Oqsillar optik faol moddalar bo‘lgani uchun, ular qutblangan nur sathini ma’lum burchak hosil qilib buradi. Oqsil eritmalari yorug‘lik nurini sindirish, tarqatish, ultrabinafsha nurlarini yutish qobiliyatiga ega. Oqsillarning bu fizik xossasidan foydalanib ularning miqdorini, molekulyar massasini va boshqa ko‘rsatkichlarini aniqlash mumkin. Oqsillarning molekulyar massasi yuqori bo‘lganligi uchun eritilganda kolloid eritmalar hosil qiladi. Oqsillar suvda eriganda suvning qutbli molekulalarining oqsil zaryadiga qarama-qarshi joylashib suv qobi hosil qiladi. Oqsilning suvdagi zarrachalari diametri 0,001 mkm dan yuqori bo‘lgani uchun kolloid eritma hosil bo‘ladi va yorug‘lik sochish (Tindal effekti) xususiyatiga ega bo‘ladi. Oqsillar molekulasi hayvon va inson membranasining mayda teshiklari orqali o‘ta olmaydi. Oqsillarning bu xossasidan foydalanib yarim o‘tkazgich membranalar yordamida ularni kichik molekulali moddalardan tozalash mumkin. Bu usul dializ deyiladi.
Gidrofil kolloidlarning eng muhim xususiyatlaridan biri gel hosil qilishdir. Kolloid zarrachalari o‘zaro yopishib to‘rsimon g‘ovak struktura hosil qiladi. Hosil bo‘lgan struktura bo‘shliqlariga suv molekulalari yig‘ilib oqsilni turli darajada bo‘ktirishi mumkin. Oqsillarning molekulasida -NH2 va COOH- guruhlari borligi uchun amfoterlik xossasini namoyon qiladi. Oqsil molekulasida erkin karboksil guruhi kislotali, aminogruppa esa asosli xossasini namoyon qiladi. Oqsil molekulasining zaryadi tarkibidagi zaryadlangan aminokislotalarga bog‘liq. Monoaminomonokarbon aminokislotalar oqsil molekulasiga neytral zaryad belgilaydi. Aksincha, monoaminodikarbon aminokislotalar oqsil molekulasini manfiy zaryadlaydi. Diaminomonokarbon aminokislotalar oqsil molekulasini musbat zaryadlaydi. Oqsil molekulasining zaryadi zaryadlangan guruhlarining yig‘indisi bilan belgilanadi. Bir vaqtda erkin manfiy va musbat zaryad saqlagan oqsillar amfoter xususiyatga ega. Erkin karboksil guruhning dissotsiatsiyalanish darajasi aminogruppaga nisbatan ozgina yuqori bo‘lganligi uchun bu funksional guruhlarning miqdori teng bo‘lganda oqsil molekulasining zaryadi manfiy bo‘lishi mumkin. Eritmadagi vodorod ionlari konsentratsiyasini, ya’ni muhitning pH ko‘rsatkichini o‘zgartirish orqali oqsil molekulasidagi amino- va karboksil guruhlarning dissotsiatsiyalanishini kuchaytirish yoki pasaytirish mumkin. Eritma pH ko‘rsatkichini o‘zgartirish yo‘li bilan oqsil molekulasining zaryadini nolga keltirish mumkin, bunda oqsillar elektr maydonida anod yoki katod tomon harakatlana olmaydi. Bu holat oqsilning izoelektrik nuqtasi deyiladi. Oqsil izoelektrik holatda bo‘lgan eritmaning pH ko‘rsatkichini shu oqsilning izoelektrik nuqtasi (IEN) deb ataladi. Oqsillar izoelektrik nuqtada eng beqaror holatda bo‘ladi. Turli ta’sirlar yordamida oqsillar eritmadan juda oson cho‘kmaga tushadi. Shu usul bilan turli biologik aralashmalardan oqsillarni toza holda ajratib olinadi. Ya’ni izoelektrik nuqtada oqsilni cho‘ktirish qulay hisoblanadi
Oqsillar tarkibiga 20 xil aminokislotalar kiradi. Bu aminokislotalar L-qator -aminokislotalar hisoblanadi. Oqsil molekulasidagi aminokislotalar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
Strukturasi bo‘yicha aminokislotalar 3 sinfga bo‘linadi: alifatik, aromatik va geterotsiklik.
Elektrokimyoviy xossalari bo‘yicha aminokislotalarni quyidagi uch sinfga bo‘lish mumkin: nordon, neytral va asosli xossaga ega bo‘lgan. Zamonaviy ratsional aminokislota tasnifi radikallarning polyarligiga (R-guruhlar), ya’ni pHning fiziologik qiymatlarida suv bilan reaksiyaga kirish qobiliyatiga asoslangan (pH 7,0ga yaqin). Radikallarni saqlovchi aminokislotalarning 5 sinfi quyidagicha tafovut etiladi:
nopolyar (gidrofob);
polyar (gidrofil);
aromatik (ko‘pincha nopolyar);
manfiy zaryadlangan;
musbat zaryadlangan.
Almashinadigan aminokislotalar inson tanasida yetarli darajada uglevod va boshqa aminokislotalar metabolitlaridan sintezlanadi. Bu aminokislotalarsiz inson tanasida biokimyoviy jarayonlar uzoq vaqt buzilmaydi. Bularga glitsin, alanin, serin, sistein, prolin, sistin, asparagin va glutamin kislotalar kiradi. Aminokislotalar kimyoviy jihatdan amfoter elektrolitlar deyiladi. Suvda eriganda eritmada dipol va gidrat qobiq hosil qiladi. Glitsindan boshqa hamma aminokislotalar optik faol moddalar bo‘lib, ular D, L-izomer holida uchraydi. Aminokislotalarning D va L izomerlari fazoviy izomer bo‘lgani sababli moddaning ko‘zgudagi
ko‘rinishiga o‘xshash bo‘ladi. D-qatordagi aminokislotalar oqsil tarkibida uchramaydi. Ular antibiotik va bakteriya tarkibidan topilgan. Hozirgi paytda aniqlanishi bo‘yicha, barcha oqsillar molekulasida ayrim aminokislotalar ko‘p miqdorda uchraydi. Masalan, prota’minda 85% – arginin, fibrinda – 50% glitsin, kollagenda prolin, oksiprolin va lizinlar ko‘p miqdorda bo‘ladi. Biokimyoda aminokislota atamalarini qisqartirib birinchi uch harfi bilan yozish qabul qilingan. Masalan: ala, gli, tri, liz, gis va hokazo.