ERONDA TARJIMASHUNOSLIKNING RIVOJLANISH BOSQICHI
ANNOTATSIYA:
Ushbu maqola Eronda tarjimashunoslikning rivojlanish bosqichlari va Eron hududlariga evropaliklar madaniyati kirib kela boshlagach, eronlik ilm o'rganuvchilarning ko'pchiligi Frantsiyaga borardilar. Shu tufayli frantsuz tili Eronga yoyila boshlaganligi haqida ham yoritilgan.
KALIT SO’ZLAR:
tarjima, tarjimashunoslik, Ahamoniylar davlati, qadimgi fors tili, Akkad tili, Elam tili, sanskrit tili, yunon tili, Xusrav I Anushervon, Panchatantra, Eronda Islom davri, Arab tili, Lingva Franka.
KIRISH
Butun dunyo miqyosida turli xalqlarning o‘zaro siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy hamkorligi borgan sari kuchayib bormoqdaki, bu aloqalarni tarjimasiz tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Bugungi kunda tarjimaning ahamiyati haqida gapirish quyoshning ahamiyatini tushuntirishday gap bo‘lib qoldi. Ya’ni quyoshsiz yer yuzida hayot bo‘lmagani kabi, tarjimasiz turli xalqlarning o‘zaro aloqasi, o‘zaro aloqasiz esa taraqqiyot bo‘lmaydi. “Boshqa xalqlar hayotidan voqif bo‘lmaslik, g‘ofillik, milliy mahdudlikka olib keladi”1
“Til o‘rganish va tarjima − bularning har ikkalasi ham bir maqsadga yo‘naltirilgan ikki vositadir. Ayni vaqtda, ular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Tarjima qilish asl nusxa yozilgan tilni bilishni taqozo qiladi. Lekin chet tilni bilish tarjima qilishning faqat muhim shartidir, xolos. Tarjimon, bundan tashqari, ona tilini ham mukammal egallagan bo‘lishi, unda o‘z fikrini erkin bayon eta olishi lozim. Agar gap badiiy tarjima haqida borsa, bunda tarjimon obrazli tafakkur qobiliyatiga ham ega bo‘lishi kerak. Nihoyat, bulardan tashqari, o‘girilayotgan asar predmeti, muallifning ijodiy biografiyasini ham bilishi darkor”2 .
Mavzuning dolzarbligi:
Eronda tarjimashunoslikning rivojlanish bosqichi ikki tilni mukammal bilish har qanday tarjimaning birinchi va asosiy sharti ekan, tarjima nazariyasini tilshunoslikdan ajratib qarash muammoni hal qilish o‘rniga, usti yaltiroq umumiy gaplar bilan chegaralanib qolishga olib keladi, uni adabiyotshunoslikdan xoli bo‘lgan sof lisoniy ish deb qarash esa tarjimaning badiiy ijod sohasi ekanligini unutib qo‘yishga, masalani bir yoqlama va chala hal qilishga sabab bo‘ladi.
Tarixdan ma'lumki, Eron dunyoning eng qadimgi o'z davlatchiligiga ega bo'lgan davlat hisoblanadi. Evropa va Xitoyni bog'lab turuvchi katta bir hududda tarixda Ahamoniylar imperiyasi (mil. avv. 321-559) shakllangan edi. Bu imperiya aholisi turli irq, millat va albatta turli tuman tillar va shevalarda so'zlashar edilar. Bundan tashqari o'sha davrda rivojlangan davlatlar bilan savdo-sotiq aloqalari, hamda harbiy-siyosiy bosqinchiliklar ham olib borilgan edi. Bu kabi omillar imperiyada tarjima va tarjimashunoslikka bo'lgan ehtiyojni keltirib chiqarardi. Ahamoniylar davriga oid toshyoz-malar odatda uchta tilda: qadimgi fors, akkad va elam tillarida yozilardi [2, 2]. Iskandar Maqduniy (Makedonskiy – mil. avv. 356-323) Ahamoniylar imperiyasini zabt etgach, uning o'rnida bir qancha yunon-makedon davlatlari tuziladi. Hozirgi Eron hududlarini Iskandar Maqduniyning o'limidan so'ng uning yaqin safdosh (diadox)laridan biri Salavkiy (358– 281) egallab olib o'zining Salavkiylar davlati (mil. avv. 321-yilda) asos soladi [3,25]. Salavkiylar davrida iqtisodiy va harbiy ishlar yunon-makedonlar tomonidan boshqarilar, idoraviy ishlar esa, eroniylarga topshirilgan edi. Salavkiylar yangi shaharlar va vayron etilgan shaharlarni qayta tikladilar. O'zlari qurdirgan ko'plab shaharlarda faqat o'zlari istiqomat qilganlar. Shu bois o'sha shaharlarda faqat yunon tilidan istifoda etishardi [3, 26].
Eronda Islom dini yoyilgach, tarjima faoliyatida Qur'oni Karimning ma'nolar tarjimalari hamda Dorul-fununlar uchun darsliklarni tarjima qilib chop etish va xorijga yoyish orqali yanada ravnaq topa boshladi. Bu davrga kelib, bir qancha ziyolilar ilm-fan, tarix, tibbiyot va boshqa sohalarga oid Erondan tashqarida yozilgan darsliklarni fors tiliga o'girishda jonbozlik ko'rsatganlar [2, 4]. Shu bilan bir qatorda adabiy asarlar ham o'girila boshlandi. Shu ta'kidlab o'tish joizki, Markaziy Osiyo mintaqasiga ham odatda dunyoning boshqa tillarida yozilgan ko'plab yozma yodgorliklarning forscha tarjimalari tarqalgan va o'rganilar edi. Aksariyat asarlar turkiy tillarga aynan fors tilidan tarjima qilinar edi.
Hozirgi Eron hududlariga evropaliklar madaniyati kirib kela boshlagach, eronlik ilm o'rganuvchilarning ko'pchiligi Frantsiyaga borardilar. Shu tufayli frantsuz tili Eronga yoyila boshladi [2, 4]. Frantsuz tilida bitilgan ilm-fan va adabiyotga oid asarlar fors tiliga tarjima qilina boshladi. Frantsuz tilidan tashqari boshqa Evropa tilidan ham tarjimalar xususan, nemis, rus, polyak, Venger, ispan hamda Portugal tillaridan ham qilinar edi. Birinchi pesa ham fors tiliga frantsuz tilidan tarjima qilingan. Pesa Myuler qalamiga mansub bo'lib, "odamovi (Le Misanthrope)" deb nomlangan. Ikkinchi Jahon urushidan keyin frantsuz tili Eronda o'z o'rnini ingliz tiliga bo'shatib beradi [2, 5] va hozirgi kunga qadar Eronda asosan tarjimalar ingliz tilidan olib borilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |