MAVZU: MEROS MOL-MULKNING QO‘RIQLANISHIGA DOIR CHORA-TADBIRLAR KO‘RISH, MEROSGA BO‘LGAN HUQUQ TO‘G‘RISIDA GUVOHNOMALAR BERISH 49-modda. Merosxo‘rlarni meros ochilganligi haqida xabardor qilish Notarius meros ochilganligi haqidagi xabarni olgach, bu haqda turar joyi va ish joyi o‘ziga ma’lum bo‘lgan merosxo‘rlarni xabardor qilishi shart. Notarius bu haqda ommaviy axborot vositalarida oshkora ma’lum qilish yoki xabar berish yo‘li bilan ham merosxo‘rlarni chaqirishi mumkin.
50-modda. Merosni qabul qilish yoki undan voz kechish haqidagi arizalarni qabul qilish Meros ochilgan joydagi notarius qonunchilikka muvofiq merosni qabul qilish yoki undan voz kechish haqidagi arizalarni qabul qiladi. Merosni qabul qilish yoki undan voz kechish haqidagi arizalar yozma ravishda berilishi kerak.
51-modda. Meros qoldiruvchining kreditorlaridan da’volarni qabul qilish Meros ochilgan joydagi notarius qonunchilikka muvofiq meros qoldiruvchining kreditorlaridan da’volarni qabul qiladi. Da’volar yozma ravishda bayon etilishi shart.
52-modda. Meros mol-mulkni qo‘riqlash Meros ochilgan joydagi notarius, basharti merosxo‘rlarning, vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilarning, kreditorlar yoki davlatning manfaatlari uchun zarur bo‘lsa, jismoniy va yuridik shaxslarning xabariga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan meros mol-mulkning qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlar ko‘radi.
53-modda. Meros mol-mulkning qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida topshiriq berish Agar meros qoldiruvchining mol-mulki yoki uning bir qismi meros ochilgan joydan tashqarida bo‘lsa, meros ochilgan joydagi notarius bu haqda meros mol-mulk joylashgan yerdagi notariusga meros mol-mulkning qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida topshiriq yuboradi.
Meros mol-mulkning qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlar ko‘rgan notarius meros ochilgan joydagi notarial idoraga ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida xabar qiladi va meros mol-mulk ro‘yxatining nusxasini yuboradi.
54-modda. Meros mol-mulkni ro‘yxatga olish va uni saqlash uchun topshirish Meros mol-mulkning qo‘riqlanishi uchun notariuslar bu mol-mulkni ro‘yxatga oladi va mol-mulkni saqlash uchun merosxo‘rlarga yoki boshqa shaxslarga topshiradi.
Meros tarkibida boshqarishni talab etadigan mol-mulk bo‘lsa, shuningdek meros qoldiruvchining kreditorlari merosxo‘rlar merosni qabul qilib olgunga qadar da’vo qo‘zg‘atgan hollarda notarius meros boshqaruvchisini tayinlaydi.
Meros boshqaruvchilari va meros mol-mulk saqlash uchun topshirilgan boshqa shaxslar meros mol-mulkni talon-toroj qilganlik, boshqa shaxsga berganlik yoki yashirganlik uchun va merosxo‘rlarga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantiriladi.
55-modda. Meros mol-mulkni saqlaganlik uchun taqdirlash Meros boshqaruvchilari va meros mol-mulk saqlash uchun topshirilgan boshqa shaxslar, agar merosxo‘r bo‘lmasalar, meros mol-mulkni saqlaganlik uchun merosxo‘rlardan haq olishga haqlidir. Ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarning meros mol-mulkni saqlash va boshqarish uchun qilgan zarur xarajatlari ham qoplanadi, bunda mol-mulkdan foydalanish hisobiga amalda olingan foyda chegirib tashlanadi.
56-modda. Meros mol-mulkning qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlarni to‘xtatish Meros mol-mulkni qo‘riqlash merosxo‘rlar tomonidan meros qabul qilib olingunga qadar, agar meros ular tomonidan qabul qilib olinmagan bo‘lsa, qonunda belgilab qo‘yilgan merosni qabul qilib olish muddati o‘tgunga qadar davom etadi.
Meros ochilgan joydagi notarius meros mol-mulkning qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlar to‘xtatilishi haqida merosxo‘rlarni, agar mol-mulk vorislik huquqi bo‘yicha davlatga o‘tsa, tegishli davlat organini oldindan xabardor qilishi shart.
57-modda. Meros mol-mulk hisobidan xarajatlarni to‘lash Notarius merosxo‘rlar tomonidan meros qabul qilib olinguniga qadar, agar meros qabul qilib olinmagan bo‘lsa, davlatga merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berilguniga qadar meros mol-mulk hisobidan:
meros qoldiruvchi kasal bo‘lgan vaqt mobaynida unga qarab turish;
meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lgan fuqarolarni ta’minlash;
ish haqi bo‘yicha da’volarni va ularga tenglashtirilgan da’volarni
qanoatlantirish;
Meros mol-mulkni qo‘riqlash va uni boshqarish, shuningdek merosxo‘rlarni chaqirish haqidagi xabarni e’lon qilish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash to‘g‘risida farmoyish beradi.
Qonun hujjatlarida meros mol-mulk hisobidan xarajatlarni qoplashning boshqa hollari ham belgilanishi mumkin.
58-modda. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomalar berish joyi va muddatlari Meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rlarning yozma arizalariga ko‘ra merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomalar beradi.
Guvohnomalar qonunchilikda belgilangan muddatlarda beriladi.
59-modda. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish tartibi Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma merosni qabul qilib olgan merosxo‘rlarga qonunchilikka muvofiq beriladi.
Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma barcha merosxo‘rlarga birgalikda yoki ularning xohishiga bog‘liq ravishda har biriga alohida berilishi mumkin.
Notariuslar voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz merosxo‘rlarning mulkiy manfaatlarini muhofaza qilish uchun ularga merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berilganligi haqida merosxo‘rlar yashayotgan joydagi vasiylik va homiylik organlariga xabar qiladi.
Merosxo‘rlar Muomalaga layoqatsiz,muomala layoqati cheklangan, voyaga etmagan bo‘lgan hollarda, ularning qonuniy vakillari ularning nomidan va (yoki) ularning huzurida harakat qilishadi.
Mol-mulk vorislik huquqi bo‘yicha davlatga yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga o‘tgan taqdirda merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma tegishli davlat organiga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga beriladi.
60-modda. Qonun bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berishning shartlari Notarius qonun bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish chog‘ida tegishli dalillarni talab qilib olish yo‘li bilan meros qoldiruvchining vafot etganligini, meros ochilgan joy va vaqtni, merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berishni so‘rab ariza topshirgan shaxslarning meros qoldiruvchi bilan qonun bo‘yicha vorislikka chaqirish uchun asos bo‘ladigan munosabatlari mavjudligi yoki mavjud emasligini, meros mol-mulkning tarkibi va joyini tekshirib ko‘radi.
Agar qonun bo‘yicha merosxo‘rlarning biri yoki bir nechasi vorislikka chaqirishga asos bo‘ladigan munosabatlar mavjudligini isbotlaydigan hujjatlarni taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, ular merosni qabul qilib olgan va tegishli isbotlarni taqdim etgan boshqa barcha merosxo‘rlarning yozma roziligi bilan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomaga kiritilishi mumkin.
61-modda. Vasiyatnoma bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish shartlari Notarius vasiyatnoma bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish chog‘ida tegishli dalillarni talab qilib olish yo‘li bilan meros qoldiruvchining vafot etganligini, vasiyatnomaning bor-yo‘qligini, meros ochilgan vaqt va joyni, meros mol-mulkning tarkibi va joyini tekshiradi.
Notarius merosdan shak-shubhasiz ulush olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasini ham aniqlaydi.
611-modda. Mediator vazifasini bajarish Notarius fuqarolik-huquqiy munosabatlar, shu jumladan mulkiy va meros masalalari bo‘yicha o‘zaro maqbul qaror qabul qilish uchun taraflarning ixtiyoriy roziligi asosida nizoda mediator sifatida ish yuritadi.
Taraflar mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalaridan kelib chiqadigan nizoni yoxud majburiyatlarni bajarish shartlari va muddatlari xususida o‘zaro maqbul qarorga erishgan taqdirda, notarius taraflar o‘rtasida tuzilgan mediativ kelishuvni tasdiqlaydi.