Jurnalist vs Bloger: Kim u, nima u?
BAHODIRXON ELIBOYEV29.10.2019 16:511236KOLUMNISTLAR
Farg‘onaga tashrif buyurgan katta avlod jurnalistlari, ya’ni ustoz jurnalistlarimizni ko‘rolmay qolganimdan rostdan afsuslandim. Balki meni ham taklif qilishganida edi, borardim, savol-javobni qizitishga hissamni qo‘shgan bo‘lardim. G‘animat ustozlardan foydalanish yaxshi-da.
Endi Press-klubda tilga olingan "an’anaviy jurnalistika va blogerlar" masalasida bir necha yillar oldin fikrimni qisqacha aytib qo‘yganman. Shu fikrni ozgina ochib beray.
Hozirgi blogerlik deb atalayotgan mashg‘ulot bu jurnalistikada hisobga olingan. Buni "Sariq Matbuot" deb atashadi. "Yellow Press" deyishadi G‘arbda.
Sariq mabuot iborasi so‘zma-so‘z tarjima qilingan. Aslida "tuturuqsiz matbuot" deyiladi. "Bulvarnaya Pressa" ham deyishadi. Tuturuq yo‘q hisobi.
Sariq matbuotning nazariyada o‘rgatishgan ayrim jihatlarini eslaymiz:
- arzon narxdagi axborotlar;
- mish-mish yoki duv-duv gaplarga asoslangan axborotlar;
- janjalli axborotlar;
- tekshirilmagan axborotlar;
- mashhurlar hayotiga bog‘liq voqea-hodisalardan iborat axborotlar;
Sariq matbuot mana shu sanab o‘tilgan omillar bilan doim gullab yashnab yurgan. Endilikda elektron matbuotning sarig‘ini - blogerlik deb aytyapmiz. Facebook aynan shunga asoslangan. Agar shu axborotlarda rasmlar ko‘proq bo‘lsa, unda buni "Tabloid" deyishadi. Tabloid vazifasida esa Instagram samarali ishlayapti.
Shuning uchun blogerlikni zamonaviy deyish unchayam to‘g‘ri emas. Sariq matbuotning elektron ko‘rinishi deb qaralsa kifoya. Buni har bir professional jurnalist tushunib turadi. Sariq matbuotning asosiy maqsadi auditoriyani ko‘proq jalb qilish va shu orqali pul ishlash. Boshqa hech narsa emas.
Shaxsan men Sariq matbuotdan hech qachon xavotirga tushmaganman. Chunki tushunaman matbuotning bu turi qanday ishlashini. Hatto o‘zim ham shunday gazeta ochib ko‘rganman. U paytda ijtimoiy tarmoqlar yo‘q edi va Tabloid ilk sonidan keyin yopilgan edi. :)
Sariq matbuot haqida gapirilganda, AQSh tarixida ilk bor "sariq bola" hayoti haqida gapirilsa, Rossiya tarixida "Kopeyka" gazetasi eslanadi. Lekin umumiy jihati shundaki, axborotlar aholining quyi qatlamiga mo‘ljallanganligidir.
Bu yo‘nalishda ishovchilar axborotni 3 ta "S" qoidasiga ko‘ra sinflantirganlar. Har holda bizga jurnalistikada shuni o‘rgatishgan:
1. Sex! Ishqiy munosabatlarga asoslangan axborotlar. Sizga Andijon hokimi haqidagi gaplarni aytish shart emasdir? Geylarning murojaati ham shu turga kiradi. Yoki liftdagi hofizning ishi ham sex-newsga misol bo‘ladi.
2. Sensation! Bu turdagi axborotlar ko‘proq shov-shuvga sabab bo‘ladi. Fermerlarning ariqqa tushishi, DAN xodimining syomkalari va hokazo heshteglar orqali tarqalgan axborot turlari bunga misol bo‘ladi.
3. Suicide! Suiqasdga asoslangan shov-shuvli xabarlar ham sariq matbuot sirasiga kirib ketadi. O‘qituvchi Diana o‘limi, talaba Jasur Ibrohimov o‘limi, yonib ketibdi, pichoqlab ketibdi, o‘ldirib ketishibdi va hokazo xabarlar bunga misoldir.
Ko‘rib turganingizdek, Sariq Matbuot dunyoda allaqachon o‘z o‘rniga ega bo‘lishga ulgurgan. Sariq matbuotning eng ko‘p foydalanadigan "qartasi" matndan o‘ziga keraklisini olish usulidir. Bunda uni yolg‘onchiga chiqarolmaysiz. Chunki kesib olingan bo‘lsa ham o‘sha gap aytilgan va yolg‘on emas. Shu tomondan ularni mahkamaga ham tortolmaysiz.
Lekin jiddiy odamlar hech qachon Sariq matbuotni hisobga olmaydilar. Ular jurnalistika nima bilan shug‘ullanayotganiga qiziqadilar. Siyosatda yoki biznesda jiddiy yutuqlarga erishgan ko‘plab odamlarning doimiy o‘qiydigan mualliflari bo‘ladi. Ular Sariq matbuotdagi sensatsion materiallar shunchaki, ommaning o‘ziga xos ermagi ekanligini yaxshi tushunadilar. Chunki shov-shuvli xabarlar uzoq davom etmaydi. Bugungisidan bexabar qolsa, keyingisi kelishini biladi. Jurnalistlar esa, axborot bilan birga ma’rifatli mavzularni ham berib boradilar. Bir narsa olasiz.
Keksa avlod - ustoz jurnalistlarimiz jamiyatning Sariq matbuot darajasiga tushib qolganligidan qayg‘urayotgani tushunarli. Buni press-klub ruhiyatidan sezdim. Lekin bir tomondan "qo‘rquv" so‘zini "mas’uliyat" so‘zi ortiga berkitish yaxshi emas. Blogerlik, ya’ni elektron sariq matbuot ham jurnalistikadir. Faqat bu bilan asl blogerlikni adashtirmaslik kerak. Chunki blogerlik bu o‘z sarguzashtlarini yozib borishdir. Shu nuqtai nazardan har kim bloger bo‘la oladi. Lekin tuturuqsiz matbuotga qo‘l urdimi, endi u o‘zini bloger demasligi kerak. Sariq matbuot vakiliman desa, ko‘proq yarashadi.
5 mingta o‘quvchimdan 4 mingtasi shunchaki o‘qiydi. 4 mingdan ziyod auditoriya axborotni saralashni biroz o‘rganib olsa, foydadan holi bo‘lmasdi. Ayrim 50 tachasi bloggerlik bilan shug‘ullanadi. Kundalik post qo‘yguvchi do‘stlarim ham, aslida nima ish bilan shug‘ullanayotganlarini bemalol shu maqoladan keyin tushunib olsalar ajabmas.
Do'stlaringiz bilan baham: |