Sharipov Z.S AQSh moliya tizimi mamlakat ichida va xalqaro maydonda moliyaviy operatsiyalarni amalga oshiruvchi davlat organlari, banklar hamda korporatsiyalardan tashkil topgan. Soha yalpi daromadi mamlakat YaIM nisbatan 429.3% ni tashkil qiladi (virtual iqtisodiyot- fond bozorlari daromadlari judayam katta)[1]. Ushbu sohaning asosiy harakatlantiruvchisi mamlakatning Markaziy Banki hisoblanmish Federal Rezerv Sistemasi (FRS) hisoblanadi. Bundan tashqari, AQSh davlat budjetidagi o`zgarishlar ham mamlakat moliya sohasiga sezilarli ta`sir ko`rsatadi: davlat xarajatlarining sohaga yo`naltirilishi bevosita firma va korporatsiyalar, banklar hamda davlat muassasalarining moliya bozorlaridagi holatini o`zgartirib yuboradi. Mamlakat moliya sohasining rivojlanishi XX asr boshlariga to`g`ri keladi. 1913-yilda AQSH Kongressida FRS ni tashkil qilish haqida qaror qabul qilindi va u mamlakat pul-kredit siyosatining boshqaruvchisi, ya`ni mamlakat Markaziy Banki maqomiga ega bo`ldi. Qonunga ko`ra, FRS boshqaruvchilar kengashi tarkibiga AQSH Prezidenti tomonidan 14 yil muddatga tayinlanadigan 7 ta a`zo kiradi[2]. Bunday uzoq muddat barqarorlik, izchillik va mustaqillikni ta`minlashi kerakligi aytiladi, lekin a`zolarning juda kam qismigina ushbu muddatni to`liq o`tkazishadi. 2006-yildan buyon FRS Raisi Ben Bernanke hisoblanadi. FRS ning nafaqat AQSH, balki butun jahon moliya sohasidagi o`rni beqiyos, ta`siri juda sezilarlidir. Mamlakatning Markaziy Banki sifatida FRS tijorat banklariga kreditlar beradi, hisob stavkasini, rezerv hajmini o`rnatadi, mamlakatning pul-kredit siyosatini ta`minlaydi, tijorat banklarining faoliyatini hamda ochiq bozordagi pul massasini nazorat qiladi, davlat qimmatbaho qog`ozlari bo`yicha operatsiyalarni jahon bozorlarida amalga oshiradi. Masalan, Buyuk Depressiya, 1933-35 yillar mobaynida T. Ruzvelt o`z islohotlarini moliya tizimida o`zgartirishlar qilishdan boshladi va FRS yordamida hisob stavkasini tushirdi, imtiyozli kreditlar berdi(pul-kredit va budjet-soliq siyosati). 2008-yilgi moliyaviy inqiroz davrida ham FRS mamlakat moliya sohasini jonlashtirishda asosiy rolni o`ynadi. AQSH valyutasi dollarni bosib chiqarish ham FRS zimmasida ekanligini hisobga olsak, valyuta hajmini oshirish yoki kamaytirish orqali jahon bozoriga o`z ta`sirini o`tkazishi mumkin. AQSH moliya tizimini fond birjalari va fond bozorlarisiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Davlat va xususiy sektor qimmatbaho qog`ozlari aynan shu yerda savdo qilinadi. Fond birjalari haqida dastlabki qonun 1934-yilda qabul qilingan hamda bu bo`yicha Komissiya tuzilgan va unga 1936-1938-yillarda (Meloni akti) bir qancha o`zgartirishlar kiritilgan[3]. Keyinchalik, 1970-yillarda esa ushbu sohada islohotlar o`tkazila boshlandi, natijada qimmatbaho qo`g`ozlarning yagona milliy bozori tashkil etildi. Davlat organlari, jumladan moliya vazirligi, veksellar, o`rta va uzoq muddatli obligatsiyalar chiqarish orqali fond bozorlariga ta`sir o`tkazadi, chunki ular boshqa korporatsiyalarga nisbatan raqobatga chidamliroq hisoblanadi (odatda davlat obligatsiyalari riski deyarli nolga teng). Moliyaviy operatsiyalar markazi Nyu-York shahrida joylashgan Nyu-York fond birjasi (NYSE) hisoblanadi, AQSH qimmatbaho qog`ozlar birjasi (ASE) ham Nyu-Yorkda joylashgan. Hajmi jihatidan ikkinchi o`rinda savdo zaliga ega bo`lmagan NASDAQ elektron fond birjasi turadi. Bulardan tashqari AQSH da 8 ta regional fond birjalari faoliyat yuritmoqda: Chikago, Filodelfiya, Tinch okeani birjasi, Kaliforniya, Boston va boshqalar. Moliya tizimi, fond birjalari va bozorlari faoliyatini boshqarish maqsadida bir qancha nazorat organlari (7 ta asosiy organ mavjud, ulardan 4 tasi federal) tashkil qilingan: Fond Dillerlari Milliy Assotsiatsiyasi, Qimmatbaho qog`oz egalari himoyasi bo`yicha korporatsiya, Munisipial qimmatbaho qog`ozlar bo`yicha Kengash shular jumlasidandir 2008-yilgi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi vujudga kelishida AQSH moliya tizimining hissasi ancha yuqori ekanligini aytib o`tish joizdir. Chunki 1933-yilda qabul qilingan Glas-Stigl aktiga ko`ra, AQSH banklari investitsion va tijorat banklariga ajratilgan edi. 1999-yilda bu aktning bekor qilinishi (amalda bu jarayon 80-yillardan boshlangan) yuqoridagi banklar faoliyatini aralashtirib yubordi[5]: Uol-strit (Wall-Street) investitsion banklari tijorat banklari depozitlarini investitsiya qila boshladi. Natijada deyarli hamma mablag` muomalaga jalb qilindi. Ipoteka kreditlarida boshlangan inqiroz banklar depozitida mavjud pulning juda kamligi uchun tezda tarqalib, nafaqat AQSH, balki butun jahon iqtisodining katta yo`qotishlariga sabab bo`ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |