Bismillahir rohmonir rohiym



Download 72.5 Kb.
Sana08.09.2021
Hajmi72.5 Kb.

BISMILLAHIR ROHMONIR ROHIYM

Adabiyot – tubsiz bir ummon! Haqiqiy badiiy asar chegara, hudud bilmaydi, vaqt, zamon tanlamaydi. Asrlar davomida o‘qib kelinayotgan, yillar davomida tahlildan tushmagan “Qaro ko‘zum” g‘azali buning yorqin misolidir.

Hazrat Alisher Navoiy muxlislari tomonidan tuzilgan “Ilk devon”da 7 baytdan iborat deb ko‘rsatilgan mazkur g‘azalni Navoiyning o‘zi tartib bergan “Xazoyin ul-maoniy” to‘plamida 8 bayt holatida uchratamiz. Ustoz Abdulla A’zamov “Nazmning yettinchi osmoni” maqolasida Alisher Navoiyning mazkur g‘azalidan boshqa barcha g‘azallari ushbu to‘plamda toq holatda, faqat shu g‘azalgina juft holatda kelishini ta’kidlaydi va mazkur g‘azal to‘g‘risida quyidagi fikrlarni keltiradi: “Gʻazal ilhomning bir epkini bilan tugʻilgan va shu holatda qogʻozga bitilgan; unga turtki bergan hodisa Navoiy uchun aziz xotirot boʻlgan boʻlsa kerak, toʻqqiz baytga toʻldirishni lozim topmagan”1.

O‘zbek adabiyotida ushbu g‘azal tahlili manbalarga ko‘ra 1975-yildan boshlangan deb qaraladi va bugungi kungacha 150 sahifadan ortadi2. Ammo ulardagi talqinni to‘laqonli deb bo‘lmaydi. Biz ham ushbu maqolamizda Hazrat Navoiyning mazkur g‘azalini tahlil qilishga urinib ko‘rmoqchi bo‘ldik.

Ma’lumki, mumtoz adabiyotda, xususan, Navoiy asarlarida vazn alohida ahamiyat kasb etadi. Vazn orqali she’rning ohangdorligi ortadi hamda mazmunning tez va oson anglashinishi osonlashadi. “Qaro ko‘zum” g‘azali vazni Boburning “Risolayi aruz” asarida ikki xil shakl qo‘llaniladi. Bundan anglashiladiki, g‘azal mazmuni ham bitta tahlildan iborat emas. Biz ham salohiyatimiz, idrokimiz, aqlimiz yetganicha ushbu g‘azalning ma’nolarini ochiqlashga harakat qildik. G‘azal tahlili jarayonid kamchiliklar bo‘lsa, kaminadan, sizga manzur bo‘ladigan jihat bo‘lsa, Navoiyning buyukligidan deb bilasiz.

Qaro ko‘zum, kel-u mardumlug‘ emdi fan qilg‘il,

Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.

Baytda bugungi kunda tushunilishi qiyin so‘zlar mavjud.

“Mardum” ikki xil ma’noda qo’llaniladi­: 1) odam, 2) qorachiq.

“Fan qilg‘il” – odat qilgin.

Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida ishqni uch turga ajratadi: 1) Avom ishqi; 2) Xos ishq; 3) Siddiqlar ishqi. Shunday ekan, ushbu g‘azalni ham o‘quvchining saviyasiga qarab turlicha tahlil qilish mumkin. Avomga xos xususiyatda oshiqning turmush o‘rtog‘iga aytgan so‘zi sifatida ko‘rish mumkin: “Ey qora ko‘z kabi aziz yorim, kel-da, odamgarchilik qilib, uyga qayt, ko‘zim oldida odamlar kabi yashagin”.

Xos ishq shaklida esa yor obrazi do‘st, pir, Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. yoki Alloh bo‘lishi mumkin. Bunda oshiqning tariqatdagi darajasi muhim o‘rin tutadi. Biz bevosita yorni Alloh jamoli deya ta’riflaymiz. Abdulla Ansoriy aytadiki: Alloh taolo o‘zini ko‘rishni istadi va o‘n sakkiz ming olamni yaratdi. Shunday ekan, o‘n sakkiz ming olamda Allohning tajalliysi bor, shuning uchun Mansur Xalloj “Anal Haq” – “Men Haqman” (Allohning tajalliysi menda bor) dedi. Bu darajaga yetish uchun kishi Ahmad Yassaviy takidlaganidek, shariat, tariqat, ma’rifat, haqiqat bosqichlarini o‘tishi kerak. Ya’ni inson tashqi menini yo‘qotib, ichki menini yuzaga chiqarishi lozim.

Alloh taolo insonni to‘rt unsurdan yaratdi va unga jon berdi, shu bilan birga insonning qalbiga o‘z tilsimini yashirdi. Shunday ekan, jon va qalb omonat. Bir kuni u kullga – butunga qaytadi. Biz esa tanimizda jonimiz bor ekan, qalbimizdagi Yaratganning tilsimini ochishga urinishimiz lozim. Tilsimni ochish yo‘llarini ham Allohning O‘zi payg‘ambarlar hayoti orqali ko‘rsatgan, kitoblar vositasida bayon qilgan. Zero qalbga sayohat o‘n sakkiz ming olamga sayohatdan ham yuksakroq va ulug‘loqdir.

G‘azaldagi oshiq ham tariqatdagi kishi. U o‘zining qora ko‘zidan – tashqi menidan vos kechishni xohlaydi hamda ichki meni orqali dunyoni ko‘rmoqchi bo‘ladi. Demak, Navoiy ta’biricha, Haqqa yetishishda, avvalo, ko‘zni asrash lozimligi uqtiriladi. Baytning ma’nosini quyidagicha tushunish mumkin: “Ey qaro ko‘zum, kel, qorachiqligingni kasb qil, ko‘zimning qorasida qorachiq kabi joylanginki, dunyoni sen orqali ko‘rayin”. Bunda oshiq o‘z ko‘zidan vos kechib, yorning bir sifati qorachiqlik odatini talab qilyaptiki, yorning qorachiqlik odati oshiqning ko‘zidan joy olsin va oshiq dunyoni yor orqali tomosha qilsin. Navoiy kishilarni Allohning buyurganlarini bajarib, qaytarganlarini bajarmaslikka undamoqda.

E’tibor beradigan bo‘lsak, g‘azaldagi har bir bayt ma’lum bir hunar, kasbga aloqador va bu kasblar bevosita Yaratganning sifatlari bilan bog‘liq. Birinchi baytda hunarmandlik haqida so‘z boradi. Ya’ni qorachiq yasash va uni o‘rnatish hunarmandchilik balan bog‘liq. Ammo bu qorachiqni yasash insonga xos emas. Negaki yasalgan qorachiq ko‘zga joylanib, dunyoni ko‘rishi faqatgina buyuk Mavlo Alloh taologa xos sifatdir.

Yuzung guliga ko‘ngil ravzasin yasa gulshan,

Qading niholiga jon gulshanin chaman qilg‘il.

Oshiq yor uchun, yor timsolida Haq jamoli uchun birinchi baytda ko‘zini bag‘ishlagan bo‘lsa, ikkinchi baytda qalbini va jonini fido qildi. Gul yuz deganda chiroyli bir kishini ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin. Ammo mutloq husn faqat Allohga xos. Husn go‘zalligidan ko‘ra qalb go‘zalligi ustun turadi. Negaki, unda Allohning tilsimi yashiringan. Baytning nasriy bayonini quyidagicha aytish mumkin: “Ey yor, yuzingni go‘zallashtirish uchun gul kerak ekan, mening ko‘ngil bog‘imdan gulshan yasa. Qading go‘zalligi uchun esa, jonim gulshanini chaman qil”. Jon (چان) so‘zida alif ( ا ) o‘rtada keladi. Alif esa mumtoz adabiyotda yorning qaddiga o‘xshatiladi. Oshiq yorga qalbi bilan birga butun vujudini – jonini baxshida etadi.

Navoiy ta’biricha, Haqqa yetish uchun ko‘zdan so‘ng, qalbni tarbiyalashga o‘tiladi va butun joni, vujudi bilan Allohdan boshqa narsani bilmaydigan bo‘ladi. O‘n sakkiz ming olamda Allohning tajallisini ko‘ra olgan murid qalbida go‘zallik paydo bo‘ladi. Tilida aytilgan zikr qalbi orqali butun vujudi bo‘ylab tarqaladi va butun vujun Alloh zikri bilan band bo‘ladi.

Ushbu baytda gulchilik bilan bog‘liq kasbni ko‘rishimiz mumkin. Bilamizki, o‘n sakkiz ming olam ichida eng go‘zal narsa sifatida gul e’tirof etiladi. Gulga go‘zallikni baxsh etgan buyuk gulchi ham faqat va faqat Allohning o‘zidir.

Takovaringg‘a bag‘ir qonidin hino bog‘la,

Itingg‘a g‘amzada jon rishtasin rasan qilg‘il.

Baytdagi tushunilishi qiyin so‘zlar “takovar” – “yugurik ot”, “g‘amza” – “ayriliq”, “rishta – ip”, “rasan” – “arqon” ma’nosida qo‘llangan.

Islom dinimizda, asosan, bayramlarda hino qo‘yiladi. Hino qo‘ygandan so‘ng, uni endirish uchun ma’lum vaqt harakatdan to‘xtaladi. Hino engach, qizil rang hosil bo‘ladi. Bag‘ir qoni bilan hino rangi o‘xshash. Birinchi misrada yor yugurik otini minib sayrga chiqadi. (Sayrga so’zini taxminiy oldik). Yorning sayrga chiqishi esa oshiq uchun bayram. Oshiq yorning yugurik otini sekinroq yurishi uchun otning oyog‘iga hino bog‘lashni lozim ko‘radi. Hinoni esa bag‘ir qonidan bo‘lishini xohlaydi. Yorning oti oyog‘iga oshiqning bag‘ir qonidan qo‘yilgan hino tufayli sekinroq yursa-yu, oshiq ot ustidagi yorni ko‘rib qolsa, ne ajab.

Ushbu misrada takovarni Payg’ambarimiz Muhammad s.a.v.ni Me’rojga olib chiqqan Buroq oti, ot ustidagi yorni esa Payg’ambarimiz Muhammad s.a.v. deb tushunsak ham maqsadga muvofiq bo’ladi. Negaki, Payg’ambarimizni ko’rishga mushtoq qalblar ko’p.

Oshiq yoridan uzoqda – ayriliqda. Yorga eng yaqin jonzot sifatida mumtoz adabiyotda it ko‘rsatiladi. Oshiq yorning ayrilig‘idan ko‘ra jon tomirlaridan arqon yasab, itning bo‘yniga bog‘lasa-yu, oshiq yor itini olib yurganida hech bo‘lmasa, jon tomiri orqali yorga yaqin bo‘lsa. U shunga ham rozi. Bunga “Alloh jon tomiringizdan ham yaqinroqdir” hadisi yorqin misol bo‘la oladi.

Ushbu baytda oshiq yor uchun bag‘ir qoni va butun tomirlarini baxshida etdi.

Navoiy ushbu bayt orqali Haqqa yetishishda inson tanasidagi tomirlar va undagi qonlar ham toza bo‘lishi hamda zikr aytishi lozim deb ko‘rsatadi.

Mazkur baytda ovchilik kasbi bilan bog‘liq hodisalar aks etgan.

Firoq tog‘ida topilsa tufrog‘im, ey charx,

Xamir etib yana ul tog‘da ko‘hkan qilg‘il.

Yuqoridagi baytlarda oshiq yor uchun ko‘zini, qalbini, jonini, hayot ufurib turgan qoni-yu, tomirlarini ham baxshida etdi. Endi esa faqat yerning haqi qoldi, ya’ni jissmning o‘zi yerga kirdi. Oshiq yorning hajrida, firog‘ida bu dunyoni tark etdi.

Mazkur baytda iymonning shartlaridan biri bo‘lgan qayta tirilishga ishora mavjud. Ya’ni Mahshar kuni barcha insonlar qayta tirilib, savol-javob maydoniga yig‘iladi. Kimdirning savobi ko‘p bo‘lsa, Jannatga, gunohi ko‘p bo‘lsa, Do‘zaxga tushadi. Oshiq iltijosi esa butkul boshqacha. U Jannat yoki Do’zaxni istamaydi, bevosita yaratganning o’zi – Kullni istaydi. Ya’ni “Ey charx – aylanuvchi falak, Mahshar kuni mening tuprog‘imni ayriliq tog‘idan topasan. Meni Mahshar maydonida qayta tiriltirganingda, meni yana oshiq qilib yaratgin. Menga Jannat yoki Do‘zaxni bermagin, balki Farhoddek yana o‘sha tog‘da tosh yo‘nuvchi – Farhod kabi oshiq qilgin”. Bundan anglashiladiki, juzv Kullga, qism butunga intilmoqda.

Ushbu baytda toshyo‘nuvchilik kasbi haqida gap boradi.

Yuzung visolig‘a yetsun desang ko‘ngullarni,

Sochingni boshdin-ayog‘ chin ila shikan qilg‘il.

Iymonning shartlaridan birinchisi Allohga ishonish. Tariqat bosqichlaridan biri esa Allohga tavakkul qilish. Tavakkulda inson biror ishda ma’lum bir natijaga erishish uchun harakat qiladi va Allohga tavakkal qiladi. Agar ishi o‘xshamasa, Alloh xohlamadi, deydi, agar natijaga erishsa, Alloh xohlagani uchun deydi. Ushbu baytda ham oshiq Yor vasliga yetish ishtiyoqida. Qism butunga qo‘shilish harakatida. Buning uchun Alloh xohlashi kerak. “Ey yor, men oshig‘ing ko‘nglini Yuzingning visoliga yetishini xohlasang, sochingni boshdan oyog‘inggacha arab tilidagi chin ( چ) harfi kabi shikan – jingalak qilgin”. Jingalak sochning oddiy sochga nisbatan mazkur xususiyati kuchliroq va jozibasi ortiqroq bo‘ladi. Bunda jingalakka ilinish, osilish imkoniyati ko‘pligi ham nazarda tutilgan. Buning yana bir ma’no jihati bor. Soch maqsadga erishish yo‘llarini bildirar ekan, jingalaklik chigallik va qiyinlikni anglatadi. Yo‘l azobi qancha ortiq bo‘lsa, maqsadga erishish rohati shuncha lazzatliroq bo‘ladi.

Yana bir jihatdan sochni Mahshar maydonidagi qilko‘prikka ham qiyoslash mumkin. Qilko‘prikdan o‘tgan kishigina baxt-saodatga erishishi mumkin. Qilko‘prikdan o‘tolmaganlar esa Do‘zaxga yiqilishi mumkin.

Ushbu baytda sartaroshlik kasbi haqida gap boradi.

Xazon sipohiga, ey bog‘bon, emas mone’

Bu bog‘ tomida gar ignadin tikan qilg‘il.

Mazkur baytda aynan Mahshar maydonidagi vaziyat qalamga bo‘lsa ajab emas. Ya’ni Qiyomat kuni hammaning savob va gunohlari hisob qilinadigan payt. Ushbu vaqtda insonlar yana ko‘proq savob qilish umidida hayotga qaytishni xohlamasin, buyuk Yaratuvchi tomonidan unga berilgan imkoniyat tugagan bo‘ladi. Ya’ni “Ey bog‘bon – inson! Agar ignadan tikan qilib bog‘ yaratmoqchi bo‘lsang ham, Allohdan berilayotgan xazon lashkarlariga qarshilik qila olmaysan”. Ya’ni savob qilmoqchi bo‘lib yana umringni uzaytira olmaysan. Qiyomat keldi, savol-javob vaqti bo‘ldi. Endi kech, demoqchi.

Ushbu baytda bog‘dorchilik kasbi haqida gap borgan.

Yuzida terni ko‘rub o‘lsam, ey rafiq, meni

Gulob ila yuv-u, gul bargidin kafan qilg‘il.

Mazkur baytda juzvning Kullga birikishini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Yor obrazi yuqoridagi baytlarda “Qora ko‘z”, “Gul yuz” kabi iboralar orqali ifodalangan bo‘lsa, ushbu baytda “Rafiq” deb atalgan. Negaki, islom dinida inson vafot etgach, mayitni yuvish va kafanlash, asosan, erkak kishilar, shuningdek, eng yaqin do‘stlar zimmasida bo‘ladi. “Yorning yuzidagi terni ko‘rib o‘lish men – oshiqqa nasib qilsa, ey do‘stim, o‘sha gul yuzdagi gulob bilan yuvginda, o‘sha gul yuzdagi gul bilan kafanlagin”.

Ushbu baytda g‘assol kasbi haqida fikr yuritilgan.

Navoiy, anjumani shavq jon aro tuzsang,

Aning boshog‘lig‘ o‘qin sham'i anjuman qilg‘il

Navoiy ­– oshiq va u Yor – Allohga oshiqlar orasida ham eng yuksagi bo‘lishini xohlaydi. “Ey Alloh, agar oshiqlaringni bir joyga yig‘sang, men xasta Navoiy – Sening ishqingda navo qiluvchi oshig‘ingni o‘sha anjumanning sham’i qilginki, barcha oshiqlaring uchun men namuna bo‘la olay”. Mazkur baytda Navoiy barcha oshiqlar uchun o‘zini sham kabi oshiqlar yo‘lini yorituvchi qilib yaratishini Yaratgandan so‘raydi.

Ushbu baytda chirog‘bon kasbi haqida gap boradi.

Hazrat Alisher Navoiy asarlarini o‘rganish, tahlil qilish bu bilan ham tugab qolmaydi. Yillar davomida asarning yangi qirralari kashf etilaveradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1. Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami. 2-jild. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi. 2013.

2. Najmiddin Komilov. Ma’nolar olamiga safar. Tamaddun, 2012.

3. A. Aʼzamov. Nazmning yettinchi osmoni. “Jahon adabiyoti”, 2004-yil, fevral soni. 162-bet.



4. N. Jumaxoʻja. Mashhur g‘azal tahlillari tadqiqi. “Sharq yulduzi” jurnali, 2016-yil, 3-son.



1 A. Aʼzamov. Nazmning yettinchi osmoni. “Jahon adabiyoti” jurnali, 2004-yil, fevral soni. 162-bet.

2 N. Jumaxoʻja. Mashhur g‘azal tahlillari tadqiqi. “Sharq yulduzi” jurnali, 2016-yil, 3-son.

Download 72.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa
davlat universiteti
ta’lim vazirligi
maxsus ta’lim
O’zbekiston respublikasi
zbekiston respublikasi
axborot texnologiyalari
o’rta maxsus
guruh talabasi
nomidagi toshkent
davlat pedagogika
texnologiyalari universiteti
xorazmiy nomidagi
toshkent axborot
pedagogika instituti
haqida tushuncha
rivojlantirish vazirligi
toshkent davlat
Toshkent davlat
vazirligi toshkent
tashkil etish
matematika fakulteti
ta’limi vazirligi
samarqand davlat
kommunikatsiyalarini rivojlantirish
bilan ishlash
pedagogika universiteti
vazirligi muhammad
fanining predmeti
Darsning maqsadi
o’rta ta’lim
navoiy nomidagi
haqida umumiy
Ishdan maqsad
moliya instituti
fizika matematika
nomidagi samarqand
sinflar uchun
fanlar fakulteti
Nizomiy nomidagi
maxsus ta'lim
Ўзбекистон республикаси
ta'lim vazirligi
universiteti fizika
umumiy o’rta
Referat mavzu
respublikasi axborot
таълим вазирлиги
махсус таълим
Alisher navoiy
Toshkent axborot
Buxoro davlat