ICHKI TURIZM: HAM SAYOHAT, HAM ZIYORAT
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 26-aprel kuni turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda turizm infratuzilmasining hozirgi holati tahlil qilinib, kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, imkoniyatlarni ishga solib, turizm sohasida pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarni tiklash, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Avvalo, har bir viloyatda turistlarni o‘ziga ohanraboday jalb qiladigan yirik loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ichki turizmni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi ko‘rsatkichni 10 million nafarga yetkazish vazifasi qo‘yilar ekan, buning imkoniyatlari ham belgilab berildi. Shu bilan birga, xorijiy turistlarga sayohatning barcha bosqichlarini tashkillashtirishga ko‘maklashuvchi saytlar, mobil ilovalar yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yilda Navro‘z bayrami munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilangani, 250 ta mehmonxona va muzeyda chegirma berilgani, ziyorat obyektlari bepul qilingani ichki turizm uchun katta turtki berdi. Buning natijasida Buxoro va Samarqandga qo‘shimcha 110 ming nafar mahalliy turist borgan. Ramazon hayiti munosabati bilan ham xalqimizga yana 5 kunlik dam olish berildi. Davlatimiz rahbari bunday ishlarni faqat bayramlar arafasida emas, balki yil davomida tizimli ravishda tashkil etish zarurligini ta’kidladilar.
Shu maqsadda joriy yildan boshlab barcha davlat tashkilotlari xodimlari uchun yiliga bir marta mahalliy sayohatga chiqish xarajatlarining 20 foizini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bundan tashqari, 1-sentabrdan boshlab, yurtimiz bo‘ylab sayohat qilayotgan fuqarolarga avia, temiryo‘l va avtobus chiptalari narxining 15 foizi, mehmonxona xarajatining 20 foizi, muzey va boshqa madaniyat obyektlariga chipta narxining 50 foizini qaytarish tizimi joriy etiladi.
Muzeylar faoliyatini samarali tashkil etish ham turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois respublika bo‘yicha barcha muzeylar eksponatlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularning elektron bazasini yaratish, muzeylar rahbar va xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yana bir e’tiborli jihat – turistlarning xavfsizligi masalasi. Bu borada ichki ishlar organlari xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalarining alohida o‘rni bor. Ular tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida boshqa sohaviy xizmatlar bilan hamkorlikda turizm namoyishi obyektlari va ularga tutash hududlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, turistlarning huquq va qonuniy manfaatlarini, shu jumladan, ularning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini himoya qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Afsonaviy Samarqanddagi Registon maydoni Markaziy Osiyoning noyob me’moriy yodgorligi hisoblanadi. Qadimda bu maydon Samarqandning savdo va ijtimoiy markazi bo‘lgan. Bu yerda uchta go‘zal madrasa – Ulug‘bek, Sherdor, Tilla-kori madrasalari qad rostlagan.
Go‘ri Amir maqbarasi ko‘hna Samarqandning yana bir durdonasi bo‘lib, u yerda Amir Temur, uning o‘g‘illari va nabiralari, jumladan, buyuk olim va hukmdor Mirzo Ulug‘bek orom topgan.
Registon maydoni, Go‘ri Amir, Ruhobod, Muqaddas Doniyor maqbaralari, Bibixonim majmuasi, Shohizinda majmuasi, Ulug‘bek rasadxonasi – bular Samarqand yodgorliklarining to‘liq bo‘lmagan ro‘yxatidir.
2500 yillik tarixga ega bo‘lgan Buxoroda 140 dan ortiq qadimiy arxitektura yodgorliklari jamlangan. Ismoil Somoniy maqbarasi, Ark qal’asi, Kalon minorasi, Labi Hovuz, karvonsaroylar, hammomlar – bu yodgorliklarning barchasi qadimiy shaharning ruhini aks ettiradi. Buxoro butun dunyo musulmonlarining ziyoratgohi bo‘lib, bejiz muqaddas deb atalmagan. U g‘ayrioddiy, o‘ziga xos atmosferasi bilan o‘ziga jalb qiladi.
Xivani haqli ravishda ochiq osmon ostidagi muzey deyish mumkin. Shahar o‘zagi – Ichan-qal’aning aksariyat me’moriy yodgorliklari XVIII asr oxiri – XIX asrning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Qal’a devorining balandligidan shaharning ajoyib panoramasi ochiladi. Xivada bir qancha xon saroylari saqlanib qolgan va ulardan eng mashhuri Tosh Hovli saroyi hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston – zamonlarni bog‘lab turuvchi o‘lka. Qadimiy Qirqqiz, Ayoz qal’a, Jonbos qal’a, nodir Tuproqqal’a manzilgohi va boshqa tarixiy va arxeologik yodgorliklar ilmiy va madaniy jihatdan barchada katta qiziqish uyg‘otadi.
Ayni paytdaToshkent shahri, Buxoro, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi turistik infratuzilma obyektlarining umumiy soni 7 562 tani tashkil qiladi. Shundan 73 tasi muzey, 131 tasi turizm obyektlari, 1 796 tasi arxeologiya, arxitektura, monumental san’at yodgorliklari va diqqatga sazovor joylarni o‘z ichiga olgan madaniy meros obyektlari, 5 ming 185 tasi turistik namoyish obyektlari, 299 tasi madaniyat va sport obyektlaridir.
Joriy yilning ayni paytigacha mamlakatimizga kelgan 807 ming 666 nafar chet el fuqarolaridan 37 ming 147 nafari sayohat qilish maqsadida tashrif buyurgan. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 ming 825 nafarga ko‘pdir.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda turizmni yanada rivojlantirish imkoniyatlari mavjud. Uning rivojlanishi mamlakatimizning xalqaro aloqalari rivojlanishiga, iqtisodiyoti mustahkamlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Xalqaro aloqalarning rivojlanishi xalqimizni boshqa millatlar bilan yanada yaqinlashtiradi, o‘zaro hamkorlikni kuchaytiradi. Bu esa O‘zbekistonga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalarning yanada o‘sishida muhim omil bo‘lishi shubhasizdir.
Mixli SAFAROV,
«Postda» muxbiri.
Do'stlaringiz bilan baham: |