Aim.uz
“Lison ut-tayr” da obrazlar talqini
Avezova Mavluda- O`zbek filologiyasi fakulteti
2- ‘‘B’’ guruh talabasi
Ilmiy rahbar: dotsent. T.R. Xo`jayev.
Alisher Navoiyning falsafiy-ta`limiy va tasavvufiy ruhda yozilgan 6-dostoni “Lison ut-tayr”dir.Bu doston 1499-yilda yozilgan bo`lib, 3598 baytdan iborat.
Asarning asosiy voqealari qushlarning o`z joylarini to`g`ri aniqlolmagani va Hudhudning afsonaviy Semurg` degan adolatli qush haqida so`zlab berishi bilan boshlanadi.So`ngra Hudhud boshchiligida qushlar Semurg`ni izlab yo`lga tushadilar.Asarda 7 vodiy tasavvufda haqiqatga eltuvchi 7 bosqichning majoziy tavsifi sifatida namoyon bo`ladi.Bu vodiylar Talab, Ishq, Ma`rifat, Istig`no, Tavhid, Hayrat, Fano kabilardir.”Lison ut-tayr” dostonida ko`plab hikoyatlar keltiriladi.Ularda turli obrazlar uchraydi.Ularni quyidagicha guruhlab o`rganishni ma`qul topdik:
1.Payg`ambarlar obrazi.
2.Diniy –tasavvufiy obrazlar.
3.Tarixiy shaxslar timsollari.
4.Mifologik obrazlar.
5.Ishq-muhabbat bilan bog`liq an`anaviy obrazlar.
Yusuf payg`ambar o`zbek mumtoz adabiyotida, qolaversa, Alisher Navoiy asarlarida o`ziga xos go`zallik timsoli sifatida ta`riflanadi.”Lison ut-tayr” dostonida ham bir necha bor Yusuf payg`ambar obrazi keltirib o`tiladi:
Dard-u g`am erdi anga yor-u nadim,
Hajr zindonida Yusufdek muqim1
Misrlik bir oliy himmatli kishi hamma narsaga ega bo`lsa-da,hajr zindonida qolgan Yusuf kabi unga ham doimo dard va g`am chekish yor edi. “ Quroni karim” da Yusuf haqida 2 ta oyati kalima hamda Yusuf nomli 111 oyati kalimalik bir sura mavjud”2
Bundan tashqari, “Qissasi Rabg`uziy” da: “Yusuf 11-o`g`il erdi, Mavlo taolo anga o`n karomat qildi:ko`rk, qiliq, kechurmak, yalovochlik, tush ta`biri, ko`ni so`z, uz, avoqibat umur, ta’vili suhuf…”3 ta`rifi berilgan.
“Lison ut-tayr” dostonida Sulaymon payg`ambar obrazi ham bir necha bor tilga olinadi.Afsonalardan ma`lumki, Sulaymonning butun salohiyati, podsholigi qudrati uning uzugi bilan bog`liq edi:
Fahmig`a maxfiy zabone kerak,
Yo`q zabondonkim-Sulaymone kerak. (32-bet)
Sulaymon payg`ambar haqida Navoiy o`zining “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida ham keltirib o`tadi:
Olamni Sulaymong`a haq etmish ma`mur,
Hukmi soldi jin-u bashar xayliga sho`r.
Oxir chu ajal anga maqom ayladi go`r,
Tufroq ichida qildi vatan o`ylaki mo`r.1
“Sulaymon xotami, Jamshid jomi mumtoz adabiyotda ko`p tilga olinadigan,juda noyob afsonaviy ashyolar.Bularga ega bo`lish qudrat va buyuklik ramzi.”Farhod va Shirin”da shunday bayt bor:
Adadsiz javharu naqdi kiromi,
Sulaymon xotami, Jamshid jomi.2
Asarda Hudhud tomonidan aytilgan Sulaymon haqidagi hikoyatda Azroil bilan bo`lgan suhbati ko`rsatilgan.
Diniy-tasavvufiy obrazlar ham asarda ko`plab uchraydi.Masalan:Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali kabi xalifalar; Najmiddin Kubro, Abu Turob Naxshabiy, Abulhasan Xaraqoniy, Ibrohim Adham, Porso, Abdulla Ansoriy, Bistomiy, Shayx Abul Abbos va boshqa so`fiylar haqida hikoyatlar keltiriladi.”Lison ut-tayr” dostoni hamd, munojot, na`t bilan boshlanadi va so`ngra xalifalar haqida fikr yuritiladi.
“Xalifa (arab.-o`rinbosar,noib)- musulmon jamoasi va musulmon davlatining diniy hamda dunyoviy boshlig`i. Xalifa Muhammad payg`ambarning o`rinbosari.”3 Navoiy Abu Bakr xalifa haqida fikr yuritib shunday deydi:
Kim qila olg`oy bu ishni oshkor
Juz Abu Bakr ulki erdi yori g`or.(27-bet.)
Umar-ikkinchi xalifa. 616-yil islomni qabul qiladi va keng targ`ib etadi.Asarda xalifa haqida shunday so`z boradi:
Ulki payg`ambarg`a hamdam erdi ul,
Shubhasiz foruqi a`zam erdi ul.(27-bet.)
Qolaversa, asarda ko`plab tasavvuf vakillari tilga olinadi.Masalan, Najmiddin Kubroni oladigan bo`lsak, asl ismi Ahmad binni Umar al Xivaqiy xorazmlik mashhur shayxdir:
Shayx Najmiddin Kubro- qutbi dahr,
Bir nazardin kimgakim yetkursa bahr. (128-bet)
Ya`ni: Najmiddin Kubro o`z zamonasining peshvosi hisoblanar edi. Agar u biron kishiga qarasa ko`zi valilik nuri bilan yorishib ketar va shu ondayoq o`zligidan ajralardi.Asarda keltirilgan hikoyada itga shayxning nazari tushganligi keltiriladi.
Ibrohim Adham haqida ko`p eshitganmiz.U shohlikdan voz kechib, tasavvuf yo`lini tanlagan mashhur shaxs. 777-yilda vafot etgan.Dostonda shunday bayt bor:
Ulki bu yo`lda ishi taslim edi,
Ibn Adham shoh Ibrohim edi.(163-bet.)
Navoiy “Nasoyim ul- muhabbat” asarida quyidagi fikrlarni yozadi:”Avvalg`i tabaqadindur.Kuniyati Abu Is’hoq oti va nasabi Ibrohim Adham binni Sulaymon,binni Mansur al-Balxiy”4 deya tilga olinadi.
Tarixiy shaxslar obrazi ham asarda o`ziga xos o`ringa ega. Bularga: Iskandar, Shayx Sa’non, Arastu va boshqa ko`plab tarixiy shaxslarni ko`rsatish mumkin.
Iskandar- mashhur tarixiy shaxslardan biridir.”Lison ut-tayr” dostonida Iskandarning elchilikka borgani haqida hikoyat keltiriladi:
Dedi elga budur Iskandar so`zi,
Turfa bukim, erdi Iskandar o`zi. (86-bet)
Shayx Sa`non- XI-XII asrlarda yashagan tarixiy shaxs bo`lib, uning otashin sevgisi haqida mashhur hikoyat beriladi.Unda ilohiy ishq talqin etiladi:
Tushti joni pok farjomiga ishq,
Kirdi qondek etdi andomiga ishq.(121-bet)
Arastu- qadimgi yunon faylasufi Aristotel nomining sharqcha atalishi.U eramizdan oldingi 384-322- yillarda yashagan.Asarda bir shogirdi bilan bo`lgan munosabatlar ko`rsatilgan hikoya keltiriladi:
Bor edi shaxse Arastug`a murid
Halqai darsida ul erdi mu`id. (151-bet)
Xullas, asarni o`qir ekanmiz, unda rang-barang obrazlarga duch kelamiz.Bu asarni chuqur o`rganish uchun ko`plab tasavvufiy bilimlarga ega bo`lish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |