1
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI
TOSHKENT SHAHAR XALQ TA’LIMI XODIMLARINI QAYTA
TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH INSTITUTI
“Ijtimoiy – iqtisodiy fanlar” kafedrasi
S.B. Shermuxamedova
Davlat va huquq asoslari o`qituvchilari
uchun metodik tavsiyanoma
TOSHKENT - 2016
2
Mazkur metodik qo`llanma TShXTXQTMOI Ilmiy Kengashining 2016 yil
30 dekabrdagi 8- sonli yig`ilishida muhokama qilinib, nashrga tavsiya etilgan.
Tuzuvchi: S.B. Shermuxamedova – TShXTXQTMOI Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar
kafedrasining katta o`qituvchisi
Taqrizchilar:
S.X. Akkulova – TShXTXQTMOI Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar kafedrasining katta
o`qituvchisi
M.Yu. Ahmedova – Sergeli tumanidagi 303- maktab o`qituvchisi
3
...Xalqimizning huquqiy madaniyatini
yuksaltirish davlat siyosati darajasiga
ko‘tarilishi lozim... zero mustaqillik
so‘zining zamirida ham katta, ulug‘ hu-
quqga ega bo‘lish degan tushuncha yotadi.
I.Karimov.
Mustaqillikka erishilgan dastlabki kunlardanoq O‘zbekiston o‘z oldiga huquqiy
– demokratik davlat qurish vazifasini maqsad qilib qo‘ydi. Bizga ma'lumki,
demokratik davlatning asosiy tamoyillaridan biri, inson va uning sha'ni, qadr –
qimmatining oliy qadriyat sifatida e'tirof etilishidir. Mustaqil davlatimiz bu tamoyilga
amal qilgan holda inson manfaatlari yo‘lida bir qancha ishlarni amalga oshirdi.
O‘zbekistonning kelajagi ko‘p jihatdan bugungi yoshlarga bog‘liq. Yosh avlodnining
har tomonlama yetuk: erkin fikrlovchi, o‘z nuqtai – nazariga ega, jamiyat hayotida
faol ishtirok etuvchi, insonlar dardi bilan yashovchi, o‘z xalqining jonkuyar vakili
sifatida katta hayotga yo‘nalishida albatta ta'lim tizimining o‘rni katta. Bugungi
kunda o‘sib kelayotgan yosh avlodning yuqoridagi talablarga javob bera oladigan
bo‘lishi uchun ta'lim tizimiga katta e'tibor qaratilmoqda
Yosh
avlodning
huquqiy
savodxonligini
oshirish
uchun
nafaqat
o‘qituvchilarning, balki keng jamoatchilik a'zolarining ham huquqiy savodxonligini
oshirish, huquqiy tarbiya ishlariga oila – mahalla – ta’lim muassasalari tizimini keng
jalb etish zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1997 yil 29 avgustda qabul
qilingan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish” Milliy Dasturida aholining
huquqiy savodxonlik darajasini oshirish, barcha fuqarolarning huquqiy ongli va
huquqiy madaniyatli bo‘lishlariga erishish ko‘zda tutilgan edi. Buning uchun
hukumatimiz tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
2008 yil 1may kuni “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul
qilinganligining 60 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi Prezident
Farmonida “Demokratik, huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lini
tanlagan O‘zbekiston inson huquqlari va manfaatlarini jamiyatni rivojlantirish va
davlat qurilishining, butun ichki va tashqi siyosatning eng ustuvor yo‘nalishi etib
belgilandi”,- deyiladi.
Ushbu metodik tavsiyanoma umumta'lim maktablarining huquqshunos
o‘qituvchilariga hamda huquqiy savodxonligini oshirish, huquqiy tushunchalarni
o‘rganishni maqsad qilib qo‘ygan keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.
Tavsiyanomada davlat va uning tuzilishi haqidagi ma'lumotlar, huquqga oid
tushunchalar, shuningdek, hayotda tez-tez uchrab turadigan yuridik atamalar va
tushunchalar, diyorimizda qabul qilingan ayrim qonunlar savol-javob tariqasida
tuzildi va unda berilgan testlar huquqiy savodxonlikni oshirishga hamda, huquqiy
bilimlarni mustahkamlashga yordam beradi degan umiddaman.
Ushbu tavsiyanoma ona diyorimiz erkin fuqarolarining jamiyat hayotida teng
huquqliligi, barchaning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda qonun oldida
barcha fuqarolarning tengligini ta'minlashga erishish yo‘lida, har bir insonning
huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashadi degan maqsadida tayyorlandi.
Muallif.
4
1. Jamiyat nima?
Jamiyat arabcha so‘zdan olingan bo‘lib, “ uyushgan, birlashgan” degan
ma'nolarni bildiradi.
Jamiyat – tarixiy taraqqiyotning muayyan bosqichida vujudga kelgan ijtimoiy
munosabatlar mahsuli.
Jamiyat – kishilar o‘rtasidagi o‘zaro harakatlarning mahsuli bo‘lib, hayotning
ma'lum bir tashkiliyligi, mohiyati jihatidan kishilar va ularning guruhlari
o‘rtasidagi turli xil (iqtisodiy, oilaviy, ma'naviy, sinfiy, diniy va boshqa)
munosabatlar va aloqalar yig‘indisidir.
Jamiyat muayyan ehtiyoj va manfaatlarga ko‘ra birlashgan kishilarning
ma'lum tarzda tashkil topgan majmuasidir. Jamiyat birlashishga moyil bo‘lgan
birliklar, ya'ni guruhlar, sinflar, qatlamlardan iborat. Ammo ayrim hollarda,
odatda, iqtisodiy, siyosiy, milliy, diniy manfaatlar asosida, “ajrashish
kayfiyatlariga” mubtalo bo‘ladi. Davlat jamiyatning eng muhim tarkibiy
elementidir. U jamiyatda asosan siyosiy funksiyalarni bajaradi. Jamiyat bilan
davlat aslo bir narsa emas. “Jamiyat” tushunchasi “davlat” tushunchasidan kengdir.
2. Fuqarolik jamiyati nima?
Fuqarolik jamiyati – komil fuqarolardan, ya'ni uzviy bog‘liqlikda hamda
ahloqiy madaniyatga tayanadigan huquqiy va siyosiy madaniyatga ega bo‘lgan
odamlardan iborat jamiyat. Fuqarolik jamiyati nafaqat davlatning kuchi bilan, balki
uning a'zolari bo‘lmish fuqarolarning o‘zlari orqali saqlab turiladigan va qat'iy
tartib qaror topgan jamiyatdir. Bunday jamiyat o‘zini – o‘zi yuksak darajada
tashkil etishi bilan ajralib turadi. Fuqarolik jamiyatiga davlatning kuchli ta'siri
talab etilmaydi.
Fuqarolik jamiyatida davlat tashkilotlaridan ko‘ra jamoat tashkilotlarining
faolligi balandroq turadi. Majburlov apparatiga kiruvchi tuzilmalar, shuningdek,
vazirliklar, mahalliy hokimiyat idoralari davlat tashkilotlari tizimiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘zining
“Bunyodkorlik yo‘lidan” asarida: “…bizning asosiy maqsadimiz – bir kishi yoki
jamoat tashkilotlarining fikri davlat tuzilmalarining fikridan ustunroq bo‘ladigan
fuqarolar jamiyati qurishdan iborat”, - degan edi.
Fuqarolik jamiyati o‘zini - o‘zi boshqaradi va huquqiy davlat siyosatiga,
undagi huquqiy tizimga hal qiluvchi ta'sir o‘tkaza oladi.
Fuqarolik
jamiyati
ancha
yuksak
darajadagi
ijtimoiy
rivojlanish
ko‘rsatkichidir.
Fuqarolik jamiyati o‘z xususiyati, tabiati va asosiy sifatlari, xususan, erkinlik
va
adolatlilikka
erishish,
demokratiya
va
insoniy
munosabatlarning
mustahkamlanishiga yo‘nalganligi bilan huquqiy davlat prinsiplarining
tasdiqlanishiga yordam beradi, unga moyil bo‘ladi. Buni quyidagi uchta omilda
ko‘rsatish mumkin:
birinchidan, jamoat fikrida huquqning mavqyei, nufuzi, yuridik institutlar,
prinsip va normalari mustahkamlanadi va tarbiyalanadi;
5
ikkinchidan, shunday muhit yuzaga keladiki, unda huquqiy talablarni
nazarga ilmaslik va buzish g‘ayritabiiy holat sifatida baholanadi, u umum e'tirof
etgan jamoat tartibiga mos kelmaydi;
uchinchidan, jamiyat orqali yuridik mexanizmni to‘ldiruvchi huquqni amalga
oshirishning muayyan ijtimoiy mexanizmlari ishlab chiqiladi. Ularga insonlarda
fuqarolik jamiyati sharoitida shakllanadigan shaxsiy sifatlar – ahloqiy burch,
fuqarolik tuyg‘usi, o‘ziga nisbatan talabchanlik, adolatsizlikka murosasizlik,
ijtimoiy faollik kabilarni misol qilib keltirish mumkin.
3. Davlat nima?
Davlat, huquq va jamiyat muayyan aloqadorlikdadir. “Jamiyat” nisbatan keng
tushuncha. Davlat jamiyatning ichida mavjud bo‘ladi. Davlat huquqni keltirib
chiqaradi, ammo huquq ham davlatni shakllantiradi va yo‘naltiradi. Jamiyat davlat
va huquq ta'sirida u yoki bu tomonga o‘zgaradi.
Davlat jamiyat rivojining muayyan bosqichida yuzaga kelgan. Ya'ni
davlatning vujudga kelishiga sabab bo‘lgan asosiy omil bu, yirik ijtimoiy mehnat
taqsimoti natijasida mehnat unumdorligining oshishi, natijada ortiqcha mahsulot
paydo bo‘lib, hususiy mulkchilik va jamiyatda mulkiy jihatdan tabaqalashuvning
vujudga kelishi hamda asosiy mashg‘uloti mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi
kishilarning maxsus guruhlarining yuzaga kelishidir.
Davlat – jamiyat ichidan chiqqan, ommaviy hokimiyatning siyosiy tashkiloti.
Davlat – suverenitetga, boshqaruvning hamda fuqarolar huquq va
erkinliklarini himoya qilishning maxsus apparatiga ega, bo‘lgan, shuningdek,
huquq me'yorlari (qoidalari)ni yaratishga qodir bo‘lgan ommaviy hokimiyatning
siyosiy – hududiy tashkilotidir.
Davlat – bu jamiyatning birligi, yaxlitligini ta'minlaydigan, davlat mexanizmi
orqali jamiyat ishlarini boshqaradigan suveren ommaviy-siyosiy hokimiyatni
amalga oshiradigan, insonlarning huquq va erkinliklarini, qonuniylik va huquqiy
tartibotni kafolatlovchi umummajburiylik maqomini beradigan siyosiy
tashkilotdir.
Davlat – butun mamlakat miqyosidagi hokimiyatning maxsus boshqaruv va
majburlov apparatiga hamda barcha uchun umummajburiy qonunlar chiqaradigan
va suverenitetga ega bo‘lgan yagona siyosiy tashkilotdir.
Davlat – jamiyat siyosiy tizimining odamlar, guruhlar, sinf, tashkilot,
hamkorlikdagi faoliyat va o‘zaro munosabatni tashkil etuvchi, yo‘naltiruvchi va
nazorat qiluvchi asosiy institutdir.
Davlat – hokimiyatning bosh instituti. Hokimiyat davlat orqali o‘z siyosatini
amalga oshiradi. “Hokimiyat”, “davlat”, “siyosat” tushunchalari bir–biriga juda
yaqin bo‘lib, bir–birlarini belgilab beradi. Hokimiyat – o‘zga kishilar xulq – atvori
va faoliyatini butun jamiyat yoki alohida ijtimoiy guruhlar irodasiga bo‘ysundirish
qobiliyati. Siyosat esa yunoncha “polis” so‘zidan olingan bo‘lib, “davlat ishlari”,
“davlatni boshqarish san'ati” degan ma'noni anglatadi. Hozirgi zamonda “siyosat”
boshqaruv bobida oqilona qaror qabul qilish san'ati va qobiliyati, degan ma'noni
bildiradi.
6
4. Davlatning qanday belgilari mavjud?
Davlatning asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
1. Chegaralangan hudud va aholining hududlar bo‘yicha uyushganligi. Davlat
paydo bo‘lgan jamiyatda fuqarolar ma'lum bir hududga birlashadilar.
2. O‘ziga xos ommaviy hokimiyat – davlat hokimiyatining mavjudligi, ya'ni davlat
o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun boshqaruv apparatini shakllantiradi.
3. Suverenitetning mavjudligi, ya'ni ichki va tashqi siyosatni amalga oshirishda
boshqalarning aralashuvisiz mustaqil faoliyat yuritishi.
4. Huquq ijodkorligi, ya'ni davlat hududida yashovchi barcha kishilar rioya
etadigan qonunlarni chiqarishga qodirlik.
5. Chegaralarning dahlsizligi hamda aholining xavfsizligini ta'minlash uchun
armiya va ichki ishlar organlarining mavjudligi.
6. Davlat xazinasining mavjudligi. Davlat apparatini saqlash hamda aholining kam
ta'minlangan qismiga yordam berish uchun aholidan olinadigan soliqlarning
mavjudligi.
5. Davlat funksiyasi deganda nima tushuniladi?
Davlatning funksiyalari – davlatning maqsad va vazifalarini amalga
oshirishga qaratilgan faoliyatning asosiy yo‘nalishlaridir. Davlat funksiyalarining
asosiy belgilari:
1) mazmuni – davlat faoliyati bir hil jihatlarining yig‘indisi;
2) miqyosi – funksiyalar davlatni bir butun sifatida qamrab oladi;
3) xususiyati – kompleks, majmua;
4)
maqsadi – insonning ijtimoiy himoyalanganligi, tashqi xavfsizlik va
boshqalar.
Davlat funksiyalari quyidagicha tasniflanadi;
faoliyat doirasiga ko‘ra (ichki va tashqi);
faoliyat muddatiga ko‘ra (doimiy va vaqtinchalik);
ijtimoiy ahamiyatiga ko‘ra (asosiy va asosiy bo‘lmagan);
amalga oshirishning huquqiy shakllariga ko‘ra (huquqni ijod qilish, huquqni
ijro qilish va sud).
Davlatning ichki funksiyalari mamlakat ichki hayotini boshqarishga
qaratilgan faoliyatning asosiy yo‘naliishlaridir.
Ichki funksiyalarga quyidagilar kiradi:
1) regulyativ (tartibga solish, boshqarish);
2) qo‘riqlash (saqlash, muhofaza qilish).
Regulyativ funksiya davlatning iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi o‘rnini
belgilaydi.
Qo‘riqlash funksiyasi davlatning huquq bilan mustahkamlangan va tartibga
solinadigan ijtimoiy munosabatlarni ta'minlash va himoya qilishga qaratilgan
faoliyatdir.
Davlatning tashqi funksiyalari bu, davlatning xalqaro maydondagi
faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridir.
Bular: 1) xalqaro hamkorlik: tashqi siyosiy faoliyat, tashqi iqtisodiy faoliyat;
2) mudofaa va milliy havfsizlikni ta'minlash.
7
6. Davlatning qanday shakllari mavjud?
Davlatning quyidagi shakllari mavjud:
Boshqaruv shakli;
Tuzilish shakli;
Siyosiy tartibi.
Boshqaruv shakli deganda, oliy davlat hokimiyati, uning idoralari, aholi
bilan o‘zaro munosabati, aholining ushubu idoralarni shakllantirishda ishtirok etish
darajasi tushuniladi.
Tuzilish shakli davlatning ma'muriy, hududiy tashkil etilishidir.
Siyosiy tartibi davlat hokimiyatini amalga oshirish usul va yo‘llarining
majmui bo‘lib, mamlakatdagi siyosiy vaziyatni, ya'ni jamiyatdagi siyosiy erkinlik
darajasi va shaxsning huquqiy holatini bildiradi.
7. Boshqaruvning monarxiya va respublika shakllari bir-biridan qanday
farqlanadi?
“Monarxiya” yunonchadan tarjima qilin bo‘lib, yakka hokimlik degan ma'noni
bildiradi. Monarxiya – oliy hokimiyat yakka hokim, davlat boshlig‘ining qo‘lida
bo‘lgan va bu hokimiyat meros qilib beriladigan davlat boshqaruvi shaklidir.
Monarxiyaning asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
1) monarx davlatni shaxsiylashtiradi, tashqi va ichki siyosatda davlat boshlig‘i
sifatida maydonga chiqadi;
2) monarx davlatni yakka o‘zi boshqaradi;
3) monarx hokimiyati muqaddas deb e'lon qilinadi;
4) monarx o‘z faoliyatida rasman mustaqildir;
5) muddatsiz va umrbod boshqaruv;
6) monarx yuridik jihatdan o‘z boshqaruvining natijasi uchun javobgar emas.
Monarxiya mutloq (cheklanmagan) va parlamentar (cheklangan) shakllarda
bo‘ladi.
Davlat hokimiyatini boshqa bironta idora bilan cheklanmagan monarx (qirol,
podsho, imperator) amalga oshirsa, bunday monarxiya mutloq monarxiya bo‘ladi.
Masalan: Saudiya Arabistoni, Qatar, Omon, Birlashgan Arab Amirliklari.
Agar monarxning hokimiyati konstitutsiya asosida amal qiladigan biron bir
vakolatli idora bilan cheklangan bo‘lsa, bunday monarxiya cheklangan
(konstitutsiyaviy, parlamentar) monarxiya bo‘ladi. Masalan: Buyuk Britaniya,
Daniya, Norvegiya, Shvetsiya.
“Respublika” yunonchadan tarjima qilingan bo‘lib, umumiy ish degan
ma'noni bildiradi. Respublika davlat boshqaruvining hokimiyat oliy idoralari
muayyan muddatga saylanadigan shaklidir.
Respublikaning asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
1) hokimiyat oliy idoralarining saylab qo‘yilishi;
2) hokimiyat vakolatlarining taqsimlanishi;
3) hokimiyat oliy organlarining o‘z qarorlarini saylangan muddati davomida
qabul qilishi;
4) qonunlarning bajarilishini nazorat qiluvchi organ bo‘lgan sudlar obro‘ining
ortishi;
8
5) fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda ishtirok eta olishi.
Respublika prezidentlik va parlamentar respublika ko‘rinishida bo‘ladi.
Prezidentlik respublikasida davlatni xalq tomonidan saylangan va juda keng
vakolatlarga ega bo‘lgan Prezident boshqaradi. U davlat
boshlig‘i bo‘lib, xalq
nomidan ish olib borish vakolatiga ega bo‘ladi (masalan, O‘zbekiston, Rossiya,
Qozog‘iston, AQSh).
Parlamentar respublikada Prezident parlament tomonidan saylanadi va
nisbatan torroq vakolatlarga ega. U rasman davlat boshlig‘i hisoblanadi va asosan
vakillik funksiyalarini bajaradi. Parlamentar respublikada hukumat bosh vazir
tomonidan boshqariladi. Ammo hukumat uni tarqatib yuborishi mumkin bo‘lgan
parlament oldida javobgardir (masalan, Hindiston, Avstriya, Germaniya, Italiya).
8. Unitar davlat bilan federativ davlat o‘rtasidagi farq nimadan iborat?
Unitar davlat – oddiy, yaxlit davlat. Bunday davlat viloyat, oblast, okrug,
rayon, tuman deb turlicha nomlanadigan ma'muriy – hududiy birliklarga bo‘linadi.
Mazkur davlatda bitta parlament, bitta hukumat, bitta Prezident bo‘ladi. Unitar
davlat odatda bir millatli
bo‘ladi (masalan: Qirg‘iziston, Fransiya, Italiya ).
Unitar davlat belgilari:
1)
butun mamlakat miqyosida bir xil bo‘lgan vakillik, ijroiya va sud organlar
bo‘ladi;
2)
bitta konstitutsiya;
3)
yagona qonunchilik tizimi;
4)
yagona fuqarolik;
5)
yagona pul birligi;
6)
barcha ma'muriy – hududiy birliklar uchun umumiy bo‘lgan soliq va kredit
siyosati;
7)
unitar davlatlar tarkibiy qismlari suverenitetga ega emas;
8)
yagona armiyaning mavjudligi.
Federativ davlat – murakkab, ittifoqdosh davlat. Odatda, u bir qancha
davlatlarning birlashuvidan hosil bo‘ladi. Birlashgach esa bu davlatlar federatsiya
a'zolari yoki sub'ektlari bo‘lib qoladilar. Ular shtatlar, o‘lkalar, respublikalar deb
turlicha atalishi va o‘z ma'muriy – hududiy bo‘linmalariga ega bo‘lishi mumkin.
Federatsiyada hokimiyat idoralarining ikki tizimi amal qiladi: federal darajada
va federatsiya sub'ektlari darajasida. Federal darajada ham, federatsiya sub'ektlari
darajasida ham prezident, parlament, hukumat bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |