Ezilish sindromi sabablari belgilari va tez yordam
Tana ayrim qismlarining uzoq vaqt davomida og'ir yuk ostida ezilib turishi, siqilishi natijasida odamda yumshoq to'qimalar yopiq shikastlanishining o'ziga xos belgilari paydo bo'ladi. Bu ezilish sindromi yoki travmatik toksikoz deb ataladi.
M.I. Kuzin travmatik toksikozni «Uzoq ezilish sindromi» deb atashni tavsiya qildi, bunda «ezilmoq» termini birlamchi shikastlanish mexanizmi va jarohatlangan organizmda kelib chiqadigan mahalliy yoki umumiy o'zgarishlar mohiyatini ochib berishini ko'rsatdi.
Travmatik toksikozda muskullar, teri osti yog' kletchatkasi, tomirlar va nervlar eziladi. Tinchlik paytlarida bunday ezilish tom bosib qolganda, devor ostida qolganda, shaxtalar va tog' jinslari bosganda, zilzila natijasida uylar qo'lab, og'ir yuklar ezganda yuzaga keladi. Urush vaqtida esa bombordimon paytida, atom quroli portlaganda vujudga keladi. Uzoq vaqt ezilish natijasida muskullar va boshqa yumshoq to'qimalar qonga yolchimay qoladi, natijada bu to'qimalarda nekroz boshlanib, to'qimalar o'la boshlaydi va o'zidan zaharli modda (toksin) ajratadi, ana shu toksinlar qonga so'rilib organizmni zaharlaydi.
Travmatik toksikozning klinik manzarasi jarohatlangan kishi ezuvchi kuch ta’siridan holi etilganidan (bir necha soat o'tganidan) so'ng aniqlanadi. Bemorning umumiy ahvoli dastlab ancha yaxshi bo'ladi, u umuman beholligidan, ezilgan joyi og'rishidan shikoyat qiladi. 6-8 soat o'tgach, shikastlangan oyoq-qo'lda shish paydo bo'ladi va zo'riqadi. Bu sohaning terisi avval oqaradi, so'ngra qizg'ish-ko'kimtir rangga kiradi. Terida ichi suyuqlikka to'la pufakchalar hosil bo'ladi, oyoq-qo'llarni qimirlatib bo'lmay qoladi. Zararlangan joy bosib ko'rilganda yumshoq to'qima qattiqlashadi. Nerv tomirlarining qisilishi natijasida ezilgan joyning pastki qismida seziluvchanlik yo'qoladi. Qattiq og'riq tufayli bo'g'imlarda harakat bo'lmaydi. Qon tomirchalaridagi pulьs aniqlanmaydi.
Mahalliy o'zgarishlardan tashqari, jarohatlangan kishining ahvoli qoniqarli bo'lib turganida, bir necha soatlardan keyin og'ir shok manzarasi ro'y beradi - kuchsizlik seziladi, tormozlanish ba’zan qo'zg'alish bo'ladi. Pulьs tezlashadi, arterial qon bosimi pasayadi. Qon sistemasi tomonidan o'zgarishlar kelib chiqadi. Qon quyuqlashadi, gemoglabin, eritrotsitlar, gemotokrit ko'payadi. Buyrakda katta o'zgarishlar ro'y beradi, tarkibida eritrotsitlar va oqsillar ko'p bo'lgani uchun siydik qoramtir-qizqish tusga kiradi, uning ajratilishi kamayadi (sutkasiga 100-150ml). Siydikni mikroskop orqali tekshirganda har xil o'zgarishlar paydo bo'ladi. Buyrak kanalchalarining qisilishi natijasida, bemor ahvoliga salbiy ta’sir etuvchi toksik moddalar yig'iladi.
M.I.Kuzin travmatik toksikozning klinik kechishida uchta davrni ajratadi: erta (jarohatdan 2-3 kundan so'ng), oraliq (3-12 kun) va kechki (12-kundan 1-2 oygacha). Erta davrda asosan shishning ko'payishiga va gemodinamik buzilishlar ro'y beradi. Oraliq davrda buyrak yetishmovchiligi rivojlanadi. Kechki davr asta-sekin sog'ayish davridir.
Tez yordam ko'rsatish
Bunda birinchi yordam ko'rsatish shikastlangan odamni tezlik bilan bosib turgan og'irlik ostidan chiqarib olishdan iborat. Shikastlangan oyoq yoki qo'l asosiga rezina jgut qo'yiladi, bu zaharli moddani qonga so'rilishini ancha kamaytiradi, oyoq-qo'llar shina bilan bog'lanadi, muzli xaltacha qo'yiladi va yuqoriga ko'tarib qo'yiladi. Shokka qarshi chora ko'riladi. Bemorga 2 gr. ichimlik sodasi beriladi va ko'plab suyuqlik ichiriladi. So'ngra tezroq davolash muassasasiga yotqizish choralari ko'riladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |