`shashtirib, tug`ish jarayonini qiyin kechishiga sabab bo`ladi;
- har kuni yotishdan 2-3 soat oldin sochiqni +34-35 darajali iliq suvga namlab qo`l-oyoqlar va tananing hamma sohalarini artish maqsadga muvofiq;
- haftada 1-2 marta iliq suvda dush ostida sovunlab yuvinish.Dush suvi qaynoq bo`lmasligi kerak.Chunki, qaynoq suv homilani tushishiga, chala tushishiga sabab bo`ladi.
Homilador chaqaloqni emizish uchun ko`krak sut bezlarini parvarishga alohida e`tibor berishi lozim. Parvarish quyidagi tadbirlardan iborat:
- har kuni ko`krak bezlarini +34-36 darajali iliq suv bilan sovunlab yuvish. So`ngra qattiq matodan tayyorlangan toza yuvilgan va utyuklangan sochiq bilan ishqalab artish.Qattiq mato bilan ishqalab artish, sut bezi tugmasini qattiqlashtirib, chaqaloq emishiga chidamligini oshiradi. Shu maqsadda qattiq matodan tikilgan lifchik kiyish ham foydalidir;
- ba`zi ayollarda sut bezi tugmachasi rivojlanmagan, ya`ni ichiga tortilgan yoki yapaloq bo`lib, chaqaloq emishiga qiyinchilik tug`diradi.Bunday hollarda homilador qo`lini va sut bezlarini sovunlab yuvib, qattiq sochiq bilan artgach, sut bezi tugmachasi (uchi) ni uqalaydi (massaj qiladi). Bosh va ko`rsatgich barmoqlari bilan sut bezi uchini oldinga tortadi va uqalaydi. Massaj har kuni 2-3 marta 5-10 minut davom etadi.Ammo, homila tushishi havfi bo`lgan ayol sut bezini massaj qilishi mumkin emas. Chunki, massaj ta`sirida ayolning asab tizimi qo`zg`olib, reflektor ravishda bachadon muskullari qisqarishi tufayli, homila tushishi yoki chala tug`ilishi mumkin.Shu bois, massaj akusher-ginekolog maslahati asosida bajarilishi kerak.
Homilador qorin muskullarining parvarishi:
- homilaning 20 haftaligidan boshlab homilador akusher-ginekolog maslahatiga asoslangan holda tug`ish oldidan qo`llanadigan maxsus bandaj kiyishi maqsadga muvofiq.Bandaj ertalab uyqudan uyg`onganda, ko`rpa-to`shakda yotgan vaziyatda kiyiladi.Bandaj homilani bachadonda to`g`ri vaziyatda bo`lishini ta`minlaydi, qorin muskullarini pastga osilib qolishini oldini oladi, homilador beliga tushadigan og`irlikni kamaytiradi, qorinni pastidan kutarib turadi. Ammo, u yon tomondan qorinni qismasligi kerak;
- homilador poyafzalining poshnasi keng, 4-5 santimetrdan baland bo`lmasligi kerak.
Ayolning homilador bo`lishi arafasida va homilador bo`lgandan keyin ovqati sifatining yaxshi bo`lishi homilani normal rivojlanishi, unda tug`ma kasalliklarni oldini olishda, chaqaloqning sog`lom tug`ilishida muhim ahamiyatga ega.
Homiladorning bir kunlik ovqati tarkibida eng muhim mahsulotlarining miqdori quyidagicha bo`lishi tavsiya etiladi:
- go`sht -150-200 gramm (kamida 100 gr), yoki go`sht o`rniga tuxum 2 dona;
- sut yoki suyuq qatiq (kefir)- litr (kamida 500 ml), yoki pishloq (sir)-100 gr (kamida 50 gr);
- sabzavotlar, ko`katlar – sabzi, oshqovoq, kartoshka, ko`k piyoz, kashnich;
- mevalar – o`rik, olma, xurmo, nok kabilar yetarli miqdorda bo`lishi kerak.
5.Chaqaloq parvarishi.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash va xalq ta`limi vazirliklarining “Sog`lom avlod uchun” Gambbe kompaniyasi bilan hamkorlikda 2000 yildan buyon “Sog`lom tana-sog`lom chaqaloq” sog`lomlashtirish dasturi amalga oshirilmoqda.
Dasturning maqsadi-yosh onalarni chaqaloq parvarishi bo`yicha malakasini oshirishdan iborat. Buning uchun tug`ruqxonalarda yosh onalar bilan chaqaloq parvarishiga oid mavzularda suhbatlar o`tkaziladi. Mazkur dastur asosida 2000-2007 yillarda 200 mingdan ziyod yosh onalar chaqaloq parvarishi bo`yicha zarur bilim va malakaga ega bo`ldilar.
Chaqaloq tug`ilishi bilanoq, uning kindigi kesilib, ona organizmidan ajratiladi. Shu vaqtdan u mustaqil yashay boshlaydi.Bola bir oylik bo`lguncha chaqaloq hisoblanadi.Bu davr bola uchun eng murakkab davr bo`lib, u tashqi muhitga moslasha boshlaydi.
Chaqaloq kindigi kesilganda uning qoldig`i jarohatiga yod, spirt so`rtib, steril salfetka bilan o`raladi va steril bog`lam qo`yiladi.Kindik qoldig`i 8-12 kundan keyin qurib tushadi.Uning o`rni (kindik yarasi)ga yod, spirt, brilliant ko`ki surtib, steril bint (3-4 qavat) yopib, leykoplastir bilan qorin terisiga biriktirib qo`yiladi.Chaqaloq terisining tabiiy burmalari (quloq orti, bo`yin, qo`ltiq osti, chov) sohasi steril o`simlik moyida namlangan salfetka bilan artiladi.
Ertalab chaqaloqning ko`zi 2 % borat kislota yoki 1:5000 furatsillin eritmasida yoki qaynatilgan iliq suvda namlangan bint yoki paxta bilan artiladi.Artish tartibi ko`zning tashqi burchagidan burun tomonga qarab.
Chaqaloqning burun yo`llari steril paxta piligini steril o`simlik yoki vazelin moyiga namlab tozalanadi. Tashqi quloq yo`li quruq paxta piligi bilan tozalanadi.
Chaqaloqning ovqatlantirishga alohida e`tibor berish kerak.U onasini emib o`sa boshlaydi. Ona suti bo`lmasa yoki yetishmasa sigir sutidan tayyorlangan sun`iy sut aralashmalari beriladi. Bu aralashmalar chaqaloqni ovqatlantirish vaqtida tayyorlanib har 4 soatda ichiriladi.Kechasi 6 soat tanaffus.
Chaqaloq kasalliklari.
Chaqaloqda eng ko`p uchraydigan kasalliklarga og`ir tug`ruq jarayonida yuzaga keladigan asfiksiya (bo`g`ilish), tug`ruq jarohatlari (miyaga qon quyilishi, chanoq yelka yoki son bo`g`imini chiqishi), gemolitik kasallik, piodermiya, teri bichilishi (oprelost), omfalit (kindik yarasini yallig`lanishi) va boshqalar kiradi.
Asfiksiya (bo`g`ilish).
Sababi. Homiladorning toksikoz, toksiplazmoz, listerioz, o`pka yallig`lanishi kasalliklari tufayli kindik qonida kislorodning kamayib, karbonat angdrid miqdorining ko`payishi, yo`ldosh to`qimasining yallig`lanishi sababli homila tanasida qon aylanishning buzilishi, yurakning tug`ma nuqsonlari, (norasoliklari), tug`ruqni qiyin kechishi, homila bo`yniga kindikni uralib qolishi, yuqori nafas yo`llarining shilliq suyuqlik bilan qisman yoki butunlay yopilib qolishi kabilar asfiksiyaga sabab bo`ladi.
