Jumanazar Khushbakov
НАТУРАЛЬНЫЙ РУССКИЙ
ЯЗЫК 2
Учите русский слушая!
Часть 2
Новая методика
Учите русский слушая
KHB system
Ваш учитель в коробке!
SO‘ZBOSHI
Assalomu alaykum!
Yangicha usuldagi rus tili darslarimizga xush kelibsiz.
Keling, statistikadan so‘z boshlaymiz. Ko‘plab kuzatishlar natijasiga ko‘ra, insonlarning faqat
o‘n foizigina yangilikka tashna bo‘larkan. Bu kitob qo‘lingizda ekan, demak, siz o‘sha o‘n foizga
mansubsiz. Qo‘llanma aynan shunday insonlar uchun yozildi. U sizni til o‘rganaman deya yillab
mashaqqat chekishdan ozod etadi.
Men o‘n uch yildan buyon ingliz tilini o‘rganib kelaman. Turli uslublardan foydalanib
ko‘rganman, ularni boshqalarga ham tavsiya qilganman. Har qaysi metod qanday natijaga olib
kelishini juda yaxshi bilaman. Bu gaplarni o‘zim yangicha o‘rgatish tizimini yaratganim uchun
aytmayapman. O‘sha uslublarning ish berishiga tilakdosh edim. Men tashqaridan turib u uslublar
haqida biron yomon fikr aytmayman. Chunki men o‘sha kitoblar, uslublarning ichidan chiqib
kelganman. Sizni tabriklashim mumkin: rus tilini o‘rganishda eng zo‘r usulni izlash
mashaqqatidan qutuldingiz. Qo‘lingizdagi kitobda kuchli o‘quv sistemasi bayon etilgan. Mazza
qilib o‘rganish va harakat qilish vaqti yetdi.
O‘n bir yil davomida til o‘rganib erkin gaplashish darajasiga chiqa olmadim, ammo mazkur
usul orqali ikki oyda kutgan natijamga erishdim.
Bu sistema ingliz tilini o‘rganishda juda yaxshi samaralar bergan. Dunyoda nafaqat ingliz,
balki boshqa tillar ham mana shu metodika bilan o‘rganiladi: fransuz, nemis, portugal, ispan
tillarini eshitish orqali o‘rganish sistemalari mavjud. Lekin hali hech kim rus tilini o‘rgatishda bu
usuldan foydalanmagan. Qo‘lingizdagi audiokursimizda sizga o‘z tadqiqotlarim natijasida chet
tillarini o‘rganishda eng samarali deb xulosa qilgan sistemamda rus tilini o‘rgatyapman. Bunda
ko‘plab tajribali rus tili o‘qituvchilari hamda rusiyzabon tilshunoslar yordamidan foydalandim.
Bu usul millionlab o‘rganuvchilarga chet tillarida gapirishni qulay va tez o‘rgatdi. Sizga ham
yordam beradi, albatta. Siz bu kitob uchun sarflagan pulingizni yana topishingiz mumkin. Men
uchun esa sizning ishonchingiz va vaqtingiz qadrli.
Bir necha oyda erisha oladigan maqsadingizga ko‘p yillar sarflashingiz sizning katta
xatoyingiz bo‘ladi. Bu kitobda berilgan aniq, oson va samarasi isbotlangan usul orqali rus tilini
har qachongidan ko‘ra tezroq va osonroq o‘rganasiz.
Qo‘llanmadagi har bir fikr mening o‘n uch yillik tajribam va son-sanoqsiz tadqiqotlarning
natijalariga asoslanib yozilgan. Kitobning so‘nggi sahifalariga yetib borganingizda rus tilida
bemalol gaplasha boshlaysiz. Mazkur uslub mashg‘ulotlarimda ko‘plab o‘quvchilarga xarita
vazifasini o‘tagan, endi navbat sizga.
Siz bilan ikkinchi kitobimda ko‘rishib turganimdan bag‘oyat xursandman. Bizning
sistemamizda chet tilini yillab o‘rganib keluvchilar 6 oy, boshidan boshlab o‘rganadiganlar esa 7
oy shug‘ullanishini kerak bo‘ladi. Qo‘lingizdagi audio kursimizning 2-kitobi hisoblanadi. Bu kitobda
sekin gapirishni tezlashtirishga harakat qilamiz. Ko‘pchilikka sevimli bo‘lib ulgurgan «Мини
рассказ» darslari hamda grammatikasiz ham rus tilida ravon gapira boshlashingiz uchun «Точки
зрения» darslari berilgan. Belgilangan tartibda belgilangan miqdorda eshitishda davom
etaverasiz.
Ishonamanki, rus tilini o‘rganish yo‘lidagi yutuqlaringiz yoki shaxsiy hayotingizdagi
o‘zgarishlar haqida seminarlarimda bevosita ko‘rishib gaplashamiz.
KIRISH
Tassavur qiling, birov zinalar orqali sakkizinchi qavatga ko‘tarildi. Agar u odam bosgan
qadamlarni takrorlasangiz, siz ham xuddi shunday natijaga erishasiz. Osonroq tushunishingiz
uchun yana bir misol keltiraymi?
Siz bir inson bilan tanishib qoldingiz, ammo telefon raqamini olmadingiz. Keyinroq u kishiga
qo‘ng‘iroq qilish uchun to‘g‘ri kelgan raqamlarni turli tartibda tersangiz, u bilan bog‘lanishga
qancha vaqt ketadi? Taxminan butun umringiz, shunday emasmi? Lekin undan telefon raqamini,
olsangiz (ya’ni qaysi raqamdan keyin qaysinisi kelishini aniq bilsangiz) va qo‘ng‘iroq qilsangiz,
bor-yo‘g‘i bir necha soniyalarda niyatingizga yetasiz. Demak, aziz o‘quvchim, nimani qachon
qilishni bilsangiz, bir necha soniyalarda g‘alabaga erishishingiz aniq. Kitob sahifalarida bor
mahoratimni ishga solib rus tilini o‘rganishdagi g‘alabangiz uchun kerakli ma’lumotlarni o‘ziga
xos tartibda va sinalgan usulda keltiryapman. Faqat til o‘rgatish bilan cheklanmayman,
hayotingizda asqatadigan ko‘plab fikrlarni ham berib ketaman. Chunki mening maqsadim –
sizning g‘alabangiz, shunqorginam. Bular dunyoning eng muvaffaqiyatli insonlarini o‘rganish
natijasida kelgan xulosalarimdir.
Har darsning yakunida, agar amalda qo‘llanilsa, sizni haqiqiy omadli insonga aylantiruvchi
bitta muvaffaqiyat siri beriladi. Faqat bir sharti bor: men maslahatni beraman, siz esa uni amalda
qo‘llaysiz. Bor-yo‘g‘i shu.
Katta sayohat boshlanmoqda! Tayyormisiz? Unda ketdik!
Do'stlaringiz bilan baham: |