" Biz buyuk allomalar farzandlarimiz "
Hamma oʻz tarixini ulugʻlaydi. Lekin bizning yurtimizdagidek boy oʻtmish, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq. Bu merosni chuqur oʻrganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak.
– Ha, chindan ham oʻz ilmiy kashfiyotlari bilan jahon tamadduniga bebaho hissa qoʻshgan allomalarining soni, taʼbir joiz boʻlsa, “sifati bilan” haqli ravishda faxrlana oladigan mamlakatlar, xalqlar kam uchraydi.Aksariyat taniqli Gʻarb olimlarining eʼtiroflaricha, hozirgi kunda butun jahon, ayniqsa, uning eng rivojlangan qismi mamlakatlarida foydalanilayotgan ilgʻor texnologiyalardan tortib, kundalik eng zarur isteʼmol buyumlarining dunyo yuzini koʻrishi zamirida musulmon olimlarining ilmiy kashfiyotlari yotibdi. Hozirgi zamon raqamli texnologiyalari al-Xorazmiyning algoritmlarisiz, zamonaviy tibbiyot buyuk Ibn Sinoning “Tib qonunlari”siz, arifmetika, matematika, astronomiya, maʼdanshunoslik Beruniy dahosi yaratgan asarlarsiz, fazo astronomiyasi Fargʻoniy hamda Mirzo Ulugʻbekning mashaqqatli mehnatlarisiz hozirgi darajaga yetmagan, yeta olmagan boʻlardi. Qolaversa, sovun, qalam, gul yogʻi, hammom, kanalizatsiya kabi oddiy va muhim ashyolar ham ilk Musulmon renessansi paytida kashf qilindi hamda Ispaniya orqali va tijorat yoʻli bilan Yevropa va dunyo mamlakatlariga tarqaldi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari qatorida Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish ham Prezidentimizning shaxsiy tashabbusi va ahamiyati hamda koʻlami boʻyicha milliy loyiha deb atalishga toʻla haqli. Davlatimiz rahbarining markaz qurilishiga tashrif buyurishi, loyihaning amalga oshirilishi jarayoni bilan tanishishi, oʻz maslahatlari va tavsiyalarini berishi xayrli anʼanaga aylangan. Oʻtgan ikki yil ichida ham bino qurilishida, ham Islom sivilizatsiyasi markazining muzeyi va kutubxonasini shakllantirishda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Muzeyimiz uchun qabul qilingan eksponatlar mamlakatimiz hududida Islom dini hali tarqamasdan avval ham buyuk sivilizatsiyalar mavjud boʻlganini tasdiqlamoqda. Chindan ham Sarmishsoy qoyatosh suratlari (petrogliflar), Afrosiyob yodgorliklari, Qoʻy qirilgan qalʼa, Ayritom frizlari, Mugʻ togʻidan topilgan yozma manbalar, Kushon sivilizatsiyasi va boshqa yodgorliklar, shuningdek, yozma manbalar ham aynan keng maʼnoda olingan Markaziy Osiyoda Birinchi Islom uygʻonish (yoki maʼrifat) asri uchun poydevor yurtimizga islom dini kelishidan ancha oldin qoʻyilganini tasdiqlaydi.Shuningdek, umumiy soni 1000 dan oshgan qoʻlyozma va toshbosma asarlar shuni koʻrsatmoqdaki, jangovar ateizm deb atalgan va arabiy yozuvdagi har qanday manbalar taqiq ostiga olingan davrlarda ham xalqimiz ularni saqlab qola olgan. Kutubxonamizga qabul qilingan yangi manbalar orasida ulugʻ shoir va mutafakkir Abdurahmon Jomiy 1492-yilda oʻz qoʻli bilan koʻchirgan “Al-Qofiyaga sharh” asari, 1000 hijriy yilda oʻta nafis yozuvda jamlangan Qurʼoni karim qoʻlyozmasi, Zayn al-Din Jurjoniyning (1040-1136) tibbiyotga bagʻishlangan “Xorazmshohlar xazinasi”, Xiva xoni Muhammad Rahimxon 2 – Feruzning oʻzi hayotligida koʻchirilgan devoni va islomshunoslik, falsafa, fiqhga oid boshqa koʻlab asarlar bor. Ayni paytda bu asarlar mutaxassislar tomonidan jiddiy oʻrganilyapti. Shuningdek, tarjimonlarimiz Feruz gʻazallarini hozirgi oʻzbek tiliga oʻgirishmoqda. Jahon maʼnaviy-maʼrifiy maydonida Istanbuldagi Toʻpqopi muzeyi, Ibn Xoldun universiteti, Istanbul Islom tadqiqotlari markazi, Fransiya islom markazi, Oksford islom tadqiqotlari markazi kabi xalqaro tashkilotlarning nufuzi juda baland.
Do'stlaringiz bilan baham: |