Belgilari. Asfiksiyaning yengil va og`ir darajalari farq qilinadi:
- yengil darajasi ko`k asfiksiya deyilib, teri va shilliq pardalar ko`kargan, nafas olishi yuzaki, notekis (aritmik), yurak urishi ozroq sekinlashgan bo`ladi. Ammo, chaqaloqning yurak tonlari aniq eshitiladi, qo`l-oyoqlari muskullarining tarangligi ozroq bo`shashgan bo`ladi;
- og`ir darajasi oq asfiksiya deyilib, teri oqargan, shilliq pardalar ko`kargan, nafas olish siyraklashgan va yuzaki bo`ladi.Tomir urishi sekin, yurak urishi kuchsiz, qo`l-oyoq muskullari tarangligi juda pasaygan bo`ladi. Oq asfiksiyada chaqaloq hayot qolgan taqdirda, u jismoniy va aqliy nogiron bo`ladi.
Tug`ilgan paytda chaqaloqning umumiy ahvoli Apgar shkalasi bo`yicha ball-ko`rsatgichida baholanadi. Umumiy holati qoniqarli chaqaloq 7-10 ball, yengil asfiksiyada 5-6 ball, og`ir asfiksiyada 1-4 ball ko`rsatgichida baholanadi.
Asfiksiyada tibbiy yordam.
1. Chaqaloqning og`iz-burni va yuqori nafas yo`llaridagi qog`onoq suvi va shilliq moddalar rezina baloncha yoki kateter yordamida so`rib olinadi.
2. Chaqaloqqa namlangan kislorod niqob yoki burniga kiritilgan ingichka rezin naycha orqali hidlatiladi.
3. Kofein, kordiamin, kamfora (bittasi) - 0,1 ml teri ostiga.
4.Og`ir asfiksiyada kindik venasiga natriy gidrokarbonat 4 %-10-12 ml va glyukoza 40 %-10 ml, askorbin kislota 5 %-0,5-1 ml, kokarbaksilaza 25-50 mg, prednizalon 5-10 mg, kalsiy glyukonat 10 %- 2 ml birgalikda shprits orqali sekinlik bilan yoki tomchi usulida yuboriladi.
5. Asfiksiya bilan tug`ilgan chaqaloq yillar davomida bolalar poliklinikasining mahalliy pediatr va nevropotolog nazoratida bo`lishi kerak.
Chaqaloqning gemolitik kasalligi.
Sababi. Otaning qoni rezus musbat, onaning qoni rezus manfiy bo`lganida, homilaga otasining rezus musbat qoni nasldan o`tishidir. Natijada homila va onasining qoni bir-biriga mos bo`lmasligi tufayli, homilaning rezus musbat qoniga qarshi, ona tanasida antirezus antitelalar ishlab chiqariladi. Bu antitelalar onadan kindik qoni orqali homilaga o`tib, uning qonidagi eritrotsitlarni parchalaydi (gemoliz qiladi).
Belgilari. Ona qonida hosil bo`lgan antitelalar ta`dirida, homila qonining eritrotsitlarini parchalashidan sariq rangdagi, juda zaharli bo`lgan bilirubin moddasi paydo bo`ladi.
Chaqaloq ko`pincha chala tu`giladi.Vaqtiga yetib tug`ilgan chaqaloq ham juda og`ir xastalik hisoblangan gemolitik kasallik bilan tu`giladi.Uning terisi sariq, ko`zining oq pardasi, lablari, og`iz shilliq qavati, kafti va tovonining terisi sariq rangda bo`ladi.Qorni kattalashgan, chunki jigar va taloq kattalashgan va qattiq bo`ladi.
Eritrotsitlarning parchalanishidan hosil bo`lgan bilirubin moddasi homila qoni orqali uning hamma to`qima va a`zolariga tarqalib, ularni sarg`aytirish bilan birga zaharli ta`sir ko`rsatadi. Jumladan, bosh miya nerv to`qimasi zaharlanishi tufayli homilada bilirubin ensefalopatiyasi deb nomlangan kasallik, yurak muskuli zaharlanishi tufayli bilirubin miokardiodistrofiyasi kasalligi yuzaga keladi.
Chaqaloq og`ir holatda tu`giladi.Uning terisi, ko`zlari, shilliq pardalari, sariq rangda bo`lishidan tashqari nafas olishi sekin, yurak tonlari sekinlashgan va kuchsiz bo`ladi. Miya to`qimasi zaharlanishi tufayli chaqaloqda tirishish holati kuzatiladi. Bunday chaqaloq tirik qolgan taqdirda ham u jismoniy va aqliq jihatdan ojiz yoki nogiron bo`ladi.
Tibbiy yordam. 1.Chaqaloqqa kislorod hidlatiladi.
2.Yurak-tomir ishini, nafas olishini yaxshilash uchun kofein, kordiamin 0,1-0,2 ml teri ostiga yuboriladi.
3.Yurak urishi 1 minutda 80 martadan kam bo`lsa noradrenalin (adrenalin) 0,1 %-0,1 ml muskul orasiga yuboriladi.
4.Chaqaloqning kindik venasidan 100-200 ml qoni shprits bilan olinib, o`rniga guruhi to`g`ri keladigan rezus manfiy qon quyiladi.
5.Zaharli bilirubin moddasini chaqaloq qonidan siydik orqali chiqarib yuborish uchun:
- natriy xlor 0,9 %-100-200 ml, reopoliglyukin 50-100 ml, askorbin kislota 5 %-0,5 ml kindik venasi orqali tomchi usulida yuboriladi.Shuningdek, plazma, albumin tomchi usulida yuborilishi mumkin.
5.Ona sutida, xuddi uning qonida bo`lganidek, homila qoniga qarshi antirezus antitelalar bo`lib, ular 2-3 haftagacha saqlanadi.Shuning uchun chaqaloqqa boshqa sog`lom ayolning ko`krak suti beriladi yoki sigir sutidan tayyorlangan aralashma bilan ovqatlantiriladi.
7.Gemolitik kasallikni oldini olish uchun xotin-qizlar maslahatxonasi akusher-ginekolog shifokori rezus manfiy bo`lgan homilador ayollarni aniqlab, alohida nazorat qiladi.Ularga antirezus D globulin yuboriladi.
8.Ta`kidlash lozimki, rezus manfiy ayollar qonida hosil bo`ladigan antirezus antitelalar birinchi homiladorlikka nisbatan ikkinchi, uchinchi, to`rtinchi va hokazo homiladorliklarda, borgan sari ko`payib boradi.Shu bois mazkur oilaning homilalari va chaqaloqlarida gemolitik kasallik borgan sari zo`rayib, og`irlashib boradi. Shuning uchun birinchi homilani, ya`ni birinchi chaqaloqni iloji boricha saqlab qolish juda muhim vazifa hisoblanadi.
Oldini olish. Yuqorida bayon etilganlardan ko`rinib turibdiki, gemolitik kasallik homila va chaqaloq hayoti uchun o`ta xavfli xastalikdir.Uning oldini olishning birdan-bir yo`li yigit-qiz oilaviy turmush qurishlaridan oldin, ular qonini rezus faktorini bir-biriga mosligini laboratoriyada aniqlatishlari zarur. Yigit qoni rezus musbat bo`lib, qiz qoni rezus manfiy bo`lsa, ular oilaviy turmush qurmaganlari ma`qul. Chunki, bunday oilaning bolalari ketma-ket gemolitik kasallik bilan tug`ulaverishi, bora-bora oilani buzilishiga majbur qiladi.Ijtimoiy hayotda bunday misollar bor. Demak, gemolitik kasallikni oldini olishning chorasi shuki, rezus manfiy qonga ega bo`lgan qiz, rezus manfiy qonga ega bo`lgan yigitga turmushga chiqishi kerak.
Terining bichilishi (oprelost). Chaqaloqda terining ko`p uchraydigan zararlanishi bo`lib, terining tabiiy burmalarida, ya`ni bo`yin, qo`ltiq, chov, dumba sohasida paydo bo`ladi. Ayniqsa ekssudativ-kataral diatezi bo`lgan chaqaloqda ko`p uchraydi.
Sababi. Chaqaloq parvarishi noto`g`ri bo`lishi, cho`miltirmaslik, issiq o`rash, ona homiladorlik va emizish davrida shirinlik hamda sho`r, nordon taomlarni ko`p iste`mol qilishi.
Belgilari. Bo`yin, qo`ltiq, chov, dumba sohalari terisi qizaradi, achishadi, bola bezovtalanadi.
Tibbiy yordam. 1.Teriga sterillangan kungaboqar moyi, bolalar kremi surtiladi,0,5 % rezorsin,0,25 % kumush nitrati, 1-2 % tannin eritmalaridan bittasi kuniga 2 marta surtiladi, ayniqsa 2 % oksalin mazini surtish yaxshi foyda beradi.
Piodermiya – terining yiringli kasalligi.
Sababi. Terini parvarish qilmaslik, bolani cho`miltirmaslik.
Belgilari. Terida tariq hajmidagi pufakchalar paydo bo`ladi.Pufakchalar ichidagi suyuqlik avval tiniq, so`ng yiringga aylanadi.Pufakchalar yorilib, o`rnida mayda qazg`oqchalar paydo bo`ladi. Bola bezovtalanadi, ba`zan tana harorati ko`tariladi.
Tibbiy yordam. 1. Pufakchalarga spirt, brilliant yashili surtiladi.
Chaqaloqlarning po`rsildoq yiringli yarasi.
Sababi.Yuqumli kasallik.Tug`ruqxonalarda sanitariya-gigiyena qoidalarini buzilishi tufayli vaqt-vaqti bilan chaqaloqlar orasida epidemiya sifatida paydo bo`lishi mumkin.
Belgilari. Terida turli kattalikdagi ichida yiring to`lgan pufakchalar paydo bo`ladi.Pufakchalar yorilib, o`rnida qizg`ish rangli teri osti to`qimasi ko`rinib qoladi, chaqaloq bezovtalanadi, tana harorati ko`tariladi.
Tibbiy yordam. 1.Chaqaloq alohida xonaga yotqizilishi kerak.
2.Pufakchalar steril qaychi bilan kesiladi, ichidagi yiring spirtli tampon bilan tozalanadi.
3.So`ngra, brilliant yashilining 1-2 % spirtli eritmasi surtiladi.
4.Antibiotiklar - 3-5 kun.
5.Immunoglobulin muskul orasiga yuboriladi - har 2-3 kunda bir marta, jami 3 ta.
Ritter eksfoliotiv dermamiti.
Sababi. Kuchsiz, chala tug`ilgan chaqaloqlarda ucharaydi.
Belgilari. Teri qizaradi, yiringli pufakchalar paydo bo`ladi, ular yorilib, o`rnida yaralar paydo bo`ladi. Chaqaloq bezovtalanadi, tana harorati ko`tariladi, qusadi. O`z vaqtida davolanmasa, yaralardagi mikroblar qonga o`tib, sepsis vujudga kelishi mumkin.
Tibbiy yordam.1.Antibiotiklar –kuniga 3 marta, 5-7 kun.
2.Yaralarga brilliant ko`ki surtiladi.
3. Gammaglobulin - 1,5 ml 3 kunda bitta, jami 3 ta.
Psevdofurunkuloz.
Belgilari. Chaqaloq boshining sochli qismida, orqasida, dumbasida va sonlarida no`xat kattaligidagi to`q qizil rangli infiltratlar paydo bo`ladi. Ular yorilib, ichidan yashil-sarg`ich rangli yiring chiqadi.Biri qurib, yo`qoladi, yonidan boshqalari paydo bo`ladi. Bolaning tana harorati ko`tariladi, bezovtalanadi, qusadi, ichi ketadi, ozadi, kuchsizlanadi.
Tibbiy yordam. 1.Yumshagan yiringli infiltratlarni jarroh usulida yo`li bilan kesib, ichi tozalanadi.
2.Brilliant ko`ki surtiladi.
3.Antibiotiklar 3-5 kun, muskul orasiga.
4.Gammaglobulin har 3 kunda, jami 3 ta.
Omfalit. Chaqaloq kindik yarasining yallig`lanishi.
Sababi. Gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik tufayli chaqaloqning kindik yarasiga stafilakokk, streptakok mikroblari kirishidir.
Belgilari. Omfalitning kataral, yiringli, gangrenoz turlari bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |