Кириллчага ўтказинг
Ilm-fan
22:10, 08.02.2021 // 7481
Rassom ixtirosi. 8-fevral messenjerlarning “bobokaloni” – telegraf ixtiro qilingan sana
1838-yil 8-fevral kuni AQShlik Samuel Finli Morze elektromagnitli telegrafni taqdim qildi. Sana munosabati bilan “Daryo” mazkur ixtiro tarixi
haqida hikoya qiladi.
Biz yashayotgan davrda dunyoning istalgan nuqtasidagi tanishimiz bilan bir lahzada xat-xabar almashinish imkonimiz mavjud. Messenjerlar
hozirda nafaqat matnni, balki tovush, rasm va videoli xabarlarni ham shu lahzaning o‘zida jo‘natish va qabul qilish imkonini beryapti. Hatto
o‘n yilcha avval ham xalqaro qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish uchun markaziy telegrafga borib, buyurtma qilib, navbat kutish kerak edi.
Endilikda esa Telegram, Whatsapp, Viber va hokazo messenjerlar tufayli bunga zarurat qolmadi.
Foto: Google Photos
Avvalgi zamonlarda odamlar bir-birlariga zarur xabarni yetkazish uchun qog‘ozga qo‘lda xat yozib jo‘natishar edi. Xalqaro pochta paydo
bo‘lgandan keyin esa xatlarni qit’alararo yo‘llash imkoni ham ochilgan. Lekin bunday usulda xat-xabar almashinish juda uzoq vaqt olgan va
maktub egasiga yetib borgunicha hatto bir necha oy kerak bo‘lgan. Ko‘pincha shunday bo‘lganki, yo‘llangan xat manzilga borgunicha, unda
bayon qilingan xabarning dolzarbligi ham yo‘qolgan.
Massachusets shtatida tug‘ilib o‘sgan Samuel Finli Morze XIX asrning birinchi yarmida Amerikada anchayin taniqli rassom bo‘lgan. U Nyu-
Yorkdagi dizayn Milliy akademiyasiga ham rahbarlik qilgan va tasviriy san’at professori sifatida Nyu-York universitetida talabalarga dars ham
bergan. Morze o‘zi tasviriy san’at bo‘yicha Angliyada tahsil olgani bois, asosan, Yevropaga xos tasviriy san’at yo‘nalishida ish olib borgan va
faoliyati davomida juda ko‘p bora Atlantika orqali Yevropaga sayohat qilib, ko‘hna qit’a rassomlari bilan tajriba almashib, doimiy aloqada
bo‘lib turgan. Ko‘rib turganingizdek, u hech qanday texnik soha vakili bo‘lmagan va asosan badiiy–tasviriy ijod bilan shug‘ullangan.
Shunday sayohatlarning birida, 1832-yilda, u Yevropada turli ixtirochilar tomonidan taqdim etilgan telegraf uskunasi haqida xabar topadi. Bu
paytga kelib Yevropaning turli nuqtalarida “ibtidoiy” telegraf uskunasi va tarmog‘i namunalari ustida ish ketayotgan edi. Masalan, 1809-yilda
Zyomering ismli nemis usta Bavariya fanlar akademiyasiga g‘alati bir ixtiro bilan kelgan bo‘lib, u tok ta’sirida elektrolitdan ajralib chiqadigan
gaz pufakchalari vositasida harakatlanadigan telegraf g‘oyasini taqdim qilgan. G‘oyaga ko‘ra, elektrolitdan ko‘tarilgan gaz telegraf
ko‘rsatkichini yuqoriga ko‘tarib, alifbodagi biror harfni ro‘parasiga keltirar edi. Zyomering telegrafida nemis alifbosiga mos 24 ta harf
qo‘llangan va shunga monand 24 ta simdan iborat o‘tkazgich qo‘llangan. Bu elektrokimyoviy jarayonga asoslangan hamda, masofadan turib
boshqarish murakkab bo‘lgan, anchayin beso‘naqay uskuna edi. Shunga qaramay, Zyomering telegrafini biz bilgan bugungi
messenjerlarning eng katta “bobokaloni” deyish mumkin. Zyomeringning bu g‘alati lekin, g‘oya jihatdan muhim ixtirosining ahamiyatini
boshqalar ham tez ilg‘ashgan. Xususan, Yoxann Shveyger ismli usta bu beso‘naqay uskunani soddalashtirish ustida ish boshlagan va atigi
ikkita sim bilan xabar yo‘llasa bo‘ladigan telegraf yasagan. Biroq, ularning telegraflari ommalashmagan va xat-xabar almashinishda qo‘llash
uchun biror shaharda tatbiq etilmagan.
Foto: Google Photos
Oradan sal o‘tib, 1820-yilda Daniyalik fizik olim Ersted elektr toki ta’sirida kompasning magnit strelkasini harakatga kelayotganini payqab
qoladi. Bundan xabar topgan uning hamkasbi Argo, aynan shu hodisadan telegraf yasash uchun foydalanish g‘oyasini o‘rtaga tashlaydi.
Ya'ni, g‘oyaga ko‘ra, elektr simga qanday kuchlanish berilganiga qarab, telegrafning ko‘rsatkich strelkasi muayyan ma’lum burchakka og‘adi
va alifbodagi biror harfga ishora qiladi. Misol uchun, 12 volt tok yuborilsa, strelka 30 darajaga og‘ishi mumkin va bu aytaylik “M” harfiga
ishora qiladi va hokazo. Shu tariqa, tarixda birinchi elektromagnit telegraf ixtiro qilingan edi. Mazkur ixtironing ilk amaliy ishlaydigan
namunasi 1835-yilda Bonn shahrida o‘tkazilgan ko‘rgazmada baron Shilling ismli shaxs tomonidan namoyish qilingan va texnika mo‘jizasi
sifatida hammaning hayratiga sabab bo‘lgan. Bonndagi ko‘rgazmada elektromagnit telegraf namunasini ko‘rib qaytgan Angliyalik Uilyam Kuk
ham Buyuk Britaniyada birinchi telegrafni yasagan va ishga tushirgan. Tarixda ilk telegraf tarmog‘i esa 1838-yilda Myunxenda ishga
tushirilgan bo‘lib, u 5 km uzunlikdagi masofada xat-xabar almashinar edi.
Ushbu yuqorida qayd etilgan telegraf uskunalari garchi o‘z davri uchun mislsiz yangilik, xabarlarni tezkorlik bilan yetkazish usuli sifatida
inqilob yasagan bo‘lsa-da, lekin ularni amalda qo‘llash ancha qiyin bo‘lgan. Birinchidan, telegrafdan xabar kelib qolsa, uni qabul qiladigan
navbatchi mutaxassis kerak bo‘lardi. Qolaversa, bu mutaxassis juda operativ ishlashi talab etilardi. Chunki, telegraf ko‘rsatkichi alifbodagi
biror harfga ishora qilib, tezda yana joyiga qaytardi va agar navbatchi o‘sha harfni ilg‘amay qolsa, xabar mazmuni o‘zgarib ketishi mumkin
edi. Garchi, ko‘rsatkich ishora qilgan harfni vaqtida payqagan taqdirda ham, navbatchi uni baribir oddiy qog‘ozga oddiy ruchka bilan yozib
olishi kerak edi. Ya’ni, bu telegraflarda jo‘natilgan matnni qabul qiladigan va qog‘ozga chop etadigan qismning o‘zi bo‘lmagan! Oddiyroq
aytadigan bo‘lsak, bu messenjerdan kelgan xabarni “saqlab qo‘yish” funksiyasi bo‘lmagan. Shu sababli ham telegraf uskunalari uchun
maxsus avtomat yozuv qurilmasi bilan jihozlash masalasi juda dolzarb bo‘lib qolgan.
Ushbu masalani esa biz hikoyamiz boshida tilga olgan rassom Samuel Morze hal qilgan. U navbatdagi Yevropa safari chog‘ida otasidan
maktub oladi. Maktubda uning xotini kasal bo‘lib qolgani haqida yozilgan edi. Tabiiyki, maktub AQShdan Yevropaga yetib kelgunicha bir oyga
yaqin vaqt ketgan. Bu vaqt ichida Morzening xotini ahvoli og‘irlashgan. U ortga qaytishga qaror qilganida esa yana bir xat kelgan. Unda
Morzening otasi mudhish xabarni yozgan edi. Ya’ni, Samuelning xotini kasallik tufayli vafot etgandi. Morze uyiga yetib kelganida esa xotini
allaqachon dafn etilgan va bunga ham bir necha hafta bo‘lgan edi. Tabiiyki, u rafiqasining so‘nggi kunlarida yonida bo‘la olmaganidan hamda
qabrga ham o‘zi qo‘ya olmaganidan qattiq iztirob chekkan.
Foto: Google Photos
Shunda, aslida hech qanday texnik malakaga ega bo‘lmagan rassom Morze xat-xabarlarni imkon qadar tezkor yo‘llash vazifasini bajaruvchi
telegraf apparatini yasashni maqsad qiladi. U Yevropa safari paytida o‘zi tanishgan telegraf loyihalarining kamchiliklari haqida ham eshitgan
edi. Shu sababli ham u tamomila o‘zgacha konstruksiyadagi telegraf yasashga kirishadi. U o‘z telegraf apparatining deyarli hamma qismini
o‘zi qo‘lda yasagan deyish mumkin. Asli texnika sohasi vakili bo‘lmagani sababli, u telegrafda qo‘llaniladigan temir o‘zakli g‘altak yasash
uchun kerakli mis simlar tayyor holda bozorda sotilishini ham bilmagan ekan. Shu sababli, u quyma shaklidagi mis bo‘lagini ustaxonada
bolg‘alab, ingichka uzun sim holiga keltirgan ekan. Elektrotexnika bo‘yicha tushunmagan va aqli yetmayotgan joylarini esa professor Genri
qalamiga mansub elektromagnit hodisalarga oid kitobdan erinmay o‘qib chiqib, o‘rgangan. Shuningdek, u o‘zi g‘oyat sezgir elektromagnit
kalit-rele ham ixtiro qilgan hamda telegraf konstruksiyasiga kiritgan. Morze relesi favqulodda sezgir maxsus elektromagnitdan iborat bo‘lib, u
eng sust, past toklarni ham payqash imkonini bergan. O‘ziga arzimas kichik tok kelsa ham rele ishga tushib, o‘ziga yaqin joyda o‘rnatilgan
batareykani zanjirga ulab bergan va shu tarzda signalni yana uzoqroq masofaga yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri telegraf apparatiga yuborilishini
ta’minlagan. Eng asosiysi esa Morze telegrafida odatiy alifboni qo‘llash o‘rniga, qisqa va uzun chiziq (dash), hamda nuqta (dot) belgilari
ketma-ketligi kombinatsiyasiga asoslangan maxsus alifbo qo‘llanilar edi. Bu belgilar telegrafga ulangan maxsus tasma ko‘rinishidagi
qog‘ozga tushirib olinar edi va keyin uni shifrdan yechilsa, yo‘llangan matn mazmuni ochilardi. Asosiysi, Morze telegrafi ixcham edi va juda
uzoq masofadagi shaharlar orasida ham tezkor xabar almashish imkonini berardi. Morze o‘zining birinchi to‘liq telegrafini 1837-yilda yasab
tugatdi va amaliyotga keng joriy qilish maqsadida hukumat vakillariga namoyish qildi. Apparat qanchalik muhim funksiya bajarmasin, uning
tayyorlanishi juda qimmatga tushardi va shu sababli ham, dastlabki paytda Morze telegrafi asosidagi telegraf tarmog‘ini qurish AQShda
hukumatning moliyaviy ko‘magisiz imkonsiz bo‘lgan. Shu sababli, 1838-yilning 8-fevral sanasida, Morze o‘z telegraf uskunasini amalda
ko‘rsatib, ommaviy taqdimot qilib bergan. Yig‘ilganlar orasida katta qiziqishga sabab bo‘lgan ushbu inqilobiy telekommunikatsiya
apparatining harbiy, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati bemisl ekanini barcha darhol anglagan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Biroq, shunda ham hukumat Morze telegraf tarmog‘ini qurish uchun mablag‘ ajratishni ancha paysalga solgan. Faqat oradan 6 yil o‘tibgina,
aniqrog‘i, 1843-yilda AQSh kongressi Morzega Vashington va Baltimor orasida tarixda ilk shaharlararo telegraf tarmog‘i qurish loyihasi uchun
30000 dollar mablag‘ ajratgan. 1844-yilning 24-may sanasida, ushbu telegraf tarmog‘i tantanali ravishda ishga tushirilgan va unda Samuel
Morzening o‘zi ilk telegramma xabarni yo‘llagan. U qisqagina bo‘lib, “Xudoyim nimalarga qodir” (what hath God wrought) degan jumladan
iborat edi (bu katta ehtimol bilan, Injildan iqtibos bo‘lsa kerak).
Foto: Google Photos
Bu loyiha Morze uchun katta muvaffaqiyat keltirdi. Hukumatdagilar mazkur ixtironing amaliy ahamiyatini nihoyat aniq tushunib yetishdi va
boshqa shtatlarni ham telegraf bilan o‘zaro bog‘lash loyihasini qo‘llab quvvatlashdi. Keyingi 4 yil ichida AQShning deyarli barcha shtatlari
markazlari o‘zaro telegraf aloqasi tarmog‘iga ega bo‘ldi.
Morze telegraf apparati juda pishiq va qulay konstruksiyalangan bo‘lib, u bilan ishlash ham oson bo‘lgan. Shu sababli, Morze telegrafi tez
orada nafaqat Amerikada, balki butun dunyoda keng ommalasha boshladi va o‘z egasiga juda katta muvaffaqiyat va daromad keltirdi. 1850-
yilda birinchi xalqaro telegraf tarmog‘i AQSh va Fransiyani o‘zaro bog‘ladi. Endi Yevropadan Amerikaga xabar yo‘llash ikki daqiqalik ish bo‘lib
qoldi. AQShda yoki Yevropada sodir bo‘lgan voqea haqida Atlantikaning narigi tarafida o‘sha kunning o‘zidayoq xabar topish mumkin bo‘ldi.
1866-yildan e’tiboran esa boshqa qit’alarni ham qamrab oluvchi telegraf tarmoqlar barpo etila boshladi. Ma’lumotlarga qaraganda, 1858-
yilda Morze o‘z ixtirosi uchun o‘nta Yevropa mamlakatidan 400 ming frank miqdorida mablag‘ qabul qilib olgan va umrining oxirigacha boy-
badavlat yashab, asosan metsenatlik va xayriya ishlari bilan shug‘ullangan. Kambag‘al rassomlar ham puldan qiynalib qolganda kimdan
yordam olishni yaxshi bilishardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |