O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy biznes maktabi faoliyatini tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-oktabrdagi 305-sonli “Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazining samarali faoliyatini ta’minlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Biznesni boshqarish va korporativ boshqaruv sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlashni yanada takomillashtirish va sifatini oshirish, iqtisodiyotning real tarmoqlari va tadbirkorlik sohasini biznes jarayonlarini samarali boshqarish vazifalarini zamonaviy talablar darajasida hal etish qobiliyatiga ega bo‘lgan boshqaruv kadrlari bilan ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi,
Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes maktabiga qayta o‘zgartirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes maktabi (keyingi o‘rinlarda Oliy biznes maktabi deb ataladi):
biznesni boshqarish va korporativ boshqaruv sohasida xo‘jalik
boshqaruvi organlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mustaqil oliy ta’lim muassasasi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabining shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
Oliy biznes maktabi “biznesni boshqarish” (“Master of Business Administration-MBA”) mutaxassisligi bo‘yicha ikki yillik magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qitishning kunduzgi shakli bo‘yicha o‘qish yakuni bo‘yicha magistr darajasini va davlat namunasidagi diplom bergan holda boshqaruv
kadrlarni tayyorlaydi;
Oliy biznes maktabi magistraturasiga ochiq tanlov asosida oliy ma’lumotga (diplomli mutaxassis, bakalavr) va oliy ta’lim muassasasini bitirgandan keyin kamida uch yillik ish stajiga ega va 40 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan test sinovlari o‘tkazish yo‘li bilan xo‘jalik boshqaruvi organlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalarining rahbar xodimlari va mutaxassislari qabul qilinadi;
Oliy biznes maktabida xo‘jalik boshqaruvi organlari, korxonalar, tashkilotlar, jumladan kichik biznes subyektlarining magistr darajasiga ega bo‘lgan yoki diplomli mutaxassis hisoblangan rahbar xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish “rahbar xodimlar uchun biznesni boshqarish” (“Executive MBA”) ixtisosligi bo‘yicha maxsus ta’lim dasturi bo‘yicha amalga oshiriladi;
o‘qish davrida Oliy biznes maktabi tinglovchilarining egallab turgan ish o‘rinlari saqlab qolinadi hamda ular belgilangan tartibda oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun amaldagi bazaviy stipendiya miqdorini 1,2-martaga oshirgan holda stipendiya to‘lovlari bilan ta’minlanadilar;
Oliy biznes maktabini Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor boshqaradi.
3. Quyidagilar:
Oliy biznes maktabining Vasiylik kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Oliy biznes maktabi magistraturasini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomning davlat namunasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oliy biznes maktabiga “biznesni boshqarish” (“Master of Business Administration — MBA”) mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlash yillik qabul kvotasi soni 75 kishi etib belgilansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Oliy biznes maktabi bilan birgalikda:
Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga — “biznesni boshqarish” magistratura
mutaxassisligini kiritsin;
“biznesni boshqarish” mutaxassisligi bo‘yicha davlat ta’lim standartini, tegishli o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin;
Oliy biznes maktabi magistraturasiga qabul qilishda kirish test sinovlarining fan bo‘limlari ro‘yxatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin va belgilasin.
6. Vasiylik kengashi (Azimov R.S.) Oliy biznes maktabi rahbariyati va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
Oliy biznes maktabi ustavini;
Oliy biznes maktabi magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni;
Etakchi xorijiy va mamlakatimizning ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari,
biznes maktablari, xalqaro moliya-iqtisodiyot tashkilotlari va boshqa idoralar hamda tuzilmalar mutaxassislaridan Oliy biznes maktabining professor-o‘qituvchilari tarkibini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
7. Oliy biznes maktabi bir oy muddatda:
Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda magistrlar tayyorlash davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq Oliy biznes maktabining o‘quv dasturlarini va unda o‘qitiladigan o‘quv fanlari ro‘yxatini tasdiqlasin;
2011 — 2014-yillarda Oliy biznes maktabida o‘qishni muvaffaqiyatli tugatgan bitiruvchilarga ushbu qaror bilan belgilangan namunadagi diplom berilishini ta’minlasin;
bitiruvchilarning kasbiy o‘sishi va tadbirkorlik yutuqlari doimiy monitoringini olib borgan holda ularning doimiy ravishda yangilanib turadigan yagona ma’lumotlar bazasini tashkil etsin.
8. Oliy biznes maktabiga:
respublika, shuningdek xorijiy mamlakatlar yetakchi oliy ta’lim muassasalarining yuqori malakali mutaxassislarini boshqaruvni tashkil etish, o‘quv va ilmiy-metodik ishlarni olib borish uchun kontrakt asosida jalb etish;
respublika fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha xorijiy professorlar va o‘qituvchilar yashashi va transport xizmatlariga xarajatlarni milliy valyutada to‘lash huquqi berilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy biznes maktabi buyurtmanomalari bo‘yicha o‘quv jarayonida ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislar va professor-o‘qituvchilar tarkibiga konsullik yig‘imlari undirmasdan kirish vizalari berilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘quv jarayonida ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislar va professor-o‘qituvchilar tarkibini davlat bojlari undirmasdan vaqtinchalik propiska qilinishini hamda vaqtinchalik propiska muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.
MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 8-oktabr,
282-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-oktabrdagi 282-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes maktabining vasiylik kengashi
Tarkibi
Azimov R.S.
|
—
|
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Moliya vaziri, Kengash raisi
|
Ikramov A.I.
|
—
|
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Kengash raisining o‘rinbosari
|
Saidova G.K.
|
—
|
Iqtisodiyot vaziri, Kengash raisining o‘rinbosari
|
Vaxabov A.V.
|
—
|
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri
|
Xidoyatov D.A.
|
—
|
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi
|
Qo‘chqorov J.A.
|
—
|
Moliya vazirining o‘rinbosari
|
Fayzullayev Sh.N.
|
—
|
“O‘zbekneftgaz” MXK raisi
|
Ibragimov N.S.
|
—
|
“O‘zkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi
|
Xaydarov I.U.
|
—
|
“O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi
|
Salimov A.H.
|
—
|
Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasining raisi
|
Akramov E.M.
|
—
|
“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi raisi
|
Ismoilov J.B.
|
—
|
“O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi raisining o‘rinbosari
|
Shayxov A.E.
|
—
|
Savdo-sanoat palatasi raisi
|
Aliyev M.G.
|
—
|
Oliy biznes maktabining direktori, Kengash kotibi
|
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-oktabrdagi 282-son qaroriga
2-ILOVA
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 41-son, 507-modda)