Mavzu: Sitoplazmatik irsiylanish
Xromosomalardan tashqari irsiylanish mavjudligini nemis botaniklari Korrens va Baurlar 1908 yilda ixtiro qildilar. Dastlabki vaqtda irsiylanishning bu xili ona organizm orqali irsiylanish degan nom oldi. Aksariyat ko‘pchilik belgilarni irsiylanishida ham ota ham ona organizm qatnashsa, ona organizm orqali irsiylanishda faqat ona organizm qatnashib, ota organizm bunda ishtirok etmaydi. Gulli o‘simliklarda onalik gametasi sitoplazmaga boy bo‘lib, otalik gametasi faqat xromosomalardan tashkil topadi. SHunga ko‘ra zigota sitoplazmasi asosan ona gametadagi sitoplazma hisobiga hosil bo‘ladi. Bu esa o‘z-o‘zidan ba’zi bir irsiy omillar ona organizm gametasining sitoplazmasida joylashgan degan xulosa uchun asos bo‘ldi. Natijada ona organizm orqali irsiylanish o‘rniga sitoplazmatik irsiylanish tushunchasi ko‘pchilik tomonidan e’tirof qilina boshlandi.
Sitoplazmatik irsiylanish faqat gulli o‘simliklardagina emas, balki bakteriyalar, zamburug‘lar, suv o‘tlari, hasharotlar, mollyuskalar, sutemizuvchi hayvonlar hamda boshqa organizmlarga xos xususiyat ekanligi keyinchalik ma’lum bo‘ldi.
Genetika fanining hozirgi bosqichida hujayrada ikki xil genetik sistema ya’ni yadroli va sitoplazmatik irsiylanish sistemasi bor bo‘lib, ular funksiyalanish jihatidan o‘zaro bog‘liq degan tushuncha keng tarqalgan.
Sitoplazmatik irsiylanish kashf etilganiga ancha muddat o‘tgan bo‘lsada, XX asrning 60 yillariga qadar u irsiyatning xromosoma nazariyasiga qaraganda sekin rivojlandi. Buning uch xil sababi bor:
Fenotipda namoyon bo‘ladigan hamda sitoplazma orqali irsiylanadigan nishonli belgilarni topish qiyinligi;
Mutatsiya uchraydigan nishonli belgili organoid bitta bo‘lmasligi kerak. Aks holda u gaploid va diploid hujayralarda boshqa organoidlar tomonidan hujayra bo‘linishida siqib chiqarilishi mumkin;
Meyoz bo‘linishda xromosomalarni qiz hujayralarga tarqalish mexanizmiga o‘xshash mexanizmning sitoplazma organoidlarida hozirgacha topilmaganligi.
Hozirda sitoplazmatik irsiylanish plastidalar, mitoxondriyalar va erkak sitoplazmatik pushtsizligida aniqlangan.
Plastida bilan bog‘liq irsiylanish 1909 yilda Korrens va Baur tomonidan XX asrning boshida aniqlangan. Ularning tadqiqotlarida nomozshomgul hamda itog‘iz o‘simligining chipor bargli va yashil bargli formalari chatishtirilganda tubandagicha natija olingan: birinchi tajribada urug‘chi sifatida yashil bargli, changchi sifatida chipor bargli o‘simlik olinganda G‘1 dagi barcha o‘simliklarning bargi yashil bo‘lgan. Retsiprok chatishtirishda esa ya’ni chipor bargli o‘simlik urug‘chi, yashil bargli o‘simlik changchi sifatida olinsa G‘1 da oq bargli, chipor bargli, yashil bargli o‘simliklar olingan.
CHipor bargli urug‘chi o‘simlik yashil bargli changchi o‘simlik chatishishidan olingan G‘1 duragaylarda oq, chipor va yashil bargli o‘simliklar rivojlanishi siri bunday o‘simliklarning hujayralaridagi plastidalarni o‘rganish tufayli aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha chipor bargli o‘simliklarda xloroplastlarning ikki tipi: normal xlorofil pigmentiga ega hamda o‘zgargan ya’ni xlorofil pigmentiga ega bo‘lmagan plastidalar uchrar ekan. Meyoz bo‘linish natijasida yadrodagi xromosomalar, genlar gametalarga teng taqsimlanadi. Lekin meyoz bo‘linishda sitoplazmadagi plastidalar, mitoxondriya notekis qiz hujayralarga – gametalarga taqsimlangani sababli G‘1 naslda oq, chipor, yashil bargli o‘simliklar hosil bo‘ladi. Nomozshomgulning oq bargli shoxlarida etilgan gul urug‘chi, yashil bargli o‘simliklar changchi qilib olingan tajriba variantida esa G‘1 dagi barcha duragaylar urug‘idan oq bargli maysalar hosil bo‘lgan va ularda fotosintez jarayoni bo‘lmaganligi sababli nobud bo‘lgan.
Plastidalar orqali irsiylanishni o‘rganishda asosiy ob’ekt bo‘lib bir hujayrali suv o‘ti xlamidomonada sanaladi. Uning hujayrasida bitta yadro (odatda gaploid), bitta xloroplast va 20 ta mitoxondriyaning borligi aniqlangan. Xlamidomonada aerob organizm bo‘lib, yorug‘likda SO2 dan foydalanadi va unda fotosintez jarayoni kuzatiladi. Qorong‘ulikda geterotrof oziqlanadi.