- Ayni paytda Afrika qit’asi janubidagi qurg‘oqchilik tufayli mintaqada 14 million kishi ochlik girdobiga tortilishi mumkin. Bunga o‘tgan yili hosildorlikning kamayib ketishi va El-Nino deb nomlanmish tabiat ko‘rinishi sabab bo‘ldi. BMTning Jahon oziq-ovqat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil ham mintaqada kuchli qurg‘oqchilik yuz berishi ehtimoli bor.
- Afrika Taraqqiyot banki e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, ayni kunda Afrika aholisining to‘rtdan bir qismi to‘yib ovqat yemaslikdan aziyat chekmoqda. BMT Jahon oziq-ovqat tashkiloti mazkur mintaqada kuzatilayotgan oziq-ovqat xavfsizligining bugungi vaziyatidan xavotirga tushayotganini bildirdi. Mintaqada ekin ekish ishlari deyarli yakunlanganligiga qaramay hosil mo‘l bo‘lishiga shubha bor. O‘tgan yili yomg‘ir kam yoqqani bois Malavida aholining 2,8 millioni ochlik yoqasiga kelib qoldi.
- Ayni chog‘da Madagaskarda 1,9 million, Zimbabveda 1,5 million kishi ocharchilikdan aziyat chekmoqda. Lesoto hukumati qurg‘oqchilik sababli o‘tgan yilning dekabr oyida favqulodda holat joriy etishga majbur bo‘ldi. Oziq-ovqat taqchilligi borasida Angola, Mozambik va Svazilend hukumatlari ham o‘z tashvishini bildirmoqda. Vaziyatni tahlil qilgan Jahon oziq-ovqat tashkiloti mintaqadagi holat o‘ta tashvishli ekanini bildirmoqda.
- Olimlarning aytishicha, 2015 yilning o‘n oyida sayyoramizda harorat XIX asr boshlariga nisbatan 1,02 daraja issiq bo‘lgan. Olimlar bir ovozdan insonlarning faoliyati — neft, gaz va ko‘mir yoqilishi “parnik effekti”ni keltirib chiqarayotganini va havo haroratining ko‘tarilishiga sabab bo‘layotganini aytishmoqda. Ekspertlar so‘nggi o‘ttiz yilda eng ko‘p parnik gazi chiqarilganini ma’lum qildilar.
- Agar hukumatlar atrof-muhit muhofazasi bilan jiddiy shug‘ullanmaydigan bo‘lsa, u holda 2100 yilga borib, sayyoramizda havo harorati 3,7-4,8 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Iqlimshunoslar harorat 2 darajadan oshganidan so‘ng ekologiya xavf ostida qolishidan ogohlantirib kelishadi. Iqlim muammolariga e’tiborni qaratish maqsadida BMT munozaralarga nafaqat siyosatchilar va olimlarni, balki taniqli kishilarni, jumladan, kino va sanat yulduzlarini ham jalb qilishga qaror qildi.
- Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni sayyoramizning turli mintaqalarida kuzatilayotgan noodatiy yog‘ingarchilik, qorbo‘ronlari, o‘rmon yong‘inlari kabi hodisalarni o‘rgangan amerikalik olimlar isbotlashdi.
- Iqlim o‘zgarishidan keladigan talafotlarni kamaytirsh uchun insoniyat o‘z faoliyatining barcha sohalarida, jumladan, sog‘liqni saqlash, qishloq ho‘jaligi va boshqa infratuzilmalarda rejali ish olib borishi lozim.
- Iqlim o‘zgarishiga qarshi har bir davlat o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda kurash olib boradi. Masalan, Gollandiya va Bangladesh bir xil muammolar bilan to‘qnash kelmoqda. Har ikki mamlakatda okean sathining ko‘tarilishi tufayli muntazam bo‘ron va to‘fonlar bo‘lib turibdi. Gollandiya to‘g‘on qurish orqali xavfga qarshi kurashadi. Bangladesh esa mablag‘ yo‘qligi sabab bu ishni qila olmaydi. Mazkur mamlakatning xavfli hududlarida 100 millionga yaqin kishi istiqomat qiladi.
- Olimlarning fikricha, havo darajasini 2°C ushlab turish uchun 2050 yilga qadar mamlakatlar parnik gazlarini chiqarishni 1990 yilgi darajaga tushirishi kerak. XXI asr oxiriga qadar esa bu raqam nolga tushishi kerak.
- XXII asrga borib bahor va kuz tarixdan o‘rin olishi mumkin, degan qo‘rquvlar ham bor. Biroq eng dahshatli muammo oziq-ovqat yetishmovchiligidir. 2050 yilga borib g‘alla hosili 25 foizga kamayib ketadi. Iqlim o‘zgarishi davlatlar o‘rtasida qurolli mojarolarga sabab bo‘ladi. Bu kabi mojarolarda, asosan, kambag‘al davlatlar ziyon ko‘radi. Biroq qurg‘oqchilik va suv toshqinlari rivojlangan davlatlar iqtisodiyotiga katta zarar yetkazadi. Bularning barchasi tabiatni asrash borasida zudlik bilan zaruriy chora-tadbirlar ko‘rishni, bu borada barcha hukumatlar yakdillikni namoyon etishini taqozo qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |