Kirish
Mamlakatimizda barcha sohalar qatori ta`lim tizimida ham keng qamrovli yangilanishlar va ijobiy o`zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bunga “Ta`lim to`g`risida” gi qonun “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” ham huquqiy, ham tashkiliy pedagogik asos bo`lib xizmat qilmoqda.
Ta`lim mazmunini yangilash, takomillashtirish va sifat ko`rsatkichlarini oshirish barobarida o`qituvchi – murabbiylarning malakasini oshirish, ularning ilm – fan taraqqiyoti bilan hamqadam borishini, ayniqsa barcha sohalarga keng kirib kelgan va qo`llanilayotgan axborot texnologiyalari, interfaol usullardan unumli foydalana oladigan, kompyuter bilan erkin muloqot qila oladigan va o`z faoliyatida, dars samaradorligini ta`minlashga tadbiq eta oladigan darajada tayyorlash (qayta tayyorlash) bugungi kunning muhim vazifalaridandir.
O`qitish jarayonining samaradorligini oshirishda ta`limga interfaol usullarni, innovatsion pedagogik texnologiyalarni kiritish va ulardan mohirona foydalanish muhim o`rin tutadi. Zero, an`anaviy ta`limda o`quvchilar faqat tayyor bilimlarni egallashga o`rgatilgan bo`lsalar, rivojlantiruvchi ta`lim mezonlariga muvofiq bilimlarni o`quvchilarning o`zlari o`rganishi, tahlil qila olishi, xulosalarni ham o`zlari keltirib chiqarishiga yo`naltirilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi kunda ta`limning barcha bo`g`inlarida fanlarning o`qitilishi, mashg`ulotlarni ilg`or pedagogik texnologiyalardan foydalanib tashkil etish bo`yicha ko`plab o`quv – uslubiy qo`llanmalar, tavsiyanomalar, ko`rsatmalar va pedagogik texnologiyalarni qo`llashning mazmun va mohiyati yoritilgan adabiyotlar ko`plab yaratilmoqda. Bu borada ayniqsa fanlar bo`yicha “Uzviylashtirilgan Davlat Ta`lim Standarti va o`quv dasturlari” ning yaratilishi e`tiborga molik ish bo`ldi. Ta`limga pedagogik texnologiyalarni joriy etish yuzasidan nashr qilingan muhim adabiyotlar va ilmiy – uslubiy ishlar jumlasiga Yo`ldoshev Sh, Usmonov S, R. Ishmuhammedov, A. Abduqodirov, A. Pardayev, O`. Tolipov, Tojiyevlarning ishlarini ko`rsatib o`tish mumkin. Ta`lim jarayoniga pedagogik texnologiyalarni joriy etish bilan ta`lim samaradorligini oshirish bo`yicha bajarilgan ilmiy – tadqiqot ishlariga M. Yunusova, O. Do`stmuhammedova, G. Iskandarovalarning ilmiy izlanishlarini misol keltirish
mumkin. Ushbu ishlar mazmunida ta`lim jarayoniga pedagogik texnologiyalarni joriy etish, shuningdek ona tili va adabiyoti, botanika, matematika, fizika, geografiya, rus tili va adabiyoti fanlarini pedagogik texnologiyalar yordamida tashkil etish masalalari, uning pedagogik, metodik, tashkiliy jihatlari ilmiy tadqiq qilingan.
Musaiqa ta`limi sohasida esa M. Abramova, D. Soliyevalar tomonidan nashr qilingan umumta`lim maktablari 2 – sinfi uchun darslarni pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish bo`yicha chiqarilgan o`quv – metodik qo`llanmadan bo`lak alohida ilmiy – uslubiy, va tadqiqot ishlari qilinmagan. Bu qo`llanma ham tavsiyanoma xarakterida bo`lib, dars jarayonida qo`llash mumkin bo`lgan ayrim texnologiyalarga tavsif berish bilan cheklangan.
Musiqa pedagogikasi va metodikasiga oid keyingi yillarda qilingan ilmiy – tadqiqot ishlarini ko`zdan kechirish va tahlil qilish shuni ko`rsatdiki, musiqa darslarini ilg`or pedagogik texnologiyalar asosida tashkil qilish muammosi maxsus ilmiy tadqiqot mavzusi sifatida o`rganilmagan. Bu esa bizning magistrlik dissertatsiyamiz mavzusini “Musiqa madaniyati darslari samaradorligini oshirishda interfaol uslublardan foydalanish” nomlanishida tanlashimizga sabab bo`ldi. Tanlangan mavzu muammosini aynan musiqa ta`limi bo`yicha maxsus tadqiq qilinmaganligi uning dolzarblik kasb etishini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |