ONA TILI DARSLARIDA GRAMMATIK ERTAKNING AHAMIYATI
SHAMSHIDINOVA MUATTAR RAXMATULLAYEVNA
IZBOSKAN TUMANI 3-MAKTAB ONA TILI VA ADABIYOT FANI O’QITUVCHISI 2-TOIFA
Ijodiy tafakkur sohibi , ya’ni, o’sayotgan, rivojlanayotgan va taraqqiyot sari yuz tutayotgan mamlakatimiz uchun zarur bo’lgan , ijodkor va tadbirkor shaxsni tarbiyalab voyaga yetkazish ona tili ta’limi oldida turgan eng dolzarb vazifa hisoblanadi.
Ona tili darslarini qiziqarli tashkil etish , grammatik hodisalarni xotirada yaxshi saqlab qolish hamda ijodiy fikrlashga o’rgatishda grammatik ertaklarning o’rni beqiyos. Ayniqsa , 5-sinf o’quvchilari uchun bu usul juda qiziqarli tuyuladi. O’qituvchi biror bir yangi mavzuni o’tayotganda grammatik ertaklarga tayanishi mumkin. Masalan , “Bog’lovchi” mavzusini o’tayotganda ,barchamizga tanish bo’lgan “Bog’lovchibek” sarlavhasi ostidagi ertakni aytib berishi mumkin. Yoki “Qo’shimchalar tasnifi ” mavzusini o’tayotganda , “Qo’shimchavoylar” sarlavhasi ostidagi ertakni aytib berish mumkin.
Bog’lovchibek
Qadim zamonda morfologiya deb atalmish saltanatning bir chetida Bog’lovchibek , Ko’makchibek , Yuklamabek nomli uch xonlik bo’lgan ekan. Ularning qo’shnisi Sintaksis mamlakatida esa So’zlar birikmasi va gaplar yashar ekan. Ular juda mehnatkash bo’lib, kecha-yu kunduz tinmay ishlashar ekan. Kunlarning birida So’zlar bir- biri bilan bog’lanishda ma’no va grammatik vositalardan tashqari bog’lovchilarga muhtoj bo’la boshlashibdi. Gaplarda ham shu hol kuzatilibdi. Ular kelishib , Bog’lovchibekka maktub yo’llashibdi.Xatni o’qigan Bog’lovchibek do’stlariga yordam berishga otlanibdi.Uning uch o’g’li bor edi. Biriktiruv, Zidlov, Ayiruv. Biriktiruv otasiga tez ergashibdi, so’zlarni va , ham, hamda, bilan, -u, -yu yordamchilari orqali bog’lash uchun xizmat qila boshlabdi. Zidlov va ayiruv avvaliga So’z va Gaplarga yordam berishni istashmabdi. Keyin otasining g’azabidan qo’rqishib , ularga yordam bera boshlashibdi. Lekin Zidlov shunda ham ammo, lekin, biroq, -u, -yu, -da yordamchilari bilan so’zlarni zid bog’lab qo’yibdi. Ayiruv ham yo, yoki,, dam,…dam, yoxud kabi bog’lovchilar bilan so’zlarni ayirish yo’li bilan bog’labdi.
Bog’lovchibek “Bo’ynidan bog’langan it ovga yaramas” ekan-da , deb afsuslanibdi. Shunda Gap va So’zlar Bog’lovchibekkashunday deyishibdi: ”Sira xafa bo’lmang, o’g’illaringiz juda mehnatkash ekan. Ular bizning xohishimizdan kelib chiqib , harakat qilishyapti. Ahil bo’lgan chog’larimizda Biriktituv bog’lovchilari bizlarni bog’lab turibdi: “non va suv “ kabi. Ayrilgan chog’larimizda Ayiruv bog’labturibdi: “dam kuldi, dam yig’ladi” kabi. Zidlanib qolgan paytlarimizda esa Zidlov bog’lab turibdi: “U biladi, ammo aytmaydi ” kabi” . Bu gaplardan Bog’lovchibekning ko’ngli tog’dek ko’tarilibdi. Aytishlaricha, Bog’lovchibek gap va so’zlarni bir-biriga bog’lash uchun sidqidildan xizmat qilayotgan o’g’illari bilan hozir ham farovon umr kechirayotgan ekan.
Ertakning ahamiyati shundaki , o’quvchi qoidani tinglashdan ko’ra , ertak tinglashni yaxshi ko’radi. Ular xotirasida qoidadan ko’ra ertak yaxshi qoladi. Agar bog’lovchi qoidasi tushuntirilganda , o’quvchi uni yodlash bilan cheklangan bo’lar edi. Bunda qoidani o’zi o’quvchining o’zi yaratadi. Bog’lovchibekning o’g’illari bog’lovchining turlari ekanliginifikrlash orqali bilib oladi. O’quvchi ertakni eshitgach, bog’lovchilarning qaysi birizidlov, qaysi biri ayiruv, qay biri biriktiruv ekanligini mustaqil holda tasniflaydi. Ko’rinib turubdiki, bu usul orqali o’quvchi bilim olishga o’rgatiladi.
Ushbu usulni faqatgina yangi dars berishda emas, balki mustahkamlash, takrorlash darslarida ham qo’llash mumkin. Bunda iqtidorli o’quvchilar tomonidan ham grammatik ertak yaratilishi mumkin . Masalan, “ Sintaksis va Punktuatsiya ” bo’limi yakunida o’quvchilarga bo’lim yuzasidan grammatik ertak tuzib kelishni uy vazifa qilib berdim.O’quvchilar bu topshiriqqa qiziqish bilan qaradi . Barcha o’quvchilar qo’lidan kelgancha mavzuga ijodiy yondashib, vazifani a’lo darajada bajarib kelishdi. Vazifa tayyorlash jarayoni haqida o’quvchilar fikri bilan o’rtoqlashganimda, ularga bu usul juda yoqqanini, qoidani qayta-qayta o’rganganligini, hatto o’zlarini ertakchi, yozuvchi bo’lishga kirishib ketishganini aytishdi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ushbu usul o’quvchini ijodkorlikka , fanga qattiq mehr qo’yishga undaydi. Har bir o’qituvchi o’z mahoratidan , o’quvchilarning saviyasidan , mavzuning qiyinlik darajasidan kelib chiqib ushbu usuldan foydalanib yuqori natijalarga erishishi mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.ZiyodovaT.U., Xolmatova U. N., Jumaniyozova X.T. O’qituvchi kitobi . Toshkent.A. Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti.2002.3 –b
2.Yusupova Sh. Ona tili o’qitish mazmuni. Toshkent. Yangi asr avlodi. 2007.76-b
Do'stlaringiz bilan baham: |