Aholi istiqomat joylari va istirohat bog’larida sayr-sayohatlar
O’zbekiston mustaqilligi tufayli turli sohalarda tub islohatlar o’tkazilishi natijasida shaxsiy uylar, jamoat hamda davlat idoralarining binolarini qurishda jadal suratlar amalga oshirilmoqda. Natijada yirik shaharlar, viloyatlar hamda tumanlarning markazlari, shuningdek qo’rg’onlarda. (poselka) ham baland qavatli binolar, keng va koshona hovli uylari ko’paydi. Aholi istiqomat joylarining deyarli barcha hududlarida savdo do’konlari, bozorlar, madaniy hamda sog’lomlashtirish markazlari yangidan ish boshladi. Bu holatlar kun sayin rivoj topib, aholining soni ham o’smoqda.
Ko’p qavatli uylar, mahalla hovlilarida yashovchi oilalarning turmush madaniyati ancha o’sdi. Ma’naviy va jismoniy barkamollikning ijtimoiy-tarbiyaviy sharoitlari kishilar ongiga chuqur singib bormoqda.
Bayramlar, sayl-hayitlar, dam olish kunlarida aholining ko’pchilik qismi teatrlar, san’at saroylari, tsirk, muzeylarga sayr qilishni tobora kengaytirmoqda. Sport ishqibozlari oila bo’lib stadionlar, sport majmualari, suv havzalariga borib musobaqalarni tomosha qilishga odatlanmoqda. Ular orasida yosh bolalarni sayr-tomoshalarga olib chiqish eng ustuvor madaniy-tarbiyaviy jarayonga aylanmoqda. Bunday tadbirlarni uyushtirishda mahalla faollari, xotin-qizlar kengashlari muhim rol o’ynamoqda.
Aholi istiqomat joylarida rejali ravishda va tashabbuskorlik bilan xayriya jamg’armalari (yaxshi ta’minlangan shaxslar hisobidan), tarixiy- madaniy shaharlar va xorij mamlakatlariga (haj safari, tomosha, savdo, tadbirkorlik va h.k.) sayr uyushtirish yaxshi yo’lga qo’yilgan. Bunda diniy idoralar, O’zbekturizm milliy kompaniyasi, Xalqaro ekosan-tur jamiyati, Yoshlar ijtimoiy harakati «Kamolot» xayriya jamiyati, tashkilotlardagi kasab uyushmalarining amaliy faoliyatlari e’tiborga sazovordir.
Qariyalarni qadrlash va xotira kuni (9 may), Navro’z bayrami, mustaqillik kuni bayrami, Kasb-hunar kuni bayramlari, Ramazon va qurbon hayit kunlari mahallalarda katta ommaviy tadbirlar o’tkazilib, barcha kishilarning sayr-tomoshalarga chiqishi maqsadli yo’lga qo’yilmoqda.
Hozirgi ijtimoiy-madaniy va tarbiyaviy jarayonlaming taraqqiyoti faqat shaharlardagina emas, hatto katta qishloqlar, qo’rg’onlarda ham istirohat va ko’ngil ochish bog’lari tashkil qilinmoqda. Ularda asosan bolalar uchun o’yin maydonlari, turli atraktsion vositalari joylashtirilib, qiziqarli, mazmunli tadbirlar olib borilmoqda.
Ota-onalar, keksa kishilarning dam olishi, hordiq chiqarishi va turii o’yin tomoshalarni ko’rishi uchun barcha sharoitlar tashkil etilmoqda. Shu sababdan ba’zi oila a’zolari (bobo, buvi, ota-ona, katta- kichik bolalar, kelin-kuyovlar, yaqin qarindoshlar) birgalashib bunday bog’larda dam olishga odatlanmoqda. Ayniqsa choyxonalar, oshxonalar, turli ichimliklar, mevalar, shirinliklar, o’yingohlar bilan savdo qiluvchi do’konlarning, rastalarning ko’payishi dam oluvchilar va bolalarning zavqini oshirmoqda. Shunga bo’lsa kerak, tomoshabinlar soni ko’payib, bog’larda xizmat qiluvchilarning ish faoliyati yaxshilanmoqda.
Otlar, aravalar, velosipedlar va boshqa texnik vositalarga (karusellar) o’tirib sayr-tomosha qilish bolalar, yosh ota-onalarga manzur bo’lmoqda.
Istirohat bog’lari ichidagi sun’iy ko’llar, suv omborlarida eshkak eshib sayr qilishga yoshlar, bolalarning qiziqishlari g’oyat kuchlidir.
Xulosa shundaki, aholi istiqomat joylari (mahallalar, ko’p qavatli mavzelar) va istirohat bog’laridagi madaniy tadbirlar odamlarning ma’naviy boyligi va jismoniy barkamolligini tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababdan barcha turdagi oliy o’quv yurtlarining talabalari bunday tadbirlarning tashkiliy yo’nalishlari, tadbirlarning turlari, mazmun va mohiyatlarini ilmiy-nazariy jihatdan o’rganishlari hamda tahlil qilib, ijobiy xulosalar chiqarishlari lozim.
O’zDJTI va joylardagi jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat fakultetlarining talabalari o’quv va o’quv amaliyotlari (tashkiliy- pedagogik amaliyot) jarayonida aholi istiqomat joylaridagi ommaviy tadbirlarda bevosita ishtirok etib tajribalar orttirishi lozim. Shuningdek istirohat bog’lari, madaniy va xotira maydonlarida o’tkazilayotgan sayr- tomoshalar, bayramlar va boshqa tadbirlarning maqsad va vazifalari, tashkilotchilaming faoliyatlari bilan izchil tanishib borishlari maqsadga muvofiq bo’ladi.
Xulosa qilib aytganda, aholi o’rtasida, ayniqsa ta’Iim-tarbiya tizimidagi muassasalarda turizmni tashkil qilish zamonaviy tus olib, xalqaro turizmning mazmuni singib bormoqda. Bu yo’lda Respublika Prezidenti va hukumati bevosita g’amxo’rlik qilishi muhim ahamiyatga egadir.
O’zbekturizm Milliy kompaniyasi, Xalqaro ekosan jamiyati, madaniyat va sport ishlari vazirligi, ta’lim-tarbiya muassasalariga ega bo’lgan vazirliklar, xayriya jamiyatlari, diniy idoralarning amaliy faoliyatlari tobora keng rivoj topmoqda.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, «Turizm to’g’risida»gi qonun va turizmni rivojlantirishga qaratilgan hukumat qarorlari asosida turizmni o’qitish, «Alpomish» va «Barchinoy» maxsus testlari tarkibidagi turizm talablarini bajarishga doir tashkiliy, amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Kasbiy-amaliy jismoniy tayyorgarlik mashg’ulotlarida sayohatlardan foydalanishda yangi tajribalar yuzaga kelmoqda. Bunda jismoniy tarbiya fakultetlari, bo’limlari, tarbiyachi-o’qituvchi tayyorlaydigan fakultetlar va pedagogik kollejlar oldiga yangi vazifalar yuklanmoqda.
Sayr-sayohatlarni aholining barcha qatlamlari va toifalariga yanada chuqurroq va kengroq singdirishda amalga oshiriladigan muammolar hali oldinda.
Do'stlaringiz bilan baham: